Tozalik – baraka kaliti
Eskilar bekorga “o‘tirgan joyingni ozoda tut” deyishmagan. Chunki sarishta bo‘lmagan yerdan farishtalar qochar ekan.
Ammo hamma ham buning mohiyatini tushunmagan ko‘rinadi. Ko‘p qavatli uylar yonidan o‘tar ekanman, juda hunuk bir manzaraga ko‘zim tushdi. Go‘yo daraxtda gul emas, paketlar gullagandek. Aslida, bu hol hali holvasi. Ba’zi joylarda axlatdan tog‘ bunyod bo‘lganini ko‘rib xafa bo‘lib ketasiz. Ba’zi odamlar uyining yonida turgan maxsus kontenergacha chiqishga erinibmi, befarosatlikdanmi yoki ataymi, xullas, axlatni shartda derazadan uloqtirishadi. Bu ahvol nafaqat shahar chiroyini buzadi, balki o‘zidan chiqarayotgan yomon hid havoni bulg‘aydi. Boshqalarga aziyat yetkazish gunoh, deyiladi shariatimizda. Bu yerda boshqalar bilan birga shu joyda istiqomat qiluvchilarning o‘zlari, ayniqsa, yosh bolalar aziyat chekishadi. Eng yomoni bunday havodan har kuni nafas olish ichki a’zolarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, salomatligimizga putur yetkazadi.
Bugungi kunda har bir mahalla, ko‘p qavatli uylar ozodaligini saqlashda ularda yashovchi aholi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi mas’uliyatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalla hududlari, ko‘p qavatli uylar atrofida qo‘shimcha tarzda chiqindi tashlash joylari tashkil etilgan. Chiqindilarni duch kelgan joyga tashlab ketadigan, sanitariya-epidemiologik qoidalariga rioya qilmaydigan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 53-moddasiga binoan eng kam ish haqining bir barobari miqdorida jarima solinadi.
Prezidentning 2017 yil 21 apreldagi farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi qaytata shkil etilib, uning zimmasiga ekologik holatni yaxshilash, maishiy chiqindilarni yig‘ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish va qayta ishlash borasida ulkan vazifalar qo‘yilgan edi. Joriy yilning 2 fevral kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonda ekologik vaziyat tahlili va uni yaxshilash ishlarga bag‘ishlangan majlisda Andijon, Angren, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona, Olmaliq, Bekobod, Chirchiq, Toshkent va Nukus shaharlarida havoning ifloslanish darajasi belgilangan sanitariya normalaridan 2,7 baravar ortiqcha ekanligi qayd etildi. Ushbu vaziyat tufayli Davlat Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasir ahbarlariga, xalqaro tajribaga asosan, Tabiatni muhofaza qilish milliy dasturi ishlab chiqarish topshirildi.
Undan tashqari respublikadagi chiqindi yig‘ish tizimi ham tanqidiy tahlil qilindi. Xususan shahardagi chiqindixonlarni namunaviy loyiha asosida optimallashtirish, qishloq aholisini ham sanitar-tozalash xizmatlari bilan qamrab olish borasida 5 yillik dastur ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi.
Yaqinda esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2019 yilning 1 yanvaridan e’tiboran polimer paketlar bilan bog‘liq tartib joriy etiladi. Xalqaro tajribadan kelib chiqib, sellofan paketlarini 40 mikrongacha ishlab chiqarish va import qilish taqiqlandi. Bundan tashqari, sellofan paketlarni bepul berish, o‘z qiymatidan arzon narxda sotish ham man qilinyapti.
Davlat ekologiya qo‘mitasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga xorij tajribasi va jamoatchilik muhokamasini hisobga olib, 2020 yilning 1 yanvariga qadar foydalanish xususiyatini yo‘qotganidan so‘ng atrof-muhitga zarar yetkazadigan, ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tovarlar guruhiga ekologik yig‘imni joriy qilish yuzasidan asoslangan takliflar kiritish vazifasi topshirilgan.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz, xususan, poytaxtimiz obodligiga hissa qo‘shish – barchamizning burchimiz. Buning samarasida yurtimiz tobora obod va ko‘rkam bo‘lib boraveradi. Binobarin, tabiiy musaffolik insonning salomatligini mustahkamlab, umriga umr qo‘shadi. Axir salomatlik eng katta boylik. Shunday ekan sog‘ligimizga bee’tibor bo‘lmaylik.
Mohlaroyim ERGASHEVA,
O‘zDJTU 2-ingliz fakulteti talabasi