Mehribon ona ayiq

Baxmalning Oyqor tog‘i oraliqlarida qo‘ng‘ir va jigarrang ayiqlarni uchratish mumkin. Bu aqlli jonivorlar hid bilish hissi yordamida sheriklarini tezda topib oladi. Burni ta’sirchan, o‘ttiz chaqirim naridan ham sezadi. Hatto, besh-olti soat oldin yurib o‘tgan sheriklari isini biladi.

To‘dadagi katta ayiq yaxshi ov qilish joyini tez topadi. Yassi burni va o‘tkir tirnoqlaridan hech bir raqib qochib qutulolmaydi. Unga qahraton sovuq pisand emas. Qalin mo‘ynasi, teri ostidagi yog‘lari uni sovuqdan saqlaydi. Vazni og‘ir bo‘lsa-da, tez yuguradi.

Vahshiyligi harakatlaridan shundoqqina sezilib turadi. Mustahkam jag‘lari bilan daraxt shoxlari, buta va poyalarni osongina g‘ajiydi. Yemak tanlab o‘tirmaydi.

Bahor kelib, kunlar isiy boshladi. Ona ayiq mana ikki oydan beri bolalari bilan birga yashab kelmoqda. Bu davrda u o‘ta mehribon bo‘lib, bolalarini diqqat bilan parvarishlaydi.

Ona ayiq uyadan chiqish vaqtini biladi. Tevarak-atrof jim-jit bo‘lganida uning bolalari ilk bor inidan chiqib, tashqi olam bilan tanisha boshlaydi. Onasi esa doim bolalariga ko‘z-quloq bo‘lib turadi. Daraxtga tirmashib chiqishga kichkintoylar usta, xuddi tirnoqlari ilgakka ilingandek bo‘ladi. Mabodo qo‘rqsa, onasi ularni tinchlantiradi.

Ona ayiq xatar xafv solayotganini oldindan seza boshladi. U asabiylashib, qochish taraddudida. Bu yagona va to‘g‘ri yo‘l. Bolalari esa yashirinish payiga tushdi. Instinkt shuni taqozo etadi. Bolalarining biri erkak ayiqdan qochib qutilolmadi. Lekin kunlar ilib, hademay qolgan ikki bolasi mustaqil hayotga tayyor bo‘ladi.

Bu jonivorlar uchun eng xavfli dushman qondoshlari – erkaklari. Ona ayiq jonini berib bo‘lsa ham ulardan bolalarini himoya qilishi lozim. Sinchkov va g‘amxo‘r ona uchun o‘lja qidirish uzoqqa cho‘zilishi mumkin. Bu hech ham yaxshilikka olib kelmaydi. Turli ko‘ngilsizlikka ro‘baro‘ bo‘lishi mumkin.

Oziq-ovqat kam paytlari ayiqlarga xursandchilik tatimaydi. Shunda o‘tgan yildagi poya ildizlari hamda tuganaklarni ham e’tibordan chetda qoldirmaydi. Ayiqlardagi ochlik qishloq chekkasidagi ekin maydoni va daryo qirg‘oqlariga borishlariga majbur qiladi. Toshlarni ag‘darib, mingoyoq, molyuska va shu kabi hasharotlarni izlaydi. Sarqitdan ham tap tortmaydi. Qorin to‘qlash g‘amini yeydi. Ov qilib kuch to‘playdi.

Ochlik, raqiblar tahdidi, o‘g‘rincha ov qiluvchi odamlar ayiqlar hayotiga xavf solib turadi. Lekin qishloq odamlari va aqlli jonivorlar bir-birlariga ko‘nikib qolgan. Ayiqlar atrofdagilarga ziyon yetkazmaydi. Doimo bir so‘qmoqdan yuradi, odamlarga hujum qilmaydi. Tog‘liklar ham shovqin solmasdan ularga yoqmaydigan biror ish qilishdan ehtiyot bo‘ladi. Aks holda ayiqlar xavflidir.

Yana o‘qing:  Birni ko‘rib fikr qil...

Oyqor qishlog‘i aholisi jonivorlar bilan totuv yashab keladi. Ayiqlar uchun ham bu osoyishta go‘shadir. Ular vaqti-vaqti bilan suv bo‘yiga to‘planib, atrofni kuzatishadi. Ular yozgacha oziqlanib, ko‘proq vazn to‘plashi kerak.

Qishloq odamlarida ulardan himoyalanish uchun zarur anjomlar yo‘q emas. Ular ziyrak va sinchkov jonivorlar g‘ashiga tegmaslik, o‘ljasiga ko‘z olaytirmaslik kerakligini yaxshi biladi. Ayiqlar ham inson hayoti va mulkiga dabdurustdan tajovuz qilmaydi. Lekin baribir bu aqlli hayvonlar odamlar mehriga muhtoj.

 

Abdulla SAIDOV,

Jizzax viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: