Avgust kengashlari ish boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyida umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining kasbiy mahorati va madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilash, 2013-2014 o‘quv yilida eng dolzarb yo‘nalishlarni belgilab olish, bunda hududiy boshqaruv idoralari hamda ta’lim muassasalari rahbarlarining mas’uliyati, tashabbuskorligini oshirish maqsadida Respublika o‘quv seminari o‘tkazildi.
Tadbirda Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlar xalq ta’limi muassasalari xodimlaridan iborat jami 416 nafar mutaxassis va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda mustaqillik yillarida sohada amalga oshirilgan islohotlar va istiqboldagi vazifalar, ilg‘or pedtexnologiyalar asosidagi interfaol usullarni o‘quv jarayonlariga tatbiq etish, ta’lim-tarbiya mazmunini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan ta’lim tizimida unumli foydalanish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
O‘quv seminarida ta’kidlanganidek, joriy yilning 10-15 avgust kunlari barcha viloyatlarda viloyat metodika markazi rahbarlari va hududiy malaka oshirish institutlari trenerlari yordamida Avgust kengashlarining sho‘ba yig‘ilishlari uchun trenerlar tayyorlash ishlari amalga oshiriladi.
22-25 avgust kunlari yurtimizning barcha tumanlarida yalpi yig‘ilishlar o‘tkaziladi.
Xalq ta’limi vazirligi Axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi