Kitob o‘qigan odam

Odamlarni, ayniqsa, yoshlarni hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlashlarida fikri teran, dunyo qarashi keng, qalbi toza insonlarning hissasi katta. Bunday odamlar har bir mahallada, har bir ilm maskanida yoki mehnat jamoasida topiladi.

Ular yon-atrofidagilarga yaxshilik va ezguliklar ulashishni insoniy burchi deb biladi. Ularga yondoshgan kishi, albatta, hayotda to‘g‘ri yo‘lni izlaydi va o‘z oldiga qo‘ygan ezgu niyatiga yetishadi. Kezi kelganda “Yaxshiyam, shu kishiga duch kelganim. U kishi men uchun ustoz!” deya e’tirof etishadi.

Xo‘sh, USTOZ maqomiga erishib, el ichra obro‘-e’tibor qozongan kishining boshqalarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, qimmatli maslahatlar berishining sababi nimada? Ularning jamiyatdagi o‘rni, odamlar o‘rtasida obro‘si, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘zgalar qalbiga yo‘l topishlarining boisi, ko‘p KITOB O‘QIGANliklaridan, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bolalik yillarimiz. Sakson yoshni qoralagan Sa’dulla tog‘amizni qalin muqovali kitob o‘qib turganlarining ko‘p bor guvohi bo‘lganmiz. To‘y-ma’rakalarda qishlog‘imizning hamma hurmat qiladigan odamlari tog‘amning gaplarini oxirigacha tinglardi. Biror davraga kirsalar, hozirgina bahs-munozaraga sabab bo‘lib turgan savol tog‘amning jo‘yali, o‘rinli javoblari bilan barham topardi. “Sa’dulla bobo, haq gapni aytdi… Ko‘pni ko‘rgan-da, hamma narsani biladi…”, – deyishsa ich-ichimizdan sevinardik. Yoshimiz ulg‘aygach, bildikki, tog‘am – Sa’dulla Abdullayev filolog bo‘lgan ekan. Tuman gazetasida bosh muharrir, keyinchalik tuman rahbari bo‘lib ishlagan. Avtokorxonada rahbarlik qilib, nafaqaga chiqqan. Qizig‘i, u kishini yaqindan bilganlar “Qo‘llaridan kitob tushmasdi. Ishni eplolmagan xodimlarni koyiganda: He, o‘qimagan!..” deb qo‘yardi, deyishadi. Esimdan chiqmaydi. Tog‘am nafaqaga chiqqach, tuman markazidagi kitob do‘konini yuritdi. Do‘konga kirsak, deraza yonidagi stulda o‘tirgan ko‘yi kitob mutolaasiga berilgan bo‘lardi. Savdo ishini o‘g‘illari So‘nmas bajarardi.

Mahalladosh o‘quvchilar yoki jiyanlar bilan gaplashganda: “Xo‘sh, qaysi yozuvchilarni kitoblarini o‘qiding. Birorta she’r aytib ber-chi…” deya savolga tutardi. U kishi bilan suhbatlashish uchun albatta, KITOB O‘QIGAN bo‘lish zarur edi.

Badiiy asarga qiziqish kasb-kor yoki yosh tanlamaydi. Oliy ma’lumotli odamlarga e’tibor bering, deylik, o‘qituvchi, shifokor, muhandis, san’atkor… Lekin, ularning orasida boshqa hamkasblaridan o‘zining tafakkuri, fikri teranligi bilan ajralib turadiganlar bor. Diplomni qo‘lga olib, o‘z kasbida ishlab, tajriba orttirgan, mutaxassisligi orqasidan obro‘-e’tibor qozongan ikki nafar kishiga nazar tashlang. Biri ikkinchisidan farq qiladi. Muomalasi, fikrlari bilan odamlarni o‘ziga jalb etgani bu – ko‘p KITOB O‘QIGAN odam.

Yana o‘qing:  Sportchilarimiz juftlikda sovrindor bo‘ldi

Ahmad akam oilamizning to‘ng‘ichi. Uzoq yillar ichki ishlar sohasida xizmat qildi. Kitob mutolaa qilish jon-u dili. Shoirlar, adiblar va adabiyotshunoslar haqida yoki bugungi adabiy jarayon xususida uncha-muncha filolog-olim bilan bemalol bahslasha oladi.

 

Adabiyot muallimlari darslikdagi uch-to‘rtta ijodkordan boshqani bilmaydi. O‘qituvchining o‘qimasligi o‘quvchiga salbiy ta’sir etadi. Yoshlar KITOB O‘QIGAN odamga ergashadi-ku, axir, – deydi.

 

Qishlog‘imizda paxsa devorning ustasi bo‘lgan Turob bobo Rashidov bor edi. O‘zi oddiy usta bo‘lsa-da, mazmundor gurunglari bilan bir uy odamni og‘ziga qaratardi. U kishini yaqindan tanimaganlar “Yoshligida adabiyot muallimi bo‘lganmikin?” degan xayolga ham borishardi.

O‘zbek xalq dostoni voqealari qishlog‘imiz tog‘ yon bag‘rida bo‘lib o‘tgan. Ancha yillar oldin “Yangi asr avlodi” nashriyotida “Yozi bilan Zebo” dostonini qayta nashr ettirdik. Bu kitob chop etilganidan birinchilardan bo‘lib quvongan ham usta Turob bo‘ldi.

