Toshkent planetariysida quvonchli bayram
Joriy yil 12-15 aprel kunlari “Fazogirlar” kuni munosabati bilan Toshkent shahar Planetariysi Madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda bayram tadbiri o‘tkazdi.
Bayramona bezatilgan zal, unga hamohang tarzda yangrayotgan mayin musiqa sadolari kichik yoshli bolajonlar, o‘quvchi-yoshlarni o‘ziga ohanrabodek chorladi. Bayram har yilgidan-da ko‘tarinki ruhda o‘tgani bilan barchaning xotirasiga muhrlandi.
– 2018 yil – Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili hamda “Fazogirlar” kuni munosabati bilan o‘quvchi-yoshlarga quvonch va shodlik ulashish, qolaversa, ularning astronomiyaga oid bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida ushbu bayram o‘tkazildi, – deydi Toshkent shahar Planetariysi uslubiyatchisi Madina Azimova.
Tadbir davomida konsert dasturlari, yulduzli qahramonlar bilan sahna ko‘rinishlari, bolalarning aqliy salohiyatini oshirishga qaratilgan viktorina hamda koinot sirlarini chuqurroq o‘zlashtirishlari uchun qiziqarli dasturlar namoyish etildi.
– Planetariyni sinfdosh do‘stlarim bilan mazza qilib tomosha qildik. Namunaviy zalda joylashgan yulduzli osmon, quyosh tizimidagi sayyoralarni tomosha qilishga mo‘ljallangan uskunalar bilan tanishish orqali astronomiyaga oid bilimlarimiz boyidi. Maxsus proyektor va tanlab olingan slaydlar yordamida koinot tubiga sho‘ng‘ish, metioritlar, Shimol yog‘dusi, turli kattalikdagi kometalarni ko‘rish o‘zgacha taassurot uyg‘otdi, – deydi 273-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Malika Mahmudova.
“Faol tadbirkorlik, inovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” davlat dasturida yosh avlodni har tomonlama sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, ularda zamon talablariga mos bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shu maqsad yo‘lida tashkil etilgan mazkur tadbirda yulduzli viktorina o‘tkazildi. Bellashuvda ishtirokchilarga astronomiya faniga oid topishmoqlar, test savollari berildi. G‘olib bolajonlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Ushbu viktorina orqali astronomiya faniga oid bilimlarimni sinovdan o‘tkazdim. Yakunda hakamlar hay’ati mening ishtirokimni 1-o‘ringa loyiq ko‘rdi, – deydi poytaxtimizdagi 161-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Denis Juravlyov.
Xurshida HUSENOVA