“Hamshira – 2018” – eng munosiblar taqdirlandi
Inson salomatligi har narsadan ustun. Shu bois, uni asrab-avaylash va xastaliklarni vaqtida oldini olish nihoyatda muhim sanaladi. Ayni shuning uchun ham yurtimizda tibbiyot sohasiga alohida e’tibor qaratilib, bu borada soha xodimlariga keng imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Jumladan, har yili salomatlik posbonlari o‘rtasida o‘tkaziladigan turli tanlovlar bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.
Kuni kecha Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutida “Hamshira – 2018” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat bosqichlari g‘oliblaridan iborat 14 nafar hamshira o‘zaro bellashdi.
Har bir ishtirokchi o‘z chiqishlarida sohaga oid bilimlarini barcha yig‘ilganlarga namoyish etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra 1-o‘rin – Dilnoza Xoliqova (Andijon viloyati), 2-o‘rin – Xolida Yusupova (Jizzax viloyati) va 3-o‘rin Marhabo Abdukarimova (Farg‘ona viloyati)ga nasib etdi.
– Bu yutuqdan quvonchim cheksiz. Buning uchun ota-onam va ustozlarimga tashakkur aytaman, – deydi tanlov g‘olibasi Dilnozaxon Xoliqova. – Ochig‘i, bu yergacha kelishning o‘zi oson bo‘lmadi. Avval tuman, keyin viloyat, so‘ngra, respublika bosqichida barcha bilim va ko‘nikmalarimiz malakali ustozlar tomonidan sinovdan o‘tkazildi. Qolaversa, ushbu tanlov tufayli o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashimiz kerakligini bilib oldik.
Bellashuv so‘nggida g‘olib va sovrindorlarga tashkilotchilarning sertifikat va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
Sulaymon ARZIQUL o‘g‘li