Muqaddas rishta: uni asrashga barchamiz mas’ulmiz

Bir yigit yosh qizga uylanibdi. Ertasiga bozordan qo‘y go‘shti olib kelib, kelinchakning qo‘liga tutqazibdi. Kelin undan sho‘rva qilmoqchi ekanini aytsa, yigit qozon kabob pishirishni tayinlabdi. Kelin esa bu taomni tayyorlashni bilmaskan. Bundan yigitning jahli chiqib, ayolini otasining uyiga olib borib qo‘yibdi. “Mana qizingiz. Qachon go‘shtni tobida qovurishni o‘rgansa, olib ketaman”.

Oradan ikki oy vaqt o‘tgach, yigit kelinchakni olib ketgani kelibdi. Qarasa, supadagi xontaxta turli xil taomlarga to‘la ekan. Shunda kelin bularning barini o‘zi pishirganini aytibdi. Yigit mamnun bo‘lib, ortga qaytishga hozirlanibdi. Shu payt qaynotasi bir qo‘yni yetaklab kelib: “Qani kuyov, mana bu qo‘yni so‘yib bering, qizim qovurdoq pishirib beradi. Mazza qilib yeymiz, qudamlarga ham olib ketasiz” debdi. Yigit bir zum kalovlanib qolibdi va: “Men qo‘y so‘yishni bilmayman”, deya aybini tan olibdi…

Voqeani shu joyda to‘xtataman. Qolgani sizga ham ma’lum. Aslida er va xotin bir-birining kamchiliklarini to‘ldirib, bir butun hayot kechirishi lozim. Oila atalmish muqaddas qo‘rg‘on ana shu butunlikdan bunyod bo‘ladi. Aravaning boshi ikki tomonga tortilsa, uning devori nurashi tayin.

Oila mavzusiga bejiz to‘xtalmadik. Bu borada ko‘p va xo‘p gapirilgan bo‘lsa-da zamon o‘zgarishi bilan yangicha qarashlar paydo bo‘ladi. Ongu shuurimizga singgan oila tushunchasi esa ba’zi sabablarga ko‘ra o‘zgarib bormoqda?

 

Muzayamxon FARMONOVA,

Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi katta ilmiy xodimi:

Yaqinda bir tadbirda qaynona kelini bilan bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi. Oliy ma’lumotli kelinchak ta’til olib, to‘ydan keyingi kunlarda qaynona-qaynotasining xizmatini qiladi. Ta’tili tugagach, ishga qaytmoqchi ekanini aytadi. Qaynona: “Yeganingiz oldingizda, yemaganingiz ortingizda, men sizni ishlatmayman”, deya qarshilik qiladi. Kelin dardini tashqariga chiqarmay, jim qoladi. Birozdan so‘ng qaynona: “Ha, kelinposhsha, indamaysiz, sizni ishlatmay boshimga yostiq qilamanmi, albatta, ishlaysiz-da”, deydi. Bu vaziyatda sukut saqlagani kelinning yutug‘i edi. Agar shartakilik qilganida bormi, qaynonasi bilan o‘rtada kelishmovchilik boshlanardi. Shuning uchun muomalada mulohazali bo‘lish, har bir gapni aytishdan avval o‘ylash, kattalar gapirganda oxirigacha tinglash juda muhimdir.

“Oilaviy ajrimlarda yigitlarning ham aybi bor”, degan fikrlar ham yo‘q emas. Shuning uchun markazimiz mutaxassislari faqat qizlarni emas, balki yigitlarni ham oilaga tayyorlashga harakat qilayapti.

 

Yana o‘qing:  Elektrobillar uchun maxsus yo‘l

R. MAMATQULOV,

Baxmal tumani bosh imom-xatibi:

Mo‘tabar manbalardan hisoblangan “Durrul muxtor” kitobining “Nikoh fasli” bo‘limida shunday deyiladi: “Odamzodga nikoh va iymondan boshqa hatto, jannatda ham davom etadigan ibodat yo‘q. Oila shunday saodatbaxsh bir bog‘ki, u jannatda ham davom etadi. Har qanday shartnoma ma’lum muddatdan so‘ng o‘z kuchini yo‘qotadi, ammo bir-birlaridan rozi bo‘lgan umr yo‘ldoshining birgalikdagi hayoti o‘lim bilan ham tugamaydi”. Mana shu ahdlashuvga binoan, ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lgan er va xotin bir-birlarini qattiq hurmat qilishi, har biri o‘z vazifasini mukammal ado etishi hamda oila degan qo‘rg‘onni tashqi kuchlardan himoya qilishda baravar harakat qilishlari lozim bo‘ladi.

 

Darhaqiqat, va’da vafosi bilan go‘zal. Oilada har kim o‘z o‘rniga mos ravishda ish tutsa, o‘rtada ortiqcha muammolar yuzaga kelmaydi. Ba’zan “qiz taraf kuyovni kiyintirishga bozorga olib ketibdi” degan gaplarni eshitib qolamiz. O‘zingiz o‘ylang, bundan keyin oilada erkakning mavqei, o‘rni qanday bo‘ladi? Afsuski, ushbu nozik masalaga hamma yigitlar ham birdek e’tibor bermaydi. Qolaversa, bugun asosiy to‘y xarajatlari qiz tomonga yuklanayotganligi turli noxushliklarni yuzaga kelishiga zamin yaratmoqda. Oila degan qo‘rg‘on qurilmasdanoq, uning poydevori darz ketmoqda.

Oilalarning mustahkamligini saqlash borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan to‘ylarni ixchamlashtirish bo‘yicha chiqarilgan farmon bu borada ayni muddao bo‘ldi. Endilikda sarf-xarajatlarni emas, munosabatlarni ham mustahkamlashga e’tibor qaratilsa, xonadonlarimizdan totuvlik va ahillik arimaydi.

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: