Bahosi oltinga teng giyoh
Tabobatda o‘z qadr-qiymatiga ega hisoblangan za’faron o‘simligi haqida ko‘pchilik oz bo‘lsada ma’lumotga ega bo‘lsa kerak. Qariyb 4 ming yillik tarixga ega ushbu shifobaxsh o‘simlik haqida ilk yozma qaydlar Shumer sivilizatsiyasiga borib taqaladi.
Forslar miloddan avvalgi X asrda za’faron tolasini gazlamalarga qo‘shib to‘qigan va undan atir, xushbo‘y moylar ishlab chiqarishgan. Qadimgi Xitoy manbalarida esa ushbu o‘simlik shifobaxsh dori sifatida tilga olinadi. Yevropada za’faron boylik va yuqori mavqe nishonasi hisoblangan. Sababi uni yetishtirish juda mushkul bo‘lib, 1 kg. quruq za’faron olish uchun 200 mingta o‘simlik guli kerak bo‘lgan. Ya’ni, bir gektar maydondan 4 kg. za’faron yig‘ib olish mumkin degani. Shu bois, o‘rta asrlardan buyon ushbu o‘simlik o‘z bahosini yo‘qotmagan yagona ziravor hisoblanadi.
Za’faron Hindiston, Pokiston, Xitoy, Janubiy Yevropa, Ozarbayjon kabi davlatlarda ko‘p yetishtiriladi. Buni qarangki, hukumatimiz tashabbusi bilan ushbu o‘simlik endilikda yurtimizda ham yetishtirilishi yo‘lga qo‘yildi.
– Hozirgi zamon tibbiyotida dorivor o‘simliklarga bo‘lgan talab ortib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika instituti O‘simliklar resurslari laboratoriyasi ilmiy xodimi Azizbek Mahmudov. – Shunga ko‘ra ularni muhofaza qilish, o‘rganish, xom-ashyosidan foydalanish va ko‘paytirish muhim masalalardan biri. Mamlakatimizda yuzdan ortiq farmatsevtika korxonalari mavjud bo‘lib, aholiga arzon va sifatli dori-darmon yetkazib berish uchun mahalliy sharoitda yetishtirilayotgan dorivor o‘simliklar xom-ashyosi bilan ta’minlash muhim hisoblanadi.
Tadqiqotlarimiz ob’yekti gulsafsardoshlar oilasi Crocus L. turkumiga mansub S. sativus L. turi ana shunday istiqbolli dorivor o‘simlik hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, C. sativus L. ni qizil rangli gul tumshuqchasi yig‘ib olinib quritiladi va za’faron tayyorlanadi. Za’faron tarkibida efir moylari, karotinoidlar, flavonoidlar, V, V2 vitaminlari, yog‘, azotli moddalar, qandlar, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud. C. sativus L. tibbiyotda yengil tetiklashtiruvchi, ayollar xayz jarayonlarini mo‘tadillashtiruvchi, tug‘riqdan keyingi og‘riqni qoldiruvchi, gepatit, qonli ich ketishining oldini oladi. Undan tayyorlangan surtma esa tuxumdon yallig‘lanishi gemarroy (bavosil), tomir tortishishi, ko‘z kasalliklarida qo‘llaniladi.
Shunday noyob xususiyatga ega bo‘lgan o‘simlikning gullash jarayoniga doir ma’lumotlar esa adabiyotlarda deyarli yo‘q. Shu bois bu borada yurtimizda bir qator ilmiy izlanishlar olib borildi.
– Introduksiya sharoitida gullash biologiyasini o‘rganish tadqiqotlarimizning asosiy maqsadidir, – deydi Azizbek Mahmudov. – Ma’lumki, introduksiya qilinayotgan o‘simliklarning gullash jarayoni va changlanishini o‘rganish, ularni ekologik va biologik tavsiflashga imkon beradi. O‘simliklarning gullash biologiyasi – ularning reproduktiv biologiyasining bir qismi bo‘lib, uni o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Aytish joizki, ilmiy tajribalarimiz ikki sharoitda O‘zR FA O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti Botanika bog‘ida (Toshkent) va Farg‘ona vodiysi sharoitida amalga oshirildi.
Oltin bahosiga teng ushbu noyob o‘simlik tez orada mamlakatimizda ham keng miqyosda yetishtirilsa, o‘ylaymizki, ham daromad manbai, ham farmatsevtika sohasida katta o‘zgarishlarga olib keladi.
Mayna HASANOVA