Baxtli bolalik maskani
Maxsus jihozlangan maydonchada miriqib o‘ynayotgan, qo‘shiq kuylayotgan, she’r aytayotgan kichkintoylarni ko‘rib kimning ham zavqi kelmaydi, deysiz. Bolajonlarning dam olishi, ovqatlanishi, turli rivojlantiruvchi mashqlar bilan shug‘ullanishga qulay bo‘lgan keng, yorug‘ va shinam xonalarni aytmaysizmi?
Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi “Shodlik” nomli 10-maktabgacha ta’lim muassasamizda kelajak egalarining barkamol shaxs bo‘lib kamol topishi yo‘lida barcha sharoitlar muhayyo etilgan. Tajribali tarbiyachilar texnik vositalardan keng foydalanib, mashg‘ulotlarni qiziqarli tarzda o‘tmoqda.
Maskanda musiqa, badiiy gimnastika, ingliz tili, shaxmat-shashka kabi qator to‘garaklar faoliyat yuritayapti. 2017–2018 o‘quv yilida viloyatda o‘tkazilgan shaxmat-shashka musobaqasida tarbiyalanuvchilarimiz faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, badiiy gimnastika va milliy kurash bo‘yicha ham sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Bolajonlarni aqliy va ijodiy mustaqil fikrlashga o‘rgatish hamda maktab ta’limiga tayyorlashda bor imkoniyatimizni ishga solmoqdamiz. Muassasamizda ota-onalar sa’y-harakati bilan kutubxona tashkil etilgan bo‘lib, tarbiyachilar bilan hamkorlikda bolalarning kitobga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otishga harakat qilyapmiz. 900 dan ziyod turli nomdagi adabiyot va o‘quv qo‘llanmalari bolajonlar ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Baxtli bolalik maskanida 240 nafar kichkintoyning jismoniy va ma’naviy jihatdan sog‘lom, barkamol bo‘lib voyaga yetishida 18 nafar malakali pedagog va tarbiyachilari mehnat qilmoqda. Ayniqsa, “Shuhrat” medali sohibasi Tojixol Xolova, Aziza Amirova, Gulniso Ergasheva va MTM xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilbahor Abdusalomova kabi jonkuyar xodimlar shular jumlasidan. Ularning mehri va e’tiboridan jajjilar ko‘ngli shod.
Jamila ABULQOSIMOVA,
MTM mudirasi