Tilimi tanga sihat
Yozning jaziramasida iste’mol qilingan muzdek tarvuz chanqoqni qondiradi. Uning tarkibida ko‘p miqdorda klechatka mavjud.
Bu dag‘al tolali modda esa me’da-ichak tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Shuningdek, ichaklar harakati(peristaltikasi)ni yaxshilaydi. Tarvuz qabziyatning oldini oladi. Bu poliz mahsuloti tarkibida temir moddasi, foli kislotasi, V guruhi vitaminlari, S vitamini(askorbin kislotasi), fruktoza, magniy, ishqorlar mavjud. Vitamin va mineral moddalarga boy tarvuz organizmda moddalar almashinuvini yaxshilaydi.
Tarvuz gepatit(jigar xastaligi)da yengil o‘t haydovchi vositasi sifatida qo‘llaniladi. Siydik yo‘llari va qovuq yallig‘langanda kuchli peshob haydaydi. Buyrak va siydik yo‘llarida tosh, tuz va qum bo‘lsa maydalaydi. Kamqonlik, metabolik artrit, podagra, semizlikda ham tarvuz tanovvul qilinsa foydadan xoli bo‘lmaydi. Kunda 150 gramm tarvuz iste’mol qilish sog‘lom organizmning kun bo‘yi magniy moddasiga bo‘lgan talabini qondiradi. Yurak qon-tomir kasalliklari va gipertoniya (xafaqon) xastaligida bemorlarning tarvuz tanavvul qilishlari maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, tarvuz tarkibida ishqorlar ko‘p bo‘lgani sababli siydik ajratish tizimi uchun ham foydali xususiyatga ega. Nefrit, piyelonefrit kabi buyrak kasalliklari va sistit(qovuq yallig‘lanishi)da kasalliklar xuruj qilgan davrda shifokorlar ko‘proq tarvuz iste’mol qilishni tavsiya etishadi.
Bir kunda 2 kg yaxshi yetilib pishgan tarvuzni iste’mol qilish mumkin. Ikki stakan tarvuz sharbatiga bir choy qoshiq tabiiy, toza asal aralashtirib ichish ham kayfiyatni ko‘taradi. Uning po‘chog‘i ham peshob haydash xususiyatiga ega. Yozda soyaroq joyda quritib olingan tarvuz po‘chog‘ini qishda 1:10(1 litr suvga 100 gramm tarvuz po‘chog‘i)nisbatdagi suvda 5 daqiqa qaynatiladi va sovutib dokadan suzib olinadi. So‘ngra bir kunda 3-4 mahal ovqatlanish oldidan yarim stakandan ichiladi. Shuningdek, bu qaynatmani podagra va revmatizm(bo‘g‘imlar yallig‘lanishi)da ham dorivor vosita sifatida tarvuz urug‘larini esa gelmint(gijjalarni) yo‘qotishda ham qo‘llash mumkin. Xuddi qovoq urug‘i kabi tarvuz urug‘lari ham organizmni parazitlardan tozalaydi. Yaxshilab quritilgan tarvuz urug‘lari havonchada yanchiladi va elakdan elab olinadi. Keyin qaynab sovutilgan 1 litr sutga 100 gramm tarvuz urug‘ining mag‘zi aralashtiriladi. Bir kunda ikki mahal och qoringa ikki stakandan ushbu tabiiy dorivor vosita ichiladi. Tarvuz tarkibidagi foli kislotasi organizmda yog‘lar almashinuviga ijobiy ta’sir etadi. Xuddi qovun kabi tarvuzning 100 grammida 38 kaloriya mavjud. Shu sababli u tanovvul qilgan kishini to‘q tutadi va semizlikning oldini oladi. Xalq tabobatida kosmetologiya vositasi sifatida tarvuz etidan foydalanish mumkin. Uning eti yuz, qo‘l va oyoqlar terisini parvarish etishda keng qo‘llaniladi. Buning uchun yaxshi yetilib pishgan tarvuz eti chinni idishga solib eziladi va teriga surtiladi. Oradan 20-30 daqiqa o‘tgach, bu tabiiy niqob iliq suvda yuvib tashlanadi. Haftada bir necha marta bunday niqobdan foydalansangiz teringiz oziqlanadi hamda tarang, silliq va mayin bo‘lib yosharganini his etasiz.
Tarvuz nafaqat buyraklarni kuchli peshob haydash yo‘li bilan tozalaydi, balki butun organizmni xiltlardan xoli etadi. Ayniqsa, jigarni zaharli toksinlardan yuvadi. Kuchli ta’sir etuvchi antibiotiklar bilan davolangan bemorlar va uzoq davom etgan operatsiyalarda narkoz olgan bemorlarning jigarini tozalashda ham tarvuz iste’mol qilishlari maqsadga muvofiq.
Ammo qandli diabet, surunkali ichak xastaligi mavjud bemorlar, shuningdek, homiladorlikning oxirgi uch oyida tanasida shish paydo bo‘lgan bo‘lajak onalarga tarvuz iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Yana tarvuz tanavvul etishdan 2-3 soat oldin achchiq va sho‘r mahsulotlar yemaslik zarur. Chunki, bu organizmda ortiqcha suyuqlik to‘planishiga sabab bo‘ladi. O‘z navbatida ushbu holat yurak va buyraklarni zo‘riqib ishlashga majbur etadi.
Tarvuz tanlashda uni chertib ko‘ring. Xom tarvuz bo‘g‘iq tovush chiqaradi va og‘ir bo‘ladi. Pishgan tarvuzdan jarangdor tovush chiqadi. Hamda «dum» qismi bo‘shashganroq bo‘ladi. Po‘chog‘iga tirnoq botmaydi.
Tarvuz po‘chog‘ining oq qismidan murabbo tayyorlanadi. Kichikroq tarvuzlarni yog‘och bochkaga tuzlasa bo‘ladi.
Mag‘zida oq ipsimon shakllar ko‘zga yaqqol tashlansa va ta’mi sho‘r yoki nordonroq, chuchmal bo‘lsa hamda hajmi haddan tashqari katta bo‘lsa, shuningdek tarvuzning mag‘zi notabiiy qip-qizil bo‘lsa, bilingki bu selitradan ko‘p to‘yingan mahsulot bo‘ladi. Tarvuz va qovundan zaharlanmaslik uchun DSENM (Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi) laboratoriyasida tekshiruvdan o‘tgan va ruxsat etilgan mahsulotlarni sotib oling.
Gulchehra ShIRINOVA