Bolalikning so‘nggi yozi
Ikkinchi jahon urushi haqida minglab kitoblar, yuzlab romanlar, hikoya, qissa, ocherk va maqolalar yozilgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Kuni kecha “O‘zbekiston” telekanalida taqdimoti o‘tkazilgan “Bolalikning so‘nggi yozi” hujjatli filmi ana shu ezgu an’ananing mantiqiy davomi bo‘ldi. Illo, bu mavzu hech qachon eskirmaydi. Chunki urush boshlanganiga 77 yil to‘lgan bo‘lsada hali hanuz miltiq va to‘plardan chiqqan tovushlar kishilarning xotirasidan aks-sado berib turibdi.
Ssenariy muallifi va rejissyor Nabi Razzoqovning mualliflik hujjatli filmi o‘ziga xos uslubi bilan tomoshabinni o‘ziga tortadi. Agar an’anaviy publitsistik filmlarda diktor yoki muallifning sharhida voqealar to‘g‘risida izoh berilsa, mazkur filmda 77 yil avvalgi voqealarni o‘z boshidan kechirgan, nochorlik, bir burda non ilinjida Toshkentga kelgan, o‘zbeklarning bolajon xalqligiga, qornilari to‘q, qadrlari yuksak ekanigiga guvoh bo‘lgan insonlarning o‘z tillarida barcha voqealarni aytilishi, filmning ta’sirchanligini oshirgan.
Ota-onasi bomba ostida qolib, qurbon bo‘lganidan so‘ng O‘zbekistonga kelgan va bu yerda mehribon insonlardan mehr-shafqat ko‘rgan M. Rujanskiy o‘z xotiralarini shunday izohlaydi: “Vaqt yaralarni tuzatadi” degan ibora bor. Yo‘q, zamon bunday ulkan shikastni, jarohatni davolashga qodir emas. Faqat vujudimizda emas, qalbimiz va xotiramizda urushning qonli izlari qolgan. Umrim davomida har kuni saxiy o‘zbek xalqini eslaganimda ko‘zlarimda jiqqa yosh paydo bo‘ladi. Mehri daryolikni, insoniylikni, odamparvarlikni jahon ahli aynan o‘zbeklardan o‘rganishlari kerak…”
Toshkentda jon saqlab qolganlardan yana biri Yelena Goroshnik bunday xotirlaydi: “Biz, turli millatga mansub bolalar poytaxtning 148-umumta’lim maktabida o‘zbek, rus, nemis tilidagi mashg‘ulotlarga qatnardik. O‘zbekcha she’rlarni yodlaganmiz. Bundan 77 yil avval yodlaganim bir she’rning misralari hali hanuz yodimda: “Qaldirg‘ochlar uchib ketdi to‘p bulutlarga…”
I. Libus esa o‘zini O‘zbekiston farzandi hisoblaydi: “Men o‘zimni, avvallo, o‘zbek deb hisoblayman. Biror daqiqa bo‘lsin O‘zbekistonni sevishdan tolmayman. Tomir-tomirimgacha bu yurtga bog‘langanman.”
Maqolamiz avvalida ko‘plab hujjatli filmlardan farqli o‘laroq ijodkorlar, xususan ssenariy muallifi, rejissyor Nabi Razzoqov diktor uchun matndan foylanmaganini aytgan edik. Chunki muallif g‘oyasi, uning pozitsiyasi xotiralarini so‘ylagan ishtirokchilarning e’tirofida to‘la o‘z in’ikosini topgan.
To‘ra MIRZO