Xavfsiz o‘smalar

ularni o‘z vaqtida davolash zarur

Gemangioma qon tomirlarining xavfsiz o‘smalaridan biri. Bolalarning badanida bu kabi o‘smaning aniqlanishi vahimaga asos bo‘lmaydi. Ammo uning rivojlanishi oqibatida organizmga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin.

Aksariyat hollarda tananing ma’lum bir qismida paydo bo‘lgan patologik jarayonga mushak, asab to‘qimalari, teri ostining yog‘ qatlami, jigarning hujayralari ham jalb etiladi. Bunday o‘smalar odatda yosh bolalarda, ayniqsa, go‘daklik chog‘ida tez-tez uchraydi. Ba’zi bir holatlarda gemangioma tug‘ma bo‘ladi. Yirik gemangiomalar paydo bo‘lsa, ular sababli organizmda tromblar hosil bo‘lishi mumkin.

Statistik ma’lumotlarga qaraganda, 2-12 foiz yangi tug‘ilgan go‘daklarda gemangioma aniqlanadi. Bu turdagi o‘smalar 7:1 nisbatda qiz bolalarda ko‘proq uchraydi. 80 foiz holatlarda gemangioma tananing bir sohasida paydo bo‘ladi. 20 foiz holatlarda xavfsiz o‘sma tananing bir qancha joyida uchrashishi mumkin.

Gemangioma bor-yo‘qligini qanday bilish mumkin?

Aksariyat hollarda gemangioma teri qatlamini qamrab oladi va asosan, yuz yoki bo‘yin sohalarida uchraydi. Bunday holatlarda kapillyarlar o‘smasi haqida so‘z yuritiladi. Xol, nor, dog‘, och pushti yoki qizil rangli bu xil o‘smalar yaxshi ko‘rinadigan, ya’ni yuzada joylashgan bo‘ladi. Odatda bu o‘smalar og‘riq bermaydi. Ba’zi bir holatlarda gemangioma teri sathining ichki qismida, chuqur joylashadi. Bunday vaziyatlarda xavfsiz o‘smaning borligini xuddi shikastlanishdan so‘ng hosil bo‘ladigan ko‘kimtir rangli dog‘dan aniqlash mumkin. Mutaxassislarning e’tirof etishicha, ba’zida gemangiomalarni xol va kandillomalar(so‘gal)dan farqlash qiyin kechadi. Xavfsiz o‘smalar uchun xarakterli bo‘lgan xususiyat shuki, ular faollik fazasida juda tez kattalashib boradi. Boshqa xildagi o‘smalardan farqli o‘laroq, gemangiomalar xavfli o‘simtalarga aylanmaydi. Xavfsiz o‘smalar 2-4 haftada bir marotaba o‘sadi, 2-6 oyda o‘sishdan to‘xtaydi, 6-12 oyda qaytadan kichiklashib boradi.

Gemangioma tananing ichki a’zolarida uchrasa bu klinik jihatdan og‘ir holat hisoblanadi. Bunday turdagi xavfsiz o‘smalar jumlasiga jigar, mushak, suyak qon to‘qimalarining kengayib ketishini kiritish mumkin. Bu xildagi gemangiomalar yillar davomida rivojlanib boradi va tasodifan tibbiy ko‘rikdan o‘tish chog‘ida aniqlanadi.

O‘sma qayerdan paydo bo‘ladi?

Bu masalada aniq bir fikr yo‘q. Mutaxassislar turlicha fikr bildirishadi. Ba’zilar gemangiomaning paydo bo‘lishi ko‘p jihatdan nasliy xususiyat kasb etadi deyishsa, boshqalar o‘sma turli xil kasalliklar bilan birga uchraydi, yana tashqi omillar ta’siriga bog‘liq, masalan, uzoq vaqt davomida quyosh nuri ostida toblanish sabab bo‘ladi degan taxminlar ham mavjud. Gemangioma tug‘ma bo‘lishi, shuningdek, keyinchalik katta yoshli odamlarda ham paydo bo‘lishi mumkin.

Yana o‘qing:  Revmatizm (bod) xurujida

Yosh bolalarda paydo bo‘ladigan o‘sma rivojlanish jarayonida ikkita xavfli davr bor: 2-4 va 6-8 oyligida gemangioma tez o‘sishga moyil bo‘ladi. Bola bir yoshga to‘lgach, o‘simta rivojlanishdan to‘xtaydi.

Chaqaloq va kichik yoshli bolalarda xavf­siz o‘smani o‘z vaqtida aniqlash uchun ota-onalarga quyidagi to‘rt alomatga jiddiy e’tibor qaratish tavsiya etiladi: jarayonning ilk bosqichida yangi tug‘ilgan chaqaloqning tanasi, aksariyat hollarda bolaning yuzida, tirnalish iziga o‘xshash och qizg‘ish rangli dog‘ paydo bo‘ladi. Ko‘pincha ota-onalar bunga ahamiyat bermaydilar.

«qizg‘ish rangli dog‘ paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab ikkinchi kundan dog‘ning rangi o‘zgaradi (u yanada qizilroq bo‘la boshlaydi). Odatda ota-onalar bu alomatga jiddiy e’tibor berishmaydi va o‘z bilganicha davolashga harakat qiladi.

«Kun sayin qizg‘ish rangli dog‘ kattalashib boradi.

«Tanadagi dog‘ atrofida pushti rangli halqa paydo bo‘lsa, bu xavfli alomat hisoblanadi. Bu degan so‘z gemangioma ichkariga tomon o‘sishni boshlagan. Garchi shunday hol yuz bersa, o‘simta teri osti qatlamlarini, shu yerda joylashgan a’zolarni shikastlashi mumkin.

Gemangioma qanday davolanadi?

Xavfsiz o‘smaning bu turi rivojlanishning to‘liq siklini bosib o‘tadi, ya’ni o‘smaning paydo bo‘lish, rivojlanish va nihoyat, o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketish davri farqlanadi. Gap shundaki, gemangiomaning yo‘q bo‘lib ketish davri juda uzoq vaqtgacha cho‘zilishi mumkin. Bordiyu, odam tanasida paydo bo‘lgan xavfsiz o‘sma o‘sishi davomida og‘riq berib normal hayot kechirishga xalaqit bersa, yoxud kosmetik jihatdan juda noqulay nuqson sifatida namoyon bo‘lsa, u holda uni davolash (jarrohlik yo‘li bilan olib tashlash) haqida o‘ylab ko‘rish lozim.

Bugungi kunda gemangioma kabi o‘smalarni yo‘qotishning juda samarali va og‘riqsiz usullari topilgan. Jumladan, gemangiomani sklerozirlash mumkin. Bu usuldan foydalanilganda gemangiomaning to‘qimasiga prednizolon deb nomlanadigan maxsus dori vositasi yuboriladi. Bu dorining ta’siri ostida zararlangan qon tomirlari yo‘li bekiladi va shu tariqa xavfsiz o‘smaning rivojlanishiga to‘siq qo‘yiladi. Ushbu tibbiy muolajadan keyin uncha katta bo‘lmagan shish paydo bo‘ladi. Bir necha hafta davomida shish yo‘qolib ketadi. Sklerozirlash usuli gemangioma to‘qimalarga ancha chuqur kirib borgan vaqtida qo‘llaniladi. Ko‘p hollarda ushbu usul lazer terapiyasi bilan birgalikda ishlatiladi. Gemangiomani davolashning yana bir uslubi muz yordamida mahalliy ta’sir ko‘rsatish (kriodestruksiya) hisoblanadi. Buning uchun tananing shikastlangan sohasiga azot bilan mahalliy ta’sir ko‘rsatiladi. Shunday qilinsa, gemangioma nobud bo‘ladi. Davolanish muolajasidan keyin ta’sir ko‘rsatilgan joyda qavariq (pufak) paydo bo‘ladi. Unga aslo tegib bo‘lmaydi. Ma’lum vaqt o‘tganidan so‘ng qavariq o‘z-o‘zidan yoriladi. Jarohat o‘rni bitishga boshlaydi. Zaruriyat bo‘lsa davolovchi shifokor surtmalar buyuradi. Kriodestruksiya usuli hamma vaqt ham qo‘llanilmaydi.

Yana o‘qing:  Ta’m sezishning pasayishi vazn ortishiga sabab bo‘ladi

O‘sma hayot uchun muhim bo‘lgan a’zolar (jinsiy a’zo, boshdagi liqildoq, ko‘z, burun, og‘iz) yaqinida joylashgan bo‘lsagina muz yordamida mahalliy ta’sir ko‘rsatish tavsiya etiladi. Xavfsiz o‘smani jarrohlik yo‘li bilan yo‘qotishning eng samarali usullaridan biri bu shikastlangan qon tomirlarini lazer nuri yordamida olib tashlash (koagulyasiya) hisoblanadi. Ushbu uslub yordamida jarrohlik opreatsiyasi bajarilganida kasallikning qaytalanish ehtimoli minimal darajagacha kamayadi, tanada hech qanday chandiqlar qolmaydi. Bunday davo uslubidan foydalanish haqida dermatolog xulosa chiqaradi. Uslubdan foydalanilganidan keyin ikki-uch haftagacha shish saqlanib qolishi mumkin. Koagulyasiya gemangioma teri ostiga 2 millimetrgacha o‘sib ulgurgan bo‘lsagina tavsiya etiladi.

O‘sma nimasi bilan xavfli?

Aksariyat hollarda gemangiomalar odam hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirmaydi. Bunday o‘smalar xavfli o‘smalardan farqli o‘laroq metastaz bermaydi(boshqa a’zolarga o‘sib kirmaydi) va hujayralar darajasidagi xotiraga shikast yetkazmaydi. Sihat-salomatlik uchun gemangiomalarning oqibatlari yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Xavfsiz o‘smalarning salbiy ta’sirini quyidagicha ta’riflasa bo‘ladi:

– Nozik yerda joylashgan o‘smalar juda kattalashib ketsa turli a’zolarning funk­sional faoliyatini izdan chiqarishi mumkin. Bunday noxush oqibatlar, ayniqsa, yangi tug‘ilgan go‘daklarda uchraydi. Ularda gemangioma ta’siri ostida nafas olish qiyinlashib qoladi, ko‘rish, eshitish, hid bilish layoqati shikastlanishi ehtimoli paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, xavfsiz o‘smalar yirik qon tomirlari yoki arteriyalar oldida ustida joylashgan bo‘lsa, qon aylanish tizimini izdan chiqaradi, shuningdek, qon tomirlarining elastikligiga salbiy ta’sir qiladi.

– Teri ustida joylashgan gemangiomalarni bexosdan tirnab yuborish mumkin. Bunday hol yuz bersa yaraga infeksiyalar tushadi. Qandli diabet kasalligi bor bemorlarda xavfsiz o‘smalar infeksiyalanish sababli yara hosil qilgach uzoq vaqtgacha bitmasligi mumkin.

– Gemangiomalar qonning ivishiga yomon ta’sir qiladi. Katta hajmdagi gemangiomalar mavjudligida organizm ularni anomaliya sifatida qabul qilib o‘zini himoyalash maqsadida «jarohatlangan hudud»ga ko‘p miqdorda trombotsitlarni jo‘natadi. Trombotsitlarning ko‘p miqdorda uzluksiz ravishda sarflanishi oqibatida qon tarkibida trombotsitlar yetishmay qoladi (trombotsitopeniya). Buning xavfli tomoni shundaki, chindan ham qonning ivishi zarur bo‘lsa, organizm bunday xususiyatini to‘liq namoyon etolmay qoladi.

– Organizm uchun o‘ta xavfli holat bu ichki a’zolardagi, masalan, jigardagi gemangiomaning yorilib ketishi hisoblanadi. Bunda ichki qon quyilishi yuz beradi. Vaziyatni o‘nglash uchun zudlik bilan jarrohlik yordami ko‘rsatilishi kerak. Ba’zi holatlarda ichki o‘smalar turli omillar ta’sirida o‘z-o‘zidan yorilishi va ichki qon ketishiga olib kelishi ham mumkin.

Yana o‘qing:  Teri saratoni: cababi, turlari va davolash

Xavfsiz o‘smani davolash xususida shifokorga murojaat qilgan chog‘ingizda organizmdagi barcha o‘zgarishlar, his etilayotgan holatlar, klinik alomatlar haqida batafsil so‘zlab bering. O‘sma qachon paydo bo‘ldi, qanday shart-sharoitlarda uni aniqlashga muvaffaq bo‘ldingiz, u qancha vaqt davomida rivojlanmoqda, tanada yana boshqa shu kabi o‘smalar bormi yoki yo‘qmi, bu kabi savollarga beriladigan mufassal javob tashxis qo‘yishga va to‘g‘ri muolajalar belgilashga yordam qiladi.

Halima Rustamova tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: