Ezgu amallar ayyomi
Istiqlol yillari xalqimiz uchun chinakam ma’naviy tiklanish va yuksalish davridir. Mustaqillik tufayli bebaho merosimiz, dinu diyonatimiz, qadimiy urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi, mamlakatimizda vijdon erkinligi ta’minlanmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 7 avgustda qabul qilingan «Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida»gi qarori buning yana bir hayotiy ifodasidir. Zero, Ramazon hayiti – ezgu amallar ayyomi. Uni o‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat ruhida kutib olish va nishonlashda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda.
Respublika «Mahalla» xayriya jamoat fondidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi barcha mahallalarda Ramazon oyining xalqimiz ma’naviy hayotidagi o‘rni va ahamiyatini tushuntirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga qaratilgan ko‘plab targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalar, qabristonlar obodonlashtirilgan. Kam ta’minlangan oilalar vakillari, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatildi. Bundan tashqari, Mehribonlik, Muruvvat va Saxovat uylariga homiylik ko‘magi ko‘rsatildi.
Termiz shahri Uchqun mahallasida istiqomat qiluvchi 80 yoshli Ochil bobo Ravshanovning aytishicha, ulug‘ ayyom kunlarida tabarruk yoshli otaxon va onaxonlarni ziyorat qilib, duosini olish yoshlarimiz o‘rtasida yaxshi an’anaga aylangan. Bayram munosabati bilan mahalla ahli bobo yashayotgan uyni ta’mirlash va tomini yopishga yaqindan ko‘mak berdi. Bundan otaxonning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi.
Bu yil ham Ramazon hayiti xalqimizning eng ulug‘, eng aziz ayyomi – Mustaqillik bayrami arafasida nishonlanmoqda. Bayramlar munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyatining shahar va qishloqlarida ko‘cha va ariqlar, muqaddas qadamjolar, qabristonlar va ularning atrofi tartibga keltirilmoqda. Yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda.
– Viloyatimizdagi barcha fuqarolar yig‘inlarida bayram oldidan obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi «Mahalla» xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Shavkat Joniqulov. – Barcha qishloq va mahallalarda hashar uyushtirilib, qabriston va ziyoratgohlar yana bir bor tartibga keltirilmoqda. Xususan, Payariq tumanidagi Xo‘ja Ismoil nomli mahalladagi Imom Buxoriy majmuasi va uning atrofida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Hayit kunlarida viloyatda istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yakka-yolg‘iz keksalar, nogironlar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari va bayram sovg‘alari ulashiladi.
Hayit arafasida Toshkent shahrida ham xiyobonlar, maydonlar, ko‘cha va hovlilarni saranjom-sarishta qilish, ariq va zovurlarni tozalash, daraxtlarga shakl berish ishlari bajarilmoqda. Xususan, Olmazor tumanidagi «Mustaqillik» mahalla fuqarolar yig‘inida bayramga uyushqoqlik bilan tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
– Bugun to‘rt ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiluvchi mahallamizda bayramni tinch va osoyishta o‘tishini ta’minlash, ogohlikni oshirishga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdik, – deydi mazkur mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat Po‘latov. – Shu kunlarda yoshi ulug‘, yolg‘iz kishilar, bemorlar holidan xabar olinib, ularga dori-darmon va tibbiyot vositalari, sovg‘alar topshirilmoqda. Barcha ko‘cha, maydon va hovlilar saranjom-sarishta qilindi. Oltita bolalar maydonchasi qurilib, hududdagi bolalar bog‘chasi va oltmishga yaqin turar-joyning yo‘laklari ta’mirlandi.
– Mehr-oqibatli mahalladoshlarim nafaqat ulug‘ ayyom kunlarida, balki doimo holimdan xabar olib turishadi, – deydi Sirg‘ali tumani Bobur nomli mahallada yashovchi yolg‘iz onaxon Tatyana Garilova. – Qo‘shni bolalar «Tanya buvi», deya chaqirib kelishsa, ko‘nglim ko‘tarilib ketadi. Shunday mehr-e’tibor bois yolg‘izlikni sezmay, shukrona bilan umr kechiryapman.
Ha, tinch, to‘kin va farovon elga bayramlar yarashadi, tatiydi. Xalqimiz Ramazon hayitini ezgu amallar va ko‘tarinki ruh bilan kutib olayotgani ham yurtimizning tinchligi, osmonimiz musaffoligi, dasturxonimiz to‘kinligidandir. Nuroniy otaxon va onaxonlar duoga qo‘l ochib, bugungi saodatli kunlarimizga, tinch, osoyishta va farovon hayotimizga shukronalar aytib, xonadonlarga fayz-baraka tilamoqda. Yurtdoshlarimiz o‘z oilasi, mahallasi, el-yurti ravnaqi uchun sidqidildan xizmat qilayotgani bunday ulug‘ kunlarning yanada ziyoda bo‘lishiga – xalqimizning ezgu amallari yanada bardavom bo‘lishiga umid va ishonch bag‘ishlaydi.
Sayyora ShOYEVA,
O‘zA muxbiri