Istiqlol favvorasi
Chinorlari osmon bilan tenglashadi, qayeriga bormang soya-yu salqinlikdan bahru dilingiz ochiladi.
Navqiron yigirma ikki yoshni qarshi olgan istiqlol bergan qulayliklaru, sharoitlarni gapirib charchamaysan. Shinam, toza tezyurar avtobuslar, o‘zimizning yengil avtomashinalar, qayerga desangiz olib borib qo‘yaman deb turgan mikroavtobuslar – bu kabi imkoniyatlardan quvonmay bo‘lmaydi. Toshkenti Azim. Bekorga uni shunday deb atashmaydi. Azim – kuchli, qudratli, degani. Toshkent haqiqatdan ham ulug‘ va qudratli.
Millionlab jonni bag‘riga sig‘dirgan u, necha-necha zalvorli po‘rtanalarni boshidan kechirgan. Xuddi yangi tushgan kelinchak misoli gul-gul ochilib borayotgan shahrimiz har kuni yangi bir qiyofa kasb etadi. Uning mehri, bag‘ri doimgidek issiq. O‘sha otash bizni doim u tomonga chorlab turadi.
Millionlab yulduz misoli jilva qilayotgan chiroq nurlari kuzatuvi ostida sevimli maskanga yo‘l olaman. Unda obi hayot bilan yorug‘lik, ezgulikning egizak vakillari ajoyib raqs ijro etishadi. Qanday musiqa yangramasin, ular hamnafas, hamdam bo‘lib, berilib raqsga tushishadi. Osmon esa quvonchdan shunday ajib rangga kiradiki, dunyoning hech qayerida bunchalik anvoyi ranglar uyg‘unligini topmasam kerak, deb o‘ylaysiz. Ufqdagi alvonrang och moviyga, och moviy esa to‘q moviyga u binafsharangga ulanib ketgan. Kech tushgan bo‘lsa-da, bu raqqosa favvoraning billur nurlari osmonnida uyqudan uyg‘otishga muvaffaq bo‘lgan. Osmonga otilayotgan zar misoli, yana qaytib yerga to‘kilayotgan suv tomchilari, qiqirlab kulayotgan go‘dak beg‘uborligini eslatadi. Beixtiyor, shu suv tomchilari orasiga kirib olib, ular bilan bas deguncha raqs tushging, shu orqali barcha charchoqlardan xalos bo‘lging keladi. Suv bilan teppa-teng o‘yinga tushayotgan ming xil rangda yonib o‘chayotgan chiroq nurlari hayotning yanada rang-barang, go‘zalligini, tinchlikning xuddi farzanddek, xuddi onadek, xullas dunyoda nimaiki muqaddas narsalar bo‘lsa, shular kabi aziz va mukarramligini ta’kidlayotgandek.
Mana qo‘l ushlashib olgan kelin-kuyovlar. Birvarakayiga uchta. Go‘yo favvoraning ham ularga havasi kelgandek bir muddat to‘xtab turdi-da, so‘ngra og‘zidan nur to‘kib, sho‘x raqsga tusha ketdi. Tinchlik bor yurtda to‘ylar ko‘p. To‘y ko‘p bo‘lsa, millatning davomchilari ham ko‘payadi.
Manavi bolakay nuqul favvoraga qarab jilmayadi. Uni jonli deb o‘ylayapti, shekilli. Qo‘lchalarini uzatib, rango-rang tomchilarni, zarrin nurlarni tutmoqchi bo‘ladi. Ajab emas, shu favvora sabab u yillar o‘tib yangidan-yangi nurli yulduzu sayyoralarni kashf qilsa… To‘g‘risi, men ham negadir shu favvorani, joni bor deb o‘ylayveraman. Uning raqsini tomosha qilgani yuzlab odamlar yig‘ilganidan xursanddek tuyuladi. Yana shunisi ham borki, tomoshaga kelganlar orasida oddiy dehqon ham, yapon diyoridan kelgan doim kulib turuvchi qo‘g‘irchoqni eslatadigan sayyoh ham, mitti chaqaloq ham, hayotning kamolot pillapoyasida turgan yosh o‘smir ham, xullas turli xil odam bor. Ammo favvora odam ajratmaydi. Hammani kulib, jilmayib qarshi oladi. Xursandligidan ming xil muqom va ming xil jilva bilan raqsga tushaveradi, tushaveradi… Hech charchamaydi, tinimsiz tabassum ulashadi. U shunday ajoyib, u shunday betakror. U O‘zbekiston kabi, o‘zbek xalqi kabi bag‘rikeng..
Ha, nima endi bitta oddiy favvorada deyishlari mumkin. Suvda xotira borligi dunyo olimlari tomonidan ilmiy isbotlab berilganiga ancha bo‘ldi. Demakki, favvorani jonli deyish mumkin. Demak, uning xursand bo‘lishi, odamlarni ko‘rib, zavqqa to‘lishi tayin…
Mustaqillik… Bu ajib favvoraning poydevori. Uning bunyodkori. Menga qolsa, bu favvoraning nomini istiqlol favvorasi deya katta zarhal harflar bilan yozib qo‘yardim.
Istiqloldir doyasi,
Yaxshilarning g‘oyasi.
Hayot raqsiga chorlar,
Istiqlol favvorasi.
Maskanlarning sarasi.
Saida IBODINOVA