“Bolalarim o‘qinglar, bizlar o‘qiyolmadik. Hozir o‘qishlaring, ko‘zlagan maqsadlaringga erishish uchun hamma imkoniyat bor. Kim bo‘lishlaringdan qat’iy nazar KITOB O‘QIGAN yutadi, ha, vaqtni behuda o‘tkazmanglar!” – derdi yoshlarga nasihat qilib.

O‘quvchilik davrimizda maktabimiz zalining burchagidagi kattakon xona kutubxona uchun ajratilgan edi. Javonlardagi kitoblarning salobati o‘quvchilarni hayratlantirardi. Mudira basavlat gavdali ayol Oyimjon opa Qurbonova har tong dasta-dasta gazeta va jurnallarni qo‘llarida ko‘targancha yo‘lakni to‘ldirib yurardi. Kutubxona biz uchun sirli makon edi. Eshik ochilishi bilan yosh kitobxonlar sirli makonga intilishardi.

MutolaAga mehri baland bo‘lgan o‘quvchilar yoshi katta bo‘lganda ham, turli kasbda faoliyat yuritishidan qat’iy nazar bir umr kitoblarga oshno bo‘lishdi. Zero, mazmunan boy, qiziqarli, tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan badiiy yuksak asarlarning ohanrabosi bor.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarning nomi adabiyot muxlislariga ham yaxshi tanish. Tibbiyotga oid 250dan ortiq ilmiy maqolalar, 50 ga yaqin ilmiy ixtirolar hamda ratsionalizatorlik takliflari muallifi bo‘lgan Jumanazar Beknazarning “Bolangiz nega bezovta?”, “Tosh balosi”, “Guldek nozik”, “Bolalarga bag‘ishlangan umr”, “Ona va bola tayanchi”, “Qamay dostoni”, “Yoniq yuragim”, “Mehr quyoshi”, “Iztiroblar komida”, “Manzildan keyingi yo‘l”, “Yillar silsilasi” nomli kitoblari chop etilgan.

Birinchi sinfda yaxshi o‘zlashtirolmaganim uchun ikki marta o‘qiganman, – deydi u kishi o‘quvchilik yillari haqida so‘z yuritganda, 2-sinfga o‘tolmaganimning alamidanmi, diqqat-e’tiborim kitobda edi. Bir kuni “Alifbe” kitobini varaqlayotgan paytimda miyamda qandaydir g‘alati, chirillagan tovush paydo bo‘ldi-da, bosh tomondan boshlanib, orqa tomon – ensadan chiqib ketdi. Shu zahotiyoq, “Alifbe”ni sharillatib o‘qiy boshladim. Keyin, gazetalarni mutolaa qilishga tushdim. 6-sinfda o‘qiyotganimda kitoblarga, adabiyotga bo‘lgan ishtiyoqim yanada ortdi. Buning sababi, otamning bir kitobni yashirib o‘qiyotganini bilib qoldim. Ishdan keladi-da, kitobni o‘qib, yana berkitib qo‘yadi. Sekin, poylab borib, kitobni qayerga yashirishlarini bilib oldim. Kitobni olib, o‘qishga tushdim. Bu Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani edi. Asarning asl mohiyatiga uncha tushunmagan, so‘zlarni ko‘pam anglolmagan bo‘lishim mumkin. Ammo, gap nima haqda ketayotganini, asar qahramonlarining ruhiy iztiroblari, roman voqealari ko‘nglimga chuqur o‘rnashib qoldi. Va shu paytdan boshlab kitobga, adabiyotga beqiyos darajada mehr qo‘ydim…

Yana o‘qing:  Farzandlikka olishning qonuniy tartibi

“Kitoblarni o‘qishni aslo kanda qilma. Chunki qanchalik bilimli bo‘lsang hayotda egallagan o‘rning ham o‘shanchalik mustahkam bo‘ladi…” derdi otam, deya xotirlaydi olim.

Insonning ma’rifatli, ma’naviyatli, madaniyatli bo‘lishida kitobning roli benihoya katta. Bunday insonlardan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Ziyoli odam o‘zining bilimi, tajribasi, amaliy ko‘nikmalarini boshqalarga ham o‘rgatishga harakat qilib, o‘sha o‘rgangan insonning o‘zidan biron narsani o‘zlashtirganini ko‘rgan paytda uning quvonchi ichiga sig‘may ketadi. Mana shu shodlik, quvonch hislari faqat adabiyotdan bahramand bo‘lgan odamlarda paydo bo‘lishi mumkin…

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev kitob va kitobxonlik, ma’naviyat xususida qayta va qayta ta’kidlayapti. Bu esa yurtdoshlarimiz qalbiga g‘urur bag‘ishlab, odamlarni kitobga bo‘lgan ishtiyoqini oshirayapti.

Qaysi oilada kitobxonlikka e’tibor qaratilgan bo‘lsa, o‘sha xonadonda kamol topayotgan farzandlar SO‘Zni, ilmni qadrlaydi. Komil inson bo‘lishga intiladi. Qanchadan-qancha ziyolilar, oddiy kasb egalari, mansab pillapoyalaridagi o‘zimiz tanigan odamlarni yaxshi bilamiz. Ularning orasida tanlab, saralab KITOB O‘QIGAN ODAM ajralib turishi bor gap. Nurli chehrali, xushmuomalali, odamlarga faqat va faqat yaxshilik istovchi, el-yurt koriga yaraydigan, ma’naviyati yuksak ODAM bilingki, u albatta, KITOB O‘QIGAN!

 

Abdulla AYIZOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: