Gilos – mavsum mevasi
Ayni mavsumning o‘ziga xos mevalaridan biri gilos hisoblanadi. Uning ta’mi tilga xush yoqsa, ko‘rinishi dilni yayratadi.
Bu meva asosan Yevropa, Kavkaz va Janubiy Qrim hududlarida o‘sadi. Tarkibida shakar, olma kabi organik kislotalar, A, B1, D2, D6, C, E, H va PP vitaminlari, shuningdek, kaliy, kalsiy, magniy, rux, mis va marganets mavjud.
Kichik mevaning katta foydasi
Gilos qonning quyulishi xavfini pasaytiradi. Ichaklar peristaltikasini yaxshilaydi, qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi. Tanadan zararli xiltlarni haydashga yordam beradi. Qora gilos gipertoniya, ya’ni qon bosimi yuqori bo‘lgan insonlar uchun tavsiya etiladi. Shuningdek, bu meva peshob haydash xususiyatiga ham ega. Shu bois, buyraklar va jigarni tozalashda uning o‘rni beqiyos.
Kosmetologiyada gilosdan yuz terisini yumshatish uchun niqoblar tayyorlashda foydalaniladi. Bargidan esa oziqlantiruvchi damlamalar, yallig‘lanishga qarshi malham tayyorlashda qo‘llaniladi.
Iste’molda adashmang
Gilos qondagi shakar miqdorining ortishiga olib keladi. Shu bois, qandli diabet kasalligi bor bemorlarga bu meva tavsiya etilmaydi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga esa ehtiyotkorlik bilan berish lozim. Allergiyaga moyilligi bor bemorlarda teri qizarishi va qichishishi kabi reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun xarid chog‘ida mevaning bandi yashilligiga e’tibor qaratish zarur.
Vasila PO‘LATOVA