“Temur tuzuklari”: hikmatlar va haqiqatlar
Manbalardan ma’lumki, Amir Temur davlatni boshqarishda, avvalo, mamlakatning osoyishtaligi, ra’iyatning ijtimoiy ahvoli, shuning barobarida saltanatning sobitligi uni boshqaruvchilar donoligiga bog‘liqligini yaxshi anglagan.
Shundan kelib chiqqan holda davlatni boshqarishda kengashlarning ahamiyatiga alohida e’tibor bergan va piri Zayniddin Toybodiyning quyidagi purhikmat so‘zlariga doimo amal qilgan: “Kengash va mashvaratsiz saltanatni barcha qilgan ishlari va aytgan gaplari noto‘g‘ri bo‘lgan johil odamga qiyos qilish mumkin; uning aytgan so‘zlari va qilgan ishlari boshga pushaymonlik va nadomat keltirgay. Shunday ekan saltanat boshqarishda mashvarat-u maslahat va tadbirkorlik bilan ish yurgizgin, toki oqibatda nadomat chekib pushaymon bo‘lmagaysan”. Sohibqiron o‘z “Tuzuklar”ida ham bu maslahatlarga rioya qilganini bildirib, “Bu maktub menga yo‘l boshlovchi yanglig‘ rahnamolik qildi. U menga saltanat ishlarining to‘qqiz ulushini mashvarat, tadbir va kengash, qolgan bir ulushini esa qilich bilan bajo keltirishni anglatadi”, deya ifoda etadi. Shuni nazarda tutgan holda “Tuzuklar”da yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri kengash bilan amalga oshirish mumkinligi alohida ta’kidlanadi.
Buyuk Sohibqiron saltanatni barpo etish va mustahkamlash ishlarini qurultoy chaqirishdan boshlaydi. Ahamiyatlisi, bu kabi tadbirlarda bobokalonimiz har bir jihatga alohida e’tibor bergan. Xususan, “Tuzuklar”da aytilishicha, maxsus saltanat saroyida o‘tirish tuzugi ham mavjud bo‘lgan va unda barcha mansabdor shaxslar va tabaqalarning majlis vaqtida o‘tirish joyi belgilab qo‘yilgan.
Ushbu qoidaga ko‘ra sayidlar, qozilar, ulamo, fuzalo, mashoyix va boshqa oliy tabaqaga mansub kishilar amir taxtining o‘ng tomonidan, amirul umaro, beklar begi, amirlar, sardorlar, shuningdek, o‘nboshi, yuzboshi va mingboshilar mansab darajalariga qarab taxtning so‘l tomonidan, devonbegi, vazirlar va ularning ortidan bahodirlar – taxt orqasidan o‘rin olishgan. Bunday tartib-intizomni to‘rt amir nazorat qilgan. Ularni “saltanat qo‘rg‘onlari” deb atashgan.
Yana bir e’tiborli jihati, Amir Temur o‘ziga xayrixoh beklar, amirlar, ulus boshliqlari bilan birga dushman ko‘zi bilan qaragan amirlarni ham qurultoyga chorlaydi. Sohibqiron shu tariqa kuchdan ko‘ra aql va tadbir bilan ish ko‘rishni, murosa-yu madora orqali dushmanni do‘stga aylantirishni ma’qul ko‘radi. Bu haqda “Tuzuklar”da shunday deyiladi:
Garchi ishning qanday yakunlanishi taqdir pardasi ortida yashirin bo‘lsa ham aqli raso va hushyor kishilardan kengash-u tadbir istab, fikrlarini bilmoq lozimdir”.
Sohibqiron harbiy yurishlarni ham kengash bilan boshlagan, avval sulh yo‘llarini izlagan, bu borada diplomatik aloqalardan unumli foydalangan, maslahatchilarining gaplariga quloq tutgan. “Tuzuklar”da aytilishicha, “Amirlarim agar yarashdan so‘z ochsalar, buning foydasini urush ziyoniga solishtirib ko‘rardim, agar urushga moyil bo‘lsalar, uning naf va foydasini yarash ziyoniga taqqoslab ko‘rardim, qaysi biri foydaliroq bo‘lsa, shuni ixtiyor qilardim. Sipohni ikkilantiradigan (turumsiz) kengashni eshitishdan saqlanardim. Qaysi kishi aqlga sig‘gan bir ishni kuyinib gapirsa, suyib eshitar edim. Kimki oqilona gaplarni erlarcha keskinlik bilan so‘zlasa, unga ham quloq solardim. Har kimdan so‘z olib kengash so‘rar edim. Lekin aytilgan har bir maslahatning yaxshi va yomon tomonlari haqida o‘ylab ko‘rgach, to‘g‘ri va savoblirog‘ini tanlab olardim”.
Bu so‘zlardan ulug‘ Sohibqironning naqadar kuchli shaxs, donishmand, oqil sarkarda, yetuk davlat arbobi ekanini anglash qiyin emas. E’tiborlisi, bu hikmatli so‘zlar bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, yana ming yillar dunyoning barcha davlatlari yetakchilari uchun dasturilamal bo‘lishga arzigulik.
Manbalarda aytilishicha, Amir Temur o‘z saltanatini asosiy to‘rt vazir va sarhadlarda ushbu vazifalarni bajarish uchun tayinlangan uch vazir, jami yetti vazir orqali boshqargan. Har bir vazirning vazifasi aniq ko‘rsatib berilgan.
Vazirlar tizimining o‘ziga xos tomonlaridan biri shu ediki, vazirlardan ikkitasiga o‘ta mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan bo‘lib, ular har qanday sharoitda ham Sohibqironning xatti-harakatlarini kuzatib borishi, uni doim to‘g‘rilikka da’vat etishi, har qanday sharoitda ham adolat mezonlaridan chetga chiqishiga yo‘l qo‘ymasligi lozim edi. Ular Temur faoliyatