Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tajriba faoliyati
«Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2010 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida ilgari surilgan edi. Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov o‘z ma’ruzasida «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida» Qonun qabul qilish zarurligi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Bu o‘z navbatida fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini yanada kengroq amalga oshirish imkoniyatini yaratib berishini hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning sifatini oshirish borasidagi mas’uliyatini ham ko‘p jihatdan kuchaytirgan bo‘lur edi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ma’ruzada aytilgan ushbu fikrlar «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasining konseptual asosini tashkil etdi. Hozir ushbu qonun loyihasi hayot talablarini hisobga olgan holda maromiga yetkazish arafasida turibdi. Unda fuqarolarning axborot olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, jamoatchilikni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar haqida xabardor etish tartib-taomillari nazarda tutilmoqda.
2013 yil 20 martda mamlakatimiz Prezidentining Qonun loyihasi sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish to‘g‘risida Farmoyish qabul qilindi. Ushbu yo‘l-yo‘riq O‘zbekistonning huquqiy amaliyotida eng yangi va noyob tajriba uchun asos va imkon yaratib berdi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining huquqiy eksperiment o‘tkazish to‘g‘risidagi Farmoyishining bajarilishi joylarda aholining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari bilan yanada yaqin aloqa o‘rnatishiga ko‘maklashadi.
Hozirda mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarini chuqur demokratik isloh qilish, erkinlashtirish jarayoni amalga oshirilmoqda. Bunday sharoitda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash juda muhim ahamiyat kasb etadi. Hokimiyat barcha shaxslar uchun ochiq bo‘lishi, ular bilan ikki tomonlama aloqa vositalariga ega bo‘lishi, ularning muammolarini bilishi lozim. Ana shundagina biz adolatli demokratik jamiyat qura olamiz, aholining keng qatlamlarini mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar jarayoniga jalb eta olamiz.
Aholining axborotdan erkin foydalana olishi uchun keng imkoniyat yaratmasdan, joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa muammolarni hal etishda xalqning fikrini muntazam hisobga olib bormasdan, chinakam demokratiyani tasavvur etib bo‘lmaydi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini yanada oshirish, kuchli huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurish jarayonida aholi barcha qatlamining mas’uliyati, dahldorligi va to‘laqonli ishtirokini ta’minlash imkoniga to‘liq erish uchun axborotdan erkin foydalanishni ta’minlash kerak.
Bugungi kunda shu masalalarni hal etish maqsadida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasining Buxoro va Samarqand viloyatlari davlat hokimiyati organlari negizida huquqiy eksperimenti o‘tkazilyapti. Ushbu qonun loyihasi prinsiplarini, qoidalarini amaliyotda ishlovdan o‘tkazish bilan bir qatorda uning hokimiyat sub’yektlari va boshqaruv tuzilmalari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga doir normalari samaradorligini baholashga, qonun loyihasining hayotiyligini ta’minlashga qaratilgan.
Bunda huquqiy eksperimentning asosiy vazifalari quyidagilardan, ya’ni:
– qonun loyihasining davlat organlari faoliyatining ochiqligini, oshkoraligini, ulardan ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari keng foydalanishini ta’minlashga qaratilgan normalarining samaradorligini aniqlash;
– qonun loyihasi normalari va qoidalarini takomillashtirish, ularni samarali qo‘llash mexanizmlarini yaratish, shuningdek, qonun ijodkorligi jarayoniga huquqiy eksperiment usullarini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
– davlat organlari rahbarlari o‘zlari qabul qilayotgan qarorlarning, avvalo, bevosita odamlar, jamoatchilik manfaatlariga daxldor masalalar bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlarning mazmun-mohiyatini matbuot anjumanlari, brifinglar o‘tkazish, intervyular berish orqali tushuntirish ishlarida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, usullarini maromiga yetkazishdan iborat.
Sinov jarayonida jurnalistlar kasbiy faoliyati sohasining (kasb odobi kodeksining) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini, mamlakat tashqi va ichki siyosatini yoritishda milliy matbuotning sifatini, samaradorligini muntazam oshirib borishga qaratilgan turli mexanizmlari amaliyotda sinovdan o‘tkaziladi.
Shuningdek, loyihasi normalari amalga oshirilishining davlat boshqaruvi tizimi barqaror faoliyat yuritishiga, bu sohadagi axborot xavfsizligini ta’minlashga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’siri oqibatlari baholanadi.
Shuni e’tirof etish lozimki, respublikamiz huquqiy amaliyotida joriy etilgan ushbu eksperiment birinchi marta o‘tkazilmoqda. Bu usulning qo‘llanilishi mamlakatimizda fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini barcha holatda ro‘yobga chiqarishga yanada keng imkoniyatlar yaratishi barobarida mamlakatimizda qonunchilik nazariyasi bilan bir qatorda huquq amaliyotini yanada takomillashtirish jarayonida yangi qadam bo‘lib, hayotiy qonun ishlab chiqilishida juda katta ahamiyat kasb etadi.
Mavjuda RAJABOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati