Poytaxtimizda “Atrof-muhitni himoyalash va barqaror rivojlanish borasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzuida Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi ish boshladi

Insonning yashash tarzi, uzoq umr ko‘rishi ona tabiat va uning musaffoligiga bevosita bog‘liq. Odamzotning yashillik dunyosi bilan chambarchas ekanligi uning zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi.

Bu mas’uliyat esa atrof-muhit tozaligi, hayvonot va o‘simlik dunyosini asrab-avaylashda namoyon bo‘ladi. Inson o‘z aql-zakovati tufayli qanchalik qudratga, olamshumul yutuqlarga erishmasin, u baribir Yer sayyorasidagi tirik moddalarning tarkibiy qismi, biosferaning bir bo‘lagi bo‘lib qolaveradi.

Har yili 5 iyun sanasi dunyo bo‘ylab “Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni” sifatida keng nishonlanadi. Bu esa ekologik muammolar tobora globallashib, insoniyatga jiddiy xavf tug‘dirayotgani va bu muammolarni birgalikda hal etish lozimligidan darak beradi. Birgina Orol dengizining qurishi tufayli qariyb 4 million gektar hududda katta cho‘l paydo bo‘lishi bilan bog‘liq holat mintaqada misli ko‘rilmagan ekologik va ijtimoiy fojialarni keltirib chiqarmoqda. Jahon bo‘ylab esa bunday ekologik va atrof-muhit bilan aloqador muammolarning bir nechtasini sanash mumkin.

Ma’lumki, bugungi kunda iqlimning keskin o‘zgarishi Yer sayyorasi aholisini jiddiy tashvishga solmoqda. Ushbu muammoni yechish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish borasida respublikamizda qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, davlat byudjetining 2017 yildagi ijrosida atrof-muhitni muhofaza qilishga sarflangan jami xarajatlar miqdori 966,6 milliard so‘mdan iborat bo‘ldi. 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasining daromadlari 189,9 milliard, jami xarajatlari 123,5 milliard so‘mni tashkil qilgan. Sarflangan xarajatlar Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni va aholining turmush sharoitini yaxshilash hamda sifatini oshirishga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birga 2018 yilning I choragida davlat byudjeti hisobidan tabiatni muhofaza qilish tadbirlari uchun 112 milliard so‘m sarflangan.

Ona tabiatni asrash, uni keyingi avlodga bust-butun holda yetkazishda ekologik tarbiya alohida o‘ringa ega. Yurtimizda keng ko‘lamli tadbirlar va forumlarning o‘tkazilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad aynan tabiatni asrashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Jumladan, kuni kecha poytaxtimizda “Atrof-muhitni himoyalash va barqaror rivojlanish borasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzuida Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi o‘tkazilishida ham aynan yuqoridagi maqsadlar mujassam.

Ekologiya forumi doirasida bir qancha tadbirlar, jumladan, ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma va ekologik toza texnologiyalar biznes-forumi ham bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya, Italiya, Xitoy, Fransiya, Koreya Respublikasi, Armaniston, Vengriya, Chexiya Respublikasi, Latviya va Shveysariya davlatlaridan kelgan 40 dan ziyod ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Yana o‘qing:  Yuksaklikka chorlovchi chiroq

 

Oybek ADHAMJONOV,

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:

Forumni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mintaqani barqaror rivojlantirish strategiyasini birgalikda shakllantirish va bu jarayonda davlat, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati va biznes o‘rtasida muloqotni mustahkamlashga ko‘maklashishdan iborat.

Keyingi yillarda mamlakatimizda barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhitni muhofaza etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham ushbu sohadagi vazifalar alohida belgilab olingan. Ayni paytda respublikamizda chiqindilarning atrof-muhit va aholi salomatligiga salbiy ta’sirini kamaytirish barobarida, tabiiy muhit monitoringi tizimi modernizatsiya qilinmoqda.

 

Rafael JOZAN,

Toshkentdagi Fransuz taraqqiyot agentligining mintaqaviy vakolatxonasi rahbari:

Bugungi kunda atrof-muhit, ekologiyaga aloqador muammolar borgan sari o‘tkir masalaga aylanib bormoqda. Tabiat hamisha insondan kuchli bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Borliq bilan munosabatlarning asosi qarshi kurashish emas, balki o‘zaro yordam va qo‘llab-quvvatlash bo‘lishi kerakligini unutmasligimiz lozim.

Mazkur forum mintaqa davlatlari o‘rtasidagi turli ekologik muammolarni bahamjihatlik bilan hal etishda muhim rol o‘ynaydi.

 

Mergen YUSUPOV,

Turkmanistonning atrof muhitni muhofaza qilish va yer resurslari bo‘yicha davlat qo‘mitasi xalqaro aloqalar va rejalashtirish bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari:

Atrof-muhitning chiqindilar bilan ifloslanishi yildan-yilga ortib borayotgani insoniyat oldida turgan jiddiy muammolardan biridir. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu masalaning o‘ta dolzarb ekanligini alohida ta’kidlash joiz. Forum doirasida o‘tkazilayotgan “Chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalari. “Atrof-muhit muhofazasi, energiya tejamkorlik va energiya samaradorlik – Green Ecology Technologies Central Asia – GETCA – 2018” xalqaro ko‘rgazmasi hamda sohada ish yuritayotgan ilg‘or tashkilotlar bilan o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida biznes forumi tashkil etilgani uning yanada ishchan ruhda o‘tishini ta’minlaydi. Shu bilan bir qatorda chiqindilarni boshqarish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish, biologik xilma-xillikni saqlash masalalariga doir loyihalar Markaziy Osiyo mamlakatlariga daxldor eng dolzarb masalalarga yechim topishga munosib hissa qo‘shmoqda.

 

Nazira ABDIYLASOVA,

Qirg‘iziston Respublikasi hukumati qoshidagi atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi davlat agentligi Davlat ekologik ekspertizasi boshqarmasi boshlig‘i:

Yana o‘qing:  “Boshqaruv kadrlari tayyorlashning butunlay yangi tizimi yaratiladi”

O‘tkazilayotgan ushbu forum mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ekologik muammolarni birgalikda bartaraf etishda o‘zining munosib o‘rniga ega. Qirg‘iziston bugungi kunda o‘z resurslarini yaxshilash uchun atrof-muhit masalalari bilan bog‘liq ko‘plab mintaqaviy va xalqaro loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Ta’kidlash joizki, dunyodagi ekologik muammolar aynan bir mamlakatga tegishli, bu faqat o‘sha mamlakat tomonidangina bartaraf etilishi kerak, degan qarash noto‘g‘ri ekanligini bugungi zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. Shuni unutmaslik kerakki, atrof-muhitning ifloslanishi, ozon qatlamining yemirilishi, suv taqchilligi bilan bog‘liq ekologik muammolar hayotimiz farovonligi va kelajak avlodlarga tahdid solishi turgan gap.

 

Ko‘rgazma 7 iyunga qadar davom etadi.

 

Hurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: