Toza ichimlik suvi muammosi qachon hal etiladi?
Bayram arafasida bekobodlik dugonamdan hol-ahvol so‘rash maqsadida unga sim qoqdim. Go‘shakni ko‘targan Nargiza so‘lg‘in ovozda gapirardi. Bilsam, 2 yoshli farzandi gepatit (“sariq”) bo‘lib qolibdi. Shunga shifoxonada ekan. Tezda yo‘lga otlandim.
Shifoxonaga kelganimda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari biokimyoviy laboratoriyada qon tahlili topshirayotgan ekan. Dugonam bilan suhbatlashganimda farzandida xastalik ancha og‘ir o‘tganini aytdi. Institutda birga o‘qib yurgan kezlarimiz uning o‘zi ham tez-tez kasallikka chalinardi. Shunga onasi kabi bolaning ham immuniteti past bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Lekin shifokor bilan uchrashganimda u tumandagi toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo gepatitga sabab bo‘layotganini aytdi.
– Gepatit jigar bilan bog‘liq bo‘lgan kasallikdir, – deydi yuqumli kasalliklar bo‘yicha bolalar shifokori Dilfuza Hamroyeva. – Iste’mol qilayotgan ichimlik suvimiz bevosita jigar faoliyatiga bog‘liq. Shu sabab undagi kimyoviy unsurlar organizmga ozuqa berish bilan birga, zarar yetkazishi ham mumkin. Ayniqsa, suvning tarkibi o‘zgarsa, nafaqat gepatit, balki boshqa yuqumli me’da-ichak tizimi xastaliklarini yuzaga keltirishi mumkin. Suvga xlor qo‘shilishining sababi aynan yuzaga keladigan yuqumli kasalliklarning oldi olishga qaratilgan.
Suv quvurlari uzoq vaqt xizmat qilgani uchun zanglaydi va har xil mikroblarni o‘zida saqlab qoladi. Xlor esa bu mikroblarni parchalaydi va suvni iste’molga yaroqli qilib beradi. Lekin shunda ham suvni qaynatib, sovutilgan holda iste’mol qilish maqsadga muvofiq.
Joriy yilda Yurtboshimizning Qashqadaryo viloyatida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida aholi tomonidan ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar ko‘tarildi. Prezidentimiz o‘shanda mavjud kamchiliklarni o‘rganish uchun mutasaddilarga topshiriq bergan edi. Biz ham o‘z navbatida ushbu muammo bo‘yicha Bekoboddagi ahvol bilan yaqindan tanishdik.
– Qishlog‘imizda 20 yildan buyon toza ichimlik suvi yo‘q, – deydi bemor bolalardan birining otasi Nurbek Samadov. – Ikki qishloq naridan suv olib kelamiz. Idishlarimizga yashil rangli har xil cho‘kmalar to‘planib qoladi. Majburmiz shu suvdan foydalanishga. Buning ortidan aholi o‘rtasida jigar, buyrak bilan bog‘liq xastaliklar tez-tez uchramoqda. Ayniqsa, bolalar gepatit bilan kasallanayotgani kishini jiddiy tashvishga soladi.
Ayni kunlarda “Obod qishloq” dasturi asosida yurtimizning chekka-chekka hududlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholining turmush tarzini yanada yaxshilash maqsadida shinam uylar, guzarlar, ravon yo‘llar qurilmoqda. Mana shu ezgu ishlar sirasiga aholi uchun tabiiy toza ichimlik suvini yetkazib berish ham yo‘lga qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Muxtasar qilib aytsak, bolangizni gepatitdan saqlash uchun shaxsiy gigiyenaga qoidalariga amal qiling!
Dildora FAYZIYEVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri