Qandala qanday zararkunanda?

(Davomi, boshi bu yerda)

 

Ular tunda, aniqrog‘i, tong otishdan oldingi paytda – soat 300 dan 600 gacha eng faol bo‘ladi. Aynan mana shu vaqtda ular o‘ljalarini (odamlarni) eng ko‘p chaqishlari kuzatiladi. Ularning tez harakatlari tufayli xonadonning har qanday burchagidan karavotgacha juda qisqa vaqt ichida yetib kelishi, qon so‘rishga 20-25 daqiqa sarflashi va pana joylarga yashirinishlari mumkin.

To‘shak qandalalari 5-10 kunda bir marotaba oziqlanadi. To‘yingan hasharot ozuqani hazm qilayotgan kunda pana joylarda bo‘ladi. Bu paytda ular ko‘zga tashlanmaydi. Mana shuning uchun ham qandalalarni faqat ular to‘planadigan joylaridangina topish mumkin. Shuningdek, ular juda serpusht bo‘ladi. Har bir urg‘ochi hasharot hayoti davomida 300 dan ziyod tuxum qo‘yadi. Uning tuxum qo‘yishi har 4-5 kunga to‘g‘ri keladi. G‘umbaklari esa tuxumdan 5-6 kunda chiqadi va 4-5 haftada voyaga yetgan parazitlarga aylanadi. Bu vaqt mobaynida ular bir necha bor tullaydi va xitin po‘stloqlariga qarab, uyda to‘shak qandalalari borligini bilish mumkin.

Ushbu parazitlar tuxumdan to voyaga yetgan davrigacha – bir qancha bosqichlarni o‘taydi. Har bir bosqichdan keyingisiga o‘tishi uchun to‘shak qandalasiga qon kerak bo‘ladi. Urg‘ochi to‘shak qandalasi qulay sharoit qidiradi. U o‘ziga kerakli qon miqdorini so‘rib oladi va keyin har kuni tuxum qo‘ya boshlaydi. Natijada o‘zining yangi koloniyasini hosil qiladi. Odatdagi sharoitda to‘shak qandalasi 10 oydan 12 oygacha yashaydi. Bu davrning asosiy qismi voyaga yetgan hasharot bosqichiga to‘g‘ri keladi.

 

To‘shak qandalasi qonsiz qancha vaqt yashashi mumkin?

2011 yili “Insects” jurnalida Virjiniya politexnika universitetining entomolog-tadqiqotchisi Andrea Polankoning “To‘shak qandalasining och qolgan vaqtida yashovchanlik qobiliyati” nomli maqolasi chop etildi.

Bu mavzudagi dastlabki tadqiqotlar XX asrning birinchi yarmida to‘liq o‘tkazilgan. Biroq, olingan ushbu ma’lumotlar o‘tgan davr mobaynida ancha eskirdi. Tadqiqotchi olim kuzatuvlari natijasida quyidagi natijalarga erishdi:

I bosqichda g‘umbak 11 kundan 38 kungacha, II bosqichda 22,5 kundan 74 kungacha, III bosqichda esa g‘umbak 25 kundan 123 kungacha, IV bosqichda 30,5 kundan 132 kungacha, V bosqichda hasharot lichinkalari 41,5 kundan 142,5 kungacha, voyaga yetgan urg‘ochi to‘shak qandalalari 39 kundan 99 kungacha, erkak zararkunandalar esa 42 kundan 106 kungacha yashashi mumkin. Ushbu ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, qandalalarning qonsiz yashab qolish qobiliyati ancha qisqa muddatlarni tashkil etadi.

Yana o‘qing:  Uyqusizlikdan qutulish yo‘li oson

 

Unga qarshi kurash usullari

Ular tamaddunning rivojlanish tarixi davomida inson bilan birga bo‘lib kelayotganligi sababli, bu parazitga qarshi ko‘plab kurashish usullari ishlab chiqilgan. To‘shak qandalalari biologiyasining o‘ziga xos xususiyatlari bo‘lganligi sababli ularga qarshi kurashda quyidagi jihatlarga e’tibor qaratish lozim:

To‘shak qandalalari binodagi havo haroratiga juda sezgir bo‘ladi. Ular +10°Sdan +30°S gacha bo‘lgan oraliqdagi haroratda o‘zlarini yaxshi his qiladi. +50°S dan yuqori haroratda bu hasharot va ularning tuxumlari darhol nobud bo‘ladi. +5°S dan past haroratda to‘shak qandalalari anabioz (chuqur uyqu holati)ni eslatuvchi jarayonni boshdan o‘tkazdi. Harorat – 10-15°S gacha pasayadigan bo‘lsa, uning tuxumi umuman rivojlanishdan to‘xtaydi.

Ushbu hasharotlar turli kimyoviy insektitsidlarga qarshi tezda chidamlilik namoyon qila oladi. Shuning uchun ham to‘shak qandalalariga qarshi kimyoviy vositalar ishlab chiqaruvchilar doimo o‘z mahsulotlarini takomillashtirib borishadi. Ular zumda ko‘chadi va binolarga tezda joylashib oladi. Bu parazit bilan zararlangan uyda bitta xonadonni ulardan xalos etish va yana bir oydan keyin zararkunandalarni qo‘shnilardan o‘tmasligiga kafolat bera olmaydi. To‘shak qandalalarining bu xususiyatlarini inobatga olgan holda bugungi kunda quyidagi kurash usullaridan foydalaniladi:

Uni kimyoviy insektitsidlar bilan yo‘qotish zarur. Zamonaviy insektitsid vositalari yordamida qandalalarni ma’lum darajada samarali yo‘qotish mumkin. Ushbu preparatlar hech qanday hidga ega emas va inson sog‘ligi uchun zararsizdir.

Ularga qarshi kurashda issiq yoki sovuq haroratdan foydalanish juda samarali hisoblanadi. Ammo, bu usul texnik jihatdan biroz murakkabroqdir.

Bugungi kunda to‘shak qandalalariga qarshi kurashda biologik kurash usullaridan ham keng foydalanilmoqda. Ularning g‘umbaklari tanasiga tuxumlarini qo‘yuvchi parazitlarni olimlar aniqlashgan. Keyinchalik bunday hasharotlarning g‘umbaklari to‘shak qandalalarning nimfasini yoki voyaga yetganlarini nobud qiladi.

Undan tashqari yaqinda fanda mog‘orlaydigan zamburug‘ turi topildi. Parazitning bu turi qandalalar jamoasini zararlashi aniqlandi. Natijada mog‘or sababli ularning yoppasiga nobud bo‘lishi kuzatiladi. Ammo, bunday kurash usullari hozircha faqatgina ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, xalq tabobatidan ham samarali foydalanish mumkin. Sirka, denaturat, yangi o‘rilgan achchiq shuvoq o‘simligi to‘shak qandalalari uchun kuchli cho‘chituvchi ta’sirga ega. Lekin bu vositalar ularni butunlay yo‘q qilib yubormaydi.

Yana o‘qing:  Buyrak-tosh kasalligining qanday oldini olish mumkin?

Ultratovushli cho‘chituvchi moslamalar qandalalarga ta’sir etmaydi. Zararkunandalarda yuqori tovushlardan qochish instinkti rivojlanmagan. Qandalalar tez tarqalganligi sababli ko‘p qavatli uylarda bitta xonadonning o‘zida ularga qarshi kurashish samara bermaydi.

Bugungi kunda nom chiqargan insektitsid bo‘r va qalamchalar to‘shak qandalalariga qarshi kurashda u yoki bu darajada samarali hisoblanmoqda. Xonadon egalari to‘shak qandalalariga qarshi mustaqil ravishda kurashishlari mumkin. Yoki buning uchun maxsus sanitariya xizmati mutaxassislarini chaqirishlari zarur.

 

Erkinjon ShAKARBOYEV,

O‘zRFA Zoologiya instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari,

biologiya fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: