Yuraging urib tursin, bolajon!

Insonga berilgan eng ulug‘ ne’matlardan biri bu – farzand. Zero, u o‘zining baxt-u iqbolini zurriyodining kelajagida ko‘radi. Dilbandi tovoniga qadalgan har bir zirapcha ota-ona yuragiga xanjar bo‘lib sanchiladi.

Fotima opa o‘g‘li Sardorbekning birinchi farzandi tug‘ilganida o‘zini qo‘yarga joy topolmadi. “O‘rigidan mag‘zi shirin” emasmi, nabirasini yeru ko‘kka ishonmagan mehribon buvi chaqaloqqa aqlli, dono, oqila qiz bo‘lsin, deya Farzona deb ism qo‘ydi. Ammo, jajji qizaloqning salomatligida kun sayin noxush o‘zgarishlar kuzatila boshladi. G‘am soya solgan oila vakillari qizaloqni kasalxonaga olib borishdi. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng ikki oylik Farzona tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelganligi ma’lum bo‘ldi…

– Mitti yurakning xasta bo‘lishi katta yuraklarni larzaga soladi. Farzandimga ayolim bilan birgalikda shifo izlab yurgan kunlarimizning birida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi haqida eshitib qoldik. Umid bilan ularga murojaat qildik. Shukrki, harakatlarimiz zoye ketmadi. Toshkent pediatriya tibbiyot klinikasida birinchi kichik operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ikkinchi jarrohlik amaliyoti esa joriy yilning yanvar oyida Hindiston klinikasida bo‘lib o‘tdi. Hozirda qizimning ahvoli ancha yaxshi. Bundan juda xursandmiz. Shu o‘rinda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondiga o‘zim va oilam, jajji qizalog‘im Farzona nomidan chuqur minnatdorligimni bildiraman, – deydi Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanida istiqomat qiluvchi Sardor Tursunboyev.

 

Doniyor PIRNAZAROV,

Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti kardiojarrohi:

– Bolalarda uchraydigan tug‘ma yurak nuqsoni bo‘yicha o‘tgan yili Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti tomonidan 780 nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.

Ushbu xastalik Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi bolalarda nisbatan ko‘proq uchraydi. Onaning homiladorlik vaqtida tibbiy tekshiruvlardan o‘z vaqtida o‘tmasligi, salomatligiga yetarli darajada e’tibor bermasligi bolaning tug‘ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelishiga sabab bo‘ladi. Bu yil yana 800 nafarga yaqin bemor bolaga ko‘mak berishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.

 

Aholining kam ta’minlangan qatlamiga ko‘mak ko‘rsatish, ular holidan xabar olish, xastalikka chalingan bolajonlarni sog‘lom hayotga qaytarishda xayriya tashkilotlarining o‘rni beqiyos. Bu borada “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ham chorak asrdan buyon kemtik qalblarga o‘zining quvonch nurlarini ulashib kelmoqda.

Qayd etish kerakki, fond tomonidan 2012-2017 yillarda birgina tug‘ma yurak nuqsoni bo‘yicha 237 nafar bola Germaniya xalqaro xayriya tashkiloti grant mablag‘lari asosida Toshkent pediatriya tibbiyot institutida, ulardan 51 nafari esa Hindistonning “Artemis” klinikasida sog‘lomlashtirildi.

2018 yilning birinchi choragi davomida esa “Fridenzdorf interneyshnl” xalqaro xayriya tashkiloti grant mablag‘lari hisobidan murakkab turdagi yurak tug‘ma nuqsoni bo‘lgan 6 nafar bemor bola Hindistonning “Artemis” klinikasida operatsiya qilindi. Shu bilan bir birga, ushbu xastalikka chalingan 16 nafar bola ToshPTI klinikasida jarrohlik operatsiyasi yordamida sog‘lomlashtirildi. Tashkilot tomonidan oksigenatorlar, ularni butlovchi qismlar, kanyulla va kateter, shuningdek, boshqa turdagi zarur materiallar ota-onalarga yetkazib berildi.

Yana o‘qing:  Barvaqt qo‘yilgan tashxis ko‘krak saratonining oldini olishda juda muhim

Farzand kulgisi dillarga yorug‘lik ulashadi. Ularning salomatligi esa ota-ona baxtidir. Shunday ekan ko‘zlari munchoq jajji qalb egalarining boshlari doimo omon bo‘lsin!

 

Hurshida HUSENOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: