Tuz bo‘roni keltirgan talofatlarni ko‘chma laboratoriya nazoratga oladi
O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi 26 may kuni bo‘lib o‘tgan tuz bo‘roni oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida navbatdagi ishlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirdi. Vazirlik xodimlari va mutaxassislaridan iborat guruh fermerlar uchun Xo‘jayli tumanida amaliy seminar o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar beradi.
150 dan ortiq fermerlar qatnashgan mazkur tadbirda Biorganik kimyo instituti tomonidan taqdim etilgan Biosolvent va DAG-1 preparatlaridan qanday foydalanish, ta’sir muddati va ularni ishlatish bilan bog‘liq jarayonlar haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng, mutaxassislar tuzdan zarar ko‘rgan hududlardan biriga tashrif buyurishdi. Maxsus texnika yordamida preparatlar tuz bo‘ronidan zarar ko‘rgan yerlarga sepildi.
Shuningdek, tuproq va ekinlardan namuna olinib, o‘rganish uchun laboratoriyaga yuborildi. Maqsad – tuproq tarkibini va o‘simliklar holatini o‘rganish, va mabodo, yana shunday holat takrorlangudek bo‘lsa, tez ta’sir etuvchi vositalar yordamida tabiiy ofat yetkazadigan zararning oldini olishga tayyor turishdir.
Ta’kidlash lozimki, bundan avval Innovatsiya vazirligi ishchi guruhi ayni ishlarni Xorazm viloyatida amalga oshirgan edi. Kuzatuv natijalariga ko‘ra, iyun oyining boshida ushbu preparatlar sepilgan dalalarda bugungi kunda tuproq tarkibi zararli tuzlardan tozalangan va g‘o‘za g‘unchalari yiriklashgan.
Yana bir yangilik – Innovatsiya vazirligi maxsus ko‘chma laboratoriya tashkil etib, muntazam ravishda hudud tuproqlarining tarkibini o‘rganishni maqsad qilmoqda.