Ezgulik va muruvvat – faoliyatimiz asosi

Xasta insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning shifo topishiga ko‘maklashish – chin insoniy fazilat. Agar bemor bola bo‘lsa-chi? U holda bu xislatlar sirasiga qalblardagi muruvvat va saxovat tuyg‘ulari ham qo‘shiladi. Buning nomi bir so‘z bilan ezgulik deb ataladi. E’tirof etish o‘rinliki, bu yil tashkil topganiga 25 yil to‘lgan “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining asosiy maqsad-vazifalari ham ana shunday ezguliklardan iborat.

 

Svetlana INAMOVA,

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruvi raisi

25 yil. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu muddatning har kuni, har lahzasini tarix sahifalariga mehr kuni, saxovat lahzasi sifatida muhrlash mumkin. Zotan, fond xodimlari chin ma’noda sog‘lom avlod uchun qayg‘urayotgan insonlardir.

O‘tgan vaqt davomida fond respublikamizning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim o‘rin tutuvchi xayrli tashkilot sifatida el orasida hurmat-e’tibor qozongan bo‘lsa, keyinchalik dunyoning ko‘pgina davlatlarida nufuzi baland tashkilot sifatida tanildi.

Markaz chorak asr davomida ijtimoiy ahamiyatga molik tibbiy, gumanitar, madaniy-ma’rifiy, o‘quv-sog‘lomlashtirish va sport sohalarida ko‘pgina loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Qilingan ishlarni sarhisob qilsak ijtimoiy-tibbiy sohada “Tibbiy-ijtimoiy patronaj” va “Ona va bola skriningi” markazlarining tashkil etilishini alohida tilga olsak arziydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan mamlakatimizda ona va bola salomatligini asrash, yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi yo‘lida barcha resurslar ishga solinib, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanmoqda. Ammo bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali talaygina. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklar profilaktikasi, patronaj va skrining xizmatlarini zamonaviy darajaga ko‘tarish, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta’minlash tizimi samaradorligini oshirish birinchi darajali vazifamiz bo‘lib qoladi. Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini va tibbiy madaniyatni ommalashtirish bo‘yicha ham jiddiy ish olib borishimiz zarur”.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi har yili insonlar salomatligini saqlash, kam ta’minlagan, nogironligi bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan oila vakillarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularni zaruriy dori-darmon vositalari bilan ta’minlab kelmoqda. Mamlakatimizning chekka va ekologik noqulay hududlarida istiqomat qiluvchi aholini ijtimoiy muhofazaga olish maqsadida tashkil etilgan “Salomatlik” poyezdi har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Andijon viloyatlarida bo‘lib, u yerdagi aholi sanitariya-gigiyena vositalari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, dori-darmonlar, vitaminga boy oziq-ovqat mahsulotlari hamda nogironlik aravachalari bilan ta’minlamoqda. “Mehribonlik” uylari bilan doimiy hamkorlikda tasviriy san’at, sport va san’at yo‘nalishlarida turli ko‘rik-tanlovlar tashkil etilib, iqtidorli bolalar rag‘batlantirilmoqda.

Yana o‘qing:  Onalik va bolalik: O‘zbekiston tanlagan yo‘l yoxud dunyoda inqirozga yuz tutayotgan qadriyat

Sport sohasini rivojlantirish borasidagi loyihalar haqida so‘z ketganida, ayniqsa, ayollar va bolalar, shuningdek, nogironlar o‘rtasida o‘tkaziladigan musobaqalarni aytib o‘tish o‘rinli. Bu qilinayotgan ezgu sa’y-harakatlar mamlakatimiz aholisi o‘rtasida sportning ommalashishiga turtki bo‘lmoqda.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi o‘tgan yillar davomida Germaniyaning “Fridenzdorf Interneyshnl”, Janubiy Koreyaning “KOFIH” – Koreya xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi, Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Ameri Cers” kabi kompaniyalari, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston va Turkiya kabi xorijiy davlatlarning insonparvarlik tashkilotlari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Qolaversa, fond va uning viloyatlardagi filiallari hamda shahar, tuman tayanch maskanlari, poytaxtdagi Tibbiy-ijtimoiy markazi, hududlardagi “Ambulans” tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari jamoalarining xalq salomatligi yo‘lida olib borayotgan ezgu ishlarini ham alohida e’tirof etish zarur.

Fond va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman tayanch maskanlarining mutaxassis-shifokorlari tomonidan aholining tibbiy savodxonligini oshirish maqsadida oliy o‘quv yurtlari, kollej, akademik litsey hamda umumta’lim maktablarida kashandalik, giyohvandlik, spirtli ichimliklarning zarari, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning xavfi, OIV va OITS, jinsiy yo‘llar bilan yuquvchi kasalliklar xususida, sog‘lom oilani shakllantirish, kamqonlik, yod tanqisligi, bolalar hamda fertil yoshidagi ayollar kasalliklari kabi mavzularda talaba va o‘quvchilarga ma’ruzalar o‘qilib, turli mavzudagi bukletlar tarqatildi.

Shuningdek, bir qancha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda xalqaro va nufuzli tibbiy, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, “Navro‘z sadolari”, “San’at g‘unchalari” shular jumlasidan. “Mehribonlik” va “Muruvvat” uylari tarbiyalanuvchilari va imkoniyati cheklangan bolalar o‘rtasida tashkil etilayotgan “Kamalak jilosi” va “Maftunkor ranglar dunyosi” rasmlar ko‘rik-tanlovlarida ham fond faol ishtirok etmoqda.

Ushbu ezgu ishlarni davom ettirish, xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish, aholining ijtimoiy muhofazasini mustahkamlash bundan keyin ham bosh maqsadimiz bo‘lib qoladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: