Oila-mahalla-ta’lim muassasasi: muvaffaqiyatli hamkorlik
Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida «Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!» shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, «O‘zbeknavo» estrada birlashmasi, Yozuvchilar uyushmasi, «O‘zbekteatr» ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi va qator tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda pedagoglar, ta’lim tizimi fidoyilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Hayotimizga izchil tatbiq etilayotgan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi jamiyat hayotining barcha sohalari uchun yuqori kasb malakasiga ega mutaxassislarni yetkazib berish, bilim berishning sifati va mazmunini tubdan yaxshilash, ta’lim dargohlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘qituvchilarning mehnatini e’zozlash va rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu jihatlar Toshkent shahridagi ta’lim maskanlari faoliyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. O‘tgan o‘quv yilida poytaxtimizdagi umumta’lim maktablari 9-sinfini 38 ming 317 nafar o‘quvchi tamomladi. Qiziqishi, layoqati va qobiliyatini e’tiborga olgan holda ular ta’limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olindi. Joriy o‘quv yilida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi maskanlarini 26 ming nafardan ortiq yoshlar bitirdi.
Tadbirda yoshlarni uch taraflama shartnoma asosida ish bilan ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotgani bunda «oila – mahalla-ta’lim muassasasi» hamkorligi yaxshi samara berayotgani alohida ta’kidlandi.
Tuhfaniso ORTIQOVA