“Boshqaruv kadrlari tayyorlashning butunlay yangi tizimi yaratiladi”
So‘nggi yillarda davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq va boshqa sohalarda boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 30 mayida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim qadam bo‘ldi. Qaror ijrosi va uning mazmun-mohiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining o‘quv-metodik bo‘limi boshlig‘i Botu ALIMOV bilan suhbatlashdik:
– Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratishni nazarda tutuvchi ushbu qaror bugun o‘rta yosh vakillari o‘rtasida keng muhokama qilinmoqda. Keling, avval shu haqida suhbatlashsak.
– Bugungi kunda asosan boshqaruv sohasida kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormoqda. Negaki respublikamizning deyarli barcha hududlaridagi korxona, tashkilot va muassasalar faoliyati o‘rganilib, tahlil qilinganida ulardagi boshqaruv tizimi, rahbar xodimlarda yangicha fikrlash hamda ishni to‘g‘ri tashkil etishda kamchiliklar mavjudligi ko‘zga tashlandi. Ayni shu haqida Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida ham alohida ta’kidlab o‘tdilar. Ko‘rinib turibdiki, ushbu qarorning qabul qilinishini hayotning o‘zi taqozo etdi.
– Mazkur hujjat asosida tashkil etilgan “Taraqqiyot” respublika tanlovining ta’sis etilishidan qanday maqsadlar ko‘zlangan?
– Bu tanlovning joriy qilinishi ayni muddao bo‘ldi. Ya’ni, “Taraqqiyot” respublika tanlovidan ko‘zlangan asosiy maqsad boshqaruv kadrlarini tanlab olish, ularning salohiyatini o‘stirish va bu boradagi kamchiliklarni to‘ldirishni nazarda tutadi. Biz respublikaning barcha hududlaridan tegishli talablarga javob bergan fuqarolar o‘rtasida tanlov o‘tkazib, shu maqsad asosida idoralar, davlat organlari, vazirliklar, turli muassasalarga rahbarlik lavozimiga tayinlash va ushbu idoralarning kadrlar zahirasini shakllantirishda mustahkam zamin yaratmoqdamiz.
– Ushbu tanlovda kimlar ishtirok etishi mumkin?
– Qaror mazmun-mohiyatiga e’tibor bersak, tanlovda tegishli talablarga javob bera oladigan fuqarolar emin-erkin ishtirok etishlari mumkin. Bunda ishxonadan tavsiyanoma, ma’lum bir idoraning tavsiyasi yoki yo‘llanma xati nazarda tutilmaydi. Unda 30-45 yosh oralig‘idagi, tayanch oliy ma’lumotli, o‘z sohasida kamida 3 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Tanlovning dastlabki qabuli uchun shu yil sentyabr oyida (bir oy davomida) ro‘yxatdan o‘tish jarayoni boshlanadi. Onlayn ro‘yxatdan maxsus portal orqali o‘tilib, elektron anketa to‘ldiriladi. Ushbu tizimning joriy etilishi imkon qadar sub’yektiv omillarni bartaraf etish, shaxsni xizmat lavozimida pog‘onama-pog‘ona o‘sishida ma’lum bir shaxslarning ta’sirini imkon qadar cheklash imkoniyatini yaratib beradi.
– Tanlov qanday sohalar bo‘yicha o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan?
– Qarorga muvofiq 16 ta yo‘nalish nazarda tutilgan. Bu yo‘nalishlar albatta, o‘z-o‘zidan shakllanib qolmagan. Ya’ni, boshqaruv kadrlariga bo‘lgan ehtiyoj o‘rganilgan va shundan kelib chiqib g‘olib chiqqan 50 nafar ishtirokchi ayni shu yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlanadi. Bu yo‘nalishlar davlat va jamiyat boshqaruvining barcha sohalarini qamrab oladi.
Jumladan, davlat qurilishi va boshqaruv sohasida, iqtisodiyot, pul-kredit, sud-huquq, sanoat, kommunal xizmat ko‘rsatish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va shu kabi eng ahamiyatga molik sohalarni o‘z ichiga olgan. Yana shuni aytib o‘tish joizki, bir shaxsga faqat bir marta ro‘yxatdan o‘tish va bitta yo‘nalishni tanlash huquqi beriladi.
– Agar fuqaro imtihondan o‘tolmasa, u keyingi yilda yana ro‘yxatdan o‘tishi mumkinmi?
– Prezident qarorining talabiga muvofiq imtihondan o‘tolmagan fuqarolar uchun ma’lum bir cheklovlar yo‘q. Bu tanlov, imtihon emas. Ya’ni ishtirokchi bellashuvning biror bosqichidan o‘ta olmasa, bilim va ko‘nikmalarini oshirib, so‘ng yana ishtirok etadi.
– Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tganlar uch oylik kurslarda o‘qishi belgilangan. Ushbu kurslarni tamomlaganlaridan so‘ng ular qanday lavozimga taynlanadi?
– “Taraqqiyot” – ko‘p bosqichli tanlov bo‘lib, uning so‘nggi bosqichida ro‘yxatdan o‘tgan va sinovlarda ishtirok etgan fuqarolardan 150 nafari tanlab olinadi va ularning 50 nafari g‘olib, 100 nafari esa final bosqichi ishtirokchilari hisoblanadi. Shundan g‘olib bo‘lgan 50 nafar mutaxassis davlat boshqaruv akademiyasi va korporativ boshqaruv ilmiy-tanlov markaziy bazasida 3 oylik Prezident dasturi bo‘yicha o‘qitiladi. Ushbu kurs yakunlangach, yuqorida aytib o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli tashkilot va davlat organlariga rahbarlik lavozimlariga taynlanadi. 100 nafar final ishtirokchilari esa shu yo‘nalishlar bo‘ycha tegishli idoralarning kadrlar zahirasini shakllantiradi.
Yana shuni ta’kidlash kerakki, 50 nafar g‘olib eng kam oylik ish haqining 50 baravari, finalga chiqqan 100 kishi esa 20 baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Ushbu tanlovda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha faqat davlat idoralarida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlar emas, balki xususiy sektor vakillari ham ishtirok etishlari mumkin.
– Talabgorlar qanday shartlar bo‘yicha sinovdan o‘tadi?
– Tanlov bir necha bosqichdan iborat: birinchi bosqichda ishtirokchilar onlayn shaklda respublika hududlarida markazlashtirilgan tartibda mantiqiy fikrlash va xorijiy tillardan test topshiradi.
Ikkinchi bosqichda mamlakatimizda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardorligi bo‘yicha test bo‘lib o‘tadi. Test natijalariga ko‘ra har bir yo‘nalish bo‘yicha kamida 18 nafardan talabgor tanlab olinib, ularga sohalar bo‘yicha kamida 5 ta muammoli savol yechimini nazarda tutuvchi axborot-tahliliy shaklidagi esse yozish topshiriladi. Bu bosqich yakuniga ko‘ra talabgorlardan 300 nafari saralab olinadi va natijalarga ko‘ra har bir yo‘nalish bo‘yicha eng kami 18 nafar nomzoddan iborat guruhlar keyingi bosqichga o‘tkaziladi.
Uchinchi bosqichda ishtirokchilar o‘z sohasidagi vazirlik va idoralarda 1 oy davomida amaliyot o‘taydi. Amaliyot o‘tash tartibi esa Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan belgilanadi. Bu vaqt davomida ularning tashkilotchilik qobiliyatini belgilab beruvchi yozma test ham o‘tkaziladi. Unga ko‘ra jami talabgorlardan 150 nafari finalga tavsiya etiladi.
Final esa 2 bosqichda bo‘lib o‘tadi. Dastlab, qatnashchilar muammoli holatlar bo‘yicha guruh-guruh bo‘lib ishlashadi. Ikkinchi bosqichda esa tanlov komissiyasi tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi va natijalarga ko‘ra final ishtirokchilari hamda g‘oliblarga bo‘linadi.
Ulug‘bek RAHMONQULOV suhbatlashdi.