Yorug‘ kunlar sururi
Saksoninchi yillarning boshlari edi. Aniq esimda yo‘q, to‘qqizinchi yo sakkizinchi sinfda o‘qirdik. Kech kuz payti. Havo sovuq. Diydirabgina paxta paykallarida ivirsib yuribmiz.
Unda-munda qolgan ko‘sak-ko‘raklarni chivib etagimizga solamiz. Boshqa iloj yo‘q, kechqurungacha belgilangan «norma»ni bajarishimiz shart. Lekin bolalik – bolalik-da. Goh u – goh bu o‘yinga ovunib qolamiz.
– Kelinglar kurash tushamiz, – deb qoldi abjir sinfdoshlardan biri.
Bu taklif tinka quritar terim joniga tekkan bolalarning barchasiga ma’qul tushdi. Qolaversa, xuddi ertak qahramonlaridek kuchli, baquvvat bo‘lish, maydonlarda bellashib polvon nomini olish hamma o‘g‘il bolalarning orzusi edi.
Xullas, qiy-chuv bilan eniyu bo‘yi o‘n qadamdan iborat bo‘lgan joyni g‘o‘zalardan tozalab maydoncha hozirladik. Maydoncha tevaragiga davra bo‘lib tizildik. Hammada ishtiyoq baland. Qonlar qizib, ko‘zlarda o‘t chaqnab turibdi.
Shu payt yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, bilmadik, naq ro‘paramizda brigadir paydo bo‘ldi. Yonida, hoynahoy, rayon amaldorlaridan bo‘lsa kerak, allaqanday po‘rim kishi.
– Nima qilyapsanlar, ahmoqlar, – deb o‘shqirdi brigadir, rang-quti o‘chib. – Nega g‘o‘zalarni yulib tashladilaring?!
– Darhol o‘qituvchini toptiring, – deb po‘ng‘illadi haligi po‘rim nusxa.
Sinfboshimiz brigadirning o‘dag‘aylashlari ostida bizga bosh-qosh o‘qituvchini topib kelish uchun chopqillab ketdi. Biz hangu mang qotib qolgandik.
– Bular davlat dushmani, – dedi o‘sha amaldor brigadirga g‘azab bilan qarab.
Biz hali-hanuz aybimiz neligini tuzukroq anglayolmasdik. Allaqachon paxtasi terilib, ship-shiydam bo‘lib qolgan g‘o‘zalarni yulish shu qadar katta jinoyat ekanligini sira tasavvur qilolmasdik.
Xullas, andak qiziqish, andak zerikish bilan boshlangan sho‘xligimiz o‘sha kuni katta fojeaga aylanib ketdi. Biz hammamiz tushuntirish xati yozdik, ikki oylik ish haqidan mosuvo bo‘ldik. O‘qituvchimiz bizni, maktabni jonidan ortiq ko‘radigan tarix muallimimiz ishdan haydaldi.
Albatta, bugungi yoshlarga, mustaqillik ma’naviyati ong-shuurini tongdek tozalagan avlodga o‘sha davrning ayanchli voqealari g‘ussali bir ertakdek tuyuladi. Aytsangiz, hatto ishonishmasligi mumkin. Lekin bu haqiqat. Achchiq haqiqat. Zero, davlat manfaati har qanday inson manfaatidan ustun qo‘yilgan, xalq orzu-istaklari, huquqlari poymol qilingan va buning barchasi chiroyli shiorlaru balandparvoz hayqiriqlar ortiga yashirilgan mustabid tuzumdan boshqa hech narsa kutib ham bo‘lmasdi. Bu haqda muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida shunday yozadi:
«Uzoqqa bormasdan, xalqimiz o‘z boshidan kechirgan mustamlaka davrini bir ko‘z oldimizga keltiraylik. Qariyb 150 yil davom etgan, tariximizning tom ma’noda qora kunlari bo‘lmish o‘sha zamonda bir paytlar o‘zining qudratli davlatchiligi, buyuk farzandlari, yuksak ilmu madaniyati, obod shahar va qishloqlari bilan dunyoni hayratga qoldirgan el-yurtimiz qanday og‘ir mashaqqatlarga duchor bo‘lganini yaxshi bilamiz. Xalqimiz juda katta ham ma’naviy, ham moddiy talafot ko‘rgan edi…»
Ha, Istiqlolgina xalqimizning asrlar davomida toptalgan, ho‘rlangan qadr-qimmatini tog‘dek tikladi. Mustaqillikning ilk kunlaridanoq xalq manfaati, Vatan taraqqiyoti bosh maqsadimizga aylandi va bu borada Yurtboshimizning bevosita rahnamoligi ostida porloq kelajak ko‘zlangan, poydevori pishiq-puxta rejalar, dasturlar ishlab chiqildi. Xususan, millatni, ayniqsa, yosh avlodni sog‘lomlashtirishga, uni barkamol qilib voyaga yetkazishga qaratilgan loyihalar, farmon va qarorlar fikrimizning yaqqol dalilidir. Ana shunday oqilona sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekistonda insonning farovon va munosib hayot kechirish uchun g‘amho‘rlik, e’zoz-e’tibor har tomonlama kuchaytirildi, ta’lim-tarbiya tizimi butkul yangilandi, sportga, ayniqsa, bolalar sportiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada g‘oyat ulug‘vor, keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqdaki, buni yurtimizning har bir shahar va qishloqlarida bemalol ko‘rishimiz mumkin.
Men kuni kecha respublikamizning chekka tumanlaridan biri G‘uzorga xizmat safari bilan bordim. Tumandagi Chanoq qishlog‘ida olib borilayotgan avjli-mavjli bunyodkorlik ishlarini ko‘rib ko‘nglim yayradi, ko‘zim quvondi. Aytib o‘tishim kerakki, men yuqorida tilga olib o‘tgan bolalikdagi ayanchli voqea aynan shu yerda sodir bo‘lgan edi. Qarangki, bir paytlar qishloqning naq biqinigacha bostirib kelgan paxta paykali o‘rnida ulkan, muhtasham bolalar sport majmuasi qad rostlabdi! Bizning bolalik armonlarimiz ushalibdi!
Shu kunga qadar bu sport saroyi qishloq yoshlarining eng sevimli maskaniga aylanib ulgurdi. Majmuada 9 xil sport seksiyalari, jumladan, kurash, voleybol, stol tennisi kabi to‘garaklar faoliyat yuritib turibdi. Lekin bu hammasi emas.
Chanoq qishlog‘i bugungi kunda mo‘jazgina sport shaharchasiga aylangan, deb bemalol aytishimiz mumkin. Bu yerda yettita futbol maydoni, bitta yopiq suv havzasi, ellik o‘rinli sportchilar mehmonxonasi, bitta sun’iy qoplamali yashil maydon bunyod etilgan.
Albatta, yurtimizda barpo etilayotgan muhtasham sport majmualari, shunchaki hasham va joziba uchun emas. Ular sport va jismoniy tarbiyaga oshufta murg‘ak o‘g‘il-qizlar bilan hamisha gavjum. Qaynoq qalbli bu yoshlar o‘qishdan bo‘sh paytlari turli to‘garak va seksiyalarda qizg‘in shug‘ullanishadi. Sport mashg‘ulotlariga, ayniqsa, xotin-qizlar ko‘proq jalb etilayotgani diqqatga sazovordir. Ular nafaqat o‘z salomatliklarini tiklashayapti, balki nufuzli musabaqalarda mahorat va jasorat ko‘rsatib nufuzli sovrinlarni qo‘lga kirishyapti. Shu o‘rinda, ko‘p bora Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Dilfuza Abdirahimova, Sohiba Eshtemirova, Dinora Donayeva kabi sambochi qizlarni, Sevara Qobilova, Luiza G‘aniyeva singari badiiy gimnastika malikalarini tilga olib o‘tish mumkin. Qolaversa, ayollar orasidan malakali, jonkuyar sport murabbiylari yetishib chiqmoqdaki, ularning aksariyati qishloq va ovullarda faoliyat ko‘rsatib qishloq qizlarini keng ko‘lamda sportga, jismoniy tarbiyaga jalb etishga ko‘maklashmoqdalar.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda sport, sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning ulkan natijasini bugun jahon ahli ko‘rib-kuzatib, samimiy e’tirof etib turibdi. Zero, bir nechta turlari bo‘yicha dunyo arenalarini larzaga keltirgan Rustam Qosimjonov, Muhammadqodir Abdullayev, Artur Taymazov, Rishod Sobirov kabi sportchilarimizni kim ham bilmaydi, deysiz?! Ko‘p uzoqqa bormay, kuni kecha Turkiya yashil maydonlarida o‘tgan futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida yer sharining sakkizta eng kuchli jamoalaridan biri sifatida tan olingan futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining zafarli yurishini eslab o‘tishning o‘zi ham kifoya emasmi?! Albatta, bunday faxrli misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin. Shuningdek, ilmu ma’rifat, san’at borasida qo‘lga kiritayotgan yutuqlarimiz ham dunyo jamoatchiligining, eng nufuzli xalqaro tashkilotlarning e’tiborini o‘ziga qaratib kelmoqda. Shu o‘rinda fursatdan foydalanib ilk tub islohotlar maorif-ma’rifat, ta’lim-tarbiya sohasida olib borilganini ta’kidlashni istardim. Bu bejiz emas, albatta. Har qanday davlatning istiqbolini uning ta’lim-tarbiyaga bo‘lgan munosabati belgilaydi. Ammo afsus bilan qayd etib o‘tish kerakki, bu sohada ham ma’muriy-siyosiy buyruqbozlik, mafkuraviy qaramlik, loqaydlik kabi sobiq tuzumning eng noma’qul illatlari bizga meros bo‘lib qolgan edi. Bu qusurlar, xato va kamchiliklar ta’lim-tarbiya sohasida ham tub islohotlar o‘tkazish zarurati mavjudligidan darak berardi. Amalda ham shunday bo‘ldi. Pedagog olimlarimiz, yetuk mutaxassislar Yurtboshimiz rahnamoligida keng islohotlarga, ulkan bunyodkorlik ishlariga bel bog‘lashdi. Istiqlolning ilk yillaridayoq qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi ushbu xayrli sa’y-harakatlarning debochasi bo‘ldi va bu borada olib boriladigan amaliy faoliyatning qonuniy, huquqiy asoslarini yaratib berdi. Qisqa muddat ichida mamlakatimizda bir-biridan go‘zal, muhtasham, barcha shart-sharoitlarga ega, eng ilg‘or o‘quv anjomlari bilan jihozlangan, zamonaviy ta’lim dargohlari – maktablar, litsey va kollejlar, institut va universitetlar qad rostladi. Ular ming-minglab o‘g‘il-qizlarni o‘z bag‘irlariga oldi. Eng muhimi, ilg‘or mamlakatlarning ilg‘or tajribalari izchil o‘rganilib, milliy, tarixiy qadriyatlarimizga mustahkam tayanilib olib borilgan katta ilmiy-nazariy izlanishlar natijasida O‘zbekistonning mustaqil ta’lim tizimi yaratildi! Bu tizimning o‘ziga xosligi, eng avvalo, bir jihatdan yaqqol ko‘zga tashlanadi: unda ta’lim tarbiyadan, tarbiya ta’limdan ajratib qo‘yilgan emas. Ular bir-birini to‘ldirgan holda, tabiiy uyg‘unlik kasb etadi. Bunda, chinakkam milliy hayot mezoni, sharqona falsafa zohir.
O‘tgan yili an’anaviy «Kelajak ovozi» ko‘rik-tanlovining tantanali yakuniy yig‘inida qatnashib qoldim. G‘oliblik shohsupasidan joy olgan o‘n-o‘n besh nafar o‘spirinning ilmda, turli ishlab chiqarish texnologiyalarida qilgan kashfiyotlarini ko‘rib hayratimga hayrat qo‘shildi.
«G‘oliblarni tanlab olish yildan yilga qiyin bo‘lib borayapti, – dedi o‘shanda hakamlar hay’ati a’zolaridan biri. – Chunki yoshlarimiznig zakovati, intilishlari shu qadar kengki, ularning hammasi ham oliy mukofotlarga loyiq.»
Bir so‘z bilan aytganda, istiqlolning pok havosidan nafas olib o‘sib-ulg‘ayayotgan yosh avlod, muhtaram Prezidentimiz ta’kidlagandek, hech kimdan kam emasliklarini mag‘rur va munosib tarzda yetti iqlimga namoyish etishyapti. Shon-sharafga yo‘g‘rilgan bu jajji o‘g‘il-qizlarning ota-bobolari, hikoyamiz avvalida tilga olganimizdek, bolalikning bebaho damlarini paxta paykallarida diydirab o‘tkazganlarini, na sportga na boshqa biror madaniy mashg‘ulotga imkon topisha olmaganlarini har gal eslasak, o‘tmish mashaqqatlaridan saboq olsak, istiqlolning xalqimiz taqdirida naqadar ulkan ahamiyat kasb etganligini teran anglaymiz. Dil-dilimizdan bugungi yorug‘ kunlarga shukronalar aytamiz. Ulug‘ bayramimiz – O‘zbekiston Mustaqilligining 22 yillik tantanalari arafasida ortga boqib, shu qisqa bir davr ichida amalga oshirilgan olamshumul ishlarni shu taxlit bir-bir xayoldan o‘tkazar ekanmiz yuraklar tengsiz surur va g‘ururga to‘ladi. Beixtiyor osmon bilan bo‘ylashib borayotgandek his etasan, o‘zingni. Yorug‘ kelajak tong yulduzidek ko‘z o‘ngingda yanada yorqinroq, yanada jozibaliroq jonlana boshlaydi. Chehralarga hayotdan, zamondoshlardan mamnunlik tuyg‘usi balqib chiqadi. Bu ajib tuyg‘u mangu bo‘lib qolishiga ishonamiz.
Luqmon BO‘RIXON,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi