“Iste’dod” xalqaro tanlovi boshlandi
Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi tomonidan o‘tkazilmoqda. Ushbu san’at festivalida yurtimizdagi bolalar musiqa va san’at maktablari, musiqa, san’at va madaniyat yo‘nalishidagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari hamda Afg‘oniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Rossiya, Belarus, Turkiya, Koreya, Xitoy, Eron, Germaniya, Misr mamlakatlari ta’lim muassasalarining 50 nafardan ziyod o‘quvchilari ishtirok etmoqda.
Tanlovning yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblari ijro mahoratiga ko‘ra aniqlanadi. Ushbu ko‘rik-tanlovda yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritgan g‘oliblar 1 yilgacha bolalar musiqa va san’at maktablaridagi badal to‘lovlaridan ozod etiladi. Kollej va litsey o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilinadi. Shuningdek, ular pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Tanlov 29 aprel sanasida o‘z yakuniga yetadi.
X. HUSENOVA