Uyqusizlik kichkintoylarda immunitet pasayishiga olib kelishi mumkin
Inson ulg‘aygani sari uyqu soatlari kamayib boradi. Go‘daklar bir kecha-kunduzning uchdan ikki qismini uyqu bilan o‘tkazsa, keksalarda esa 7 soat uyqu yetarli hisoblanadi.
Chaqaloqlarning xotirjam uxlamasligiga ko‘pgina salbiy omillar sabab bo‘lishi mumkin. Noto‘g‘ri ovqatlanish, qorindagi sanchiqlar, gripp,O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar bilan og‘rish yoki boshqa xastaliklarga chalinish, shuningdek, haddan ziyod injiqlik qilish ham ular uyqusini yomonlashishiga olib keladi. Farzandining to‘yib uxlamasligi ota-onalarning kayfiyatiga ham salbiy ta’sir etadi. Kun davomida kichkintoy injiqlanib, xarxasha qilsa, uning ishtahasi yo‘qoladi. Natijada mittivoyni ovutish ancha qiyin kechadi. Maktab yoshidagi bolalarda esa to‘yib uxlamaslik natijasida surunkali toliqish kuzatiladi. Ularda darslarni o‘zlashtirish va diqqatni jamlash qiyin kechadi. To‘yib uxlamaslik oqibatida miyaning faolligi susayadi. Bu salbiy holat esa bosh og‘rig‘i, immunitetning pasayishi xotiraning susayishi, behollikka olib keladi.
Kattalar uchun tavsiya etilgan vaqt yetti soatdan to‘qqiz soatgacha bo‘lsa, bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishlari uchun yanada ko‘proq uyqu talab etiladi. Ko‘pincha yosh bolalarni qanchalik uyquga muhtojligini bilish qiyin.Ota-onalar esa farzandlarining bir kecha-kunduz davomida qancha vaqt uxlashi kerakligini bilishlari lozim.
Londondagi Millpond bolalar uyqu klinikasi ularning uyqu vaqtlari bo‘yicha quyidagilarni tavsiya qiladi:
- 2 yoshli bolalar uchun 13 soat.Bu vaqtning 1,5 soatini ular kunduzi uxlab o‘tkazishi kerak.
- 3 yoshli bolalar uchun 11-12 soat. Qolaversa, bu yoshdagi kichkintoylar tushlikda 45 daqiqa mizg‘ib olishlari shart.
- 4 yoshli bolalar esa yo‘riqnomaga ko‘ra kunduzi mizg‘ib olishlari shart emas, ammo, kechki uyqu 11 soatu 30 daqiqa bo‘lishi lozim.
- 5 yoshli bolalarga 11 soatlik uyqu kifoya.
- 6 yoshda esa bu fiziologik jarayon 10 soat 45 daqiqani tashkil etadi.
- 7-10 yoshda uyquning umumiy hisobi 10 soat 30 daqiqa davom etishi darkor.
- 10-12 yoshgacha uyqu 10 soatu 30 daqiqani tashkil etadi.
- 13-16 yosh, ya’ni o‘smirlik davri uchun 9 soat 15 daqiqadan 10 soatgacha tiniqib uxlash tavsiya etiladi.
- 17 yoshdagi bolalar uchun esa 8 soatdan 10 soatgacha uxlash zarurligi ta’kidlandi.
Kichkintoylarning tiniqib uxlashlari uchun kechki ovqatdan keyin ularni sayr qildirish va iliq vannada cho‘miltirish ham yaxshi samara beradi. Ular yotog‘ining harorati me’yorda bo‘lishi, uyquning yaxshi bo‘lishini ta’minlaydi. Bundan tashqari bolalarning yotog‘i o‘ta yumshoq yoki qattiq bo‘lishi ham uyquning normal bo‘lmasligiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, farzandingiz uxlashidan oldin ularga qiziqarli ertak va hikoyalar aytishga harakat qiling. Bu bilan siz dilbandingiz xotirasini yaxshi rivojlanishiga, uning to‘yib uxlashiga zamin yaratasiz.
Rayhyoon SULTONOVA,
Karmana tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi