Ota kasbin e’zozlagan – elda aziz

Bugun yurtimizning qay bir go‘shasiga bormang, ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlari ustidan chiqasiz. Bunday ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi, dilingiz yayraydi. Beixtiyor, Yaratganga shukronalar aytasiz.

Qoraqalpog‘istonlik Sobir aka Nogmatov ham ana shunday ezgu va xayrli ishlarga hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimizdan.

Qahramonimizning otasi Idris Nogmatov o‘z vaqtida yurtimizda nom chiqargan mohir quruvchilardan bo‘lgan. Onasi Bibigul opa Sobiq Ittifoq davrida kolxozda chigit ekish, g‘o‘za chopiq qilish, yaganalash, xullas, yig‘im-terim tugagunga qadar tinim bilmasdi. Sobir aka oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgani bois, doim onasiga yordam berar, uning og‘irini yengillatishga tirishardi.

Idris aka va Bibigul opa turmush qurganidan so‘ng uzoq yillar farzand ko‘ra olishmadi. Shunday bo‘lsada, ular quvonchli kunlar kelishini sabr bilan kutishdi. Nihoyat o‘n ikki yil deganda to‘ng‘ich o‘g‘il tug‘ildi. Ana shundan keyin bu baxtli oshiyonda yana olti farzand dunyoga keldi va ularning oilasi To‘rtko‘l tumanidagi eng baxtli oilalardan biriga aylandi.

Sobir aka ulg‘ayib, ota kasbini tanladi. Maktabni a’lo baholarga tugatgach, Toshkent davlat politexnika universitetining qurilish fakultetiga o‘qishga kirdi. Bu quvonchli voqea Nogmatovlar xonadonida chinakam bayramga aylandi. O‘shanda talaba bo‘lib, uyiga qaytgan o‘g‘lini otasi Idris aka yoniga chorlab, bu kasbning mashaqqati va o‘ziga yarasha zavqli tomonlari haqida so‘zlab, unga faqat halol rizq topishi kerakligini uqtirdi. Shuningdek, bu sohaning nihoyatda nozik ekanligi, quruvchining birgina e’tiborsizligi tufayli talay ko‘ngilsizliklar kelib chiqishi mumkinligini tushuntirdi.

Sobir aka ana shu o‘gitlarga amal qilib, talabalik davrida astoydil o‘qib, izlandi. Tezda ustozlari va tengdoshlari hurmatini qozondi. Oliygohni tamomlaganidan so‘ng mehnat faoliyatini To‘rtko‘l tumanidagi 28-mexanizatsiyalashgan ko‘chma brigadada ish ustasi sifatida boshladi. Otasi Idris aka kabi ko‘plab muhim inshootlar qurilishida ishtirok etdi. Tirishqoqligi va ishga mas’uliyati bilan hamkasblar e’tiboriga tushdi. Ko‘p o‘tmay, uni “Janbassuvqurilish” trestiga bosh muhandis lavozimiga o‘tkazishdi.

Sobir aka bugunga qadar Jamoliddin Saybullayev, To‘xtaboy Siddiqov, Doston Qurbakov kabi ustozlari ko‘magida o‘z tajribasini boyitib kelmoqda. Izlanishlari sabab, u bir necha bor tuman kengashiga, 1999 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga deputat etib saylandi.

Yana o‘qing:  Yong‘in – xavfli

Idris otaning keyingi o‘g‘li Qobilboy ham ota kasbini tanladi. U ham bugun respublikadagi ulkan bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Qizlari Oysulton, Oyimxon, Gulxan opalar o‘qituvchi, Nargiza va Sapargullar esa tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishyapti.

 

– Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari qishloqlarimiz qiyofasiga o‘zgacha ko‘rk baxsh etib, aholi turmush-tarzini yuqori pog‘onaga ko‘tarmoqda. Quvonarlisi, bu kabi ijobiy o‘zgarishlar odamlar kayfiyatiga ijobiy ta’sir etib, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ortmoqda, – deydi Sobir Nogmetov.

 

Qoraqalpoq zaminini kezarkansiz, Sobir aka rahbarligida bunyod etilgan inshootlarga har qadamda duch kelasiz. Nukus temir yo‘lining “Miskin”, “Burgutli”, “Dumbuli”, “Taxiatosh”, “Qorao‘zak”, “Kaskatov”, “Beruniy” bekatlari, namunaviy uy-joylar, Nukus shahri, To‘rtko‘l, Qo‘ng‘irot va Taxiatosh tumanlaridagi zamonaviy muhtasham maktab, kollej va shifoxonalar va yana shu kabi o‘nlab bino va inshootlar shular jumlasidan.

Qahramonimiz o‘tgan yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelmoqda. U turmush o‘rtog‘i Rajabgul Nazarova bilan taqdir yo‘lini bog‘laganiga 36 yil bo‘ldi. O‘zlarining baxtli umr yo‘llari davomida ikki o‘g‘il, besh qizni oq yuvib, oq tarab, el orasiga qo‘shdi. Farzandlarning barchasi bilimli, go‘zal xulqli bo‘lib kamolga yetishdi. Hozirda ularning 15 nafar nabirasi bor. Sobirjon aka bo‘sh vaqt bo‘ldi, deguncha turmush o‘rtog‘i bilan nabiralarini istirohat bog‘lari va boshqa dam olish maskanlariga olib boradi. Axir oila bag‘rida tinch va xotirjam yashashdan ham ortiqroq baxt bormi, dunyoda!?

 

Oygul RAZZOQOVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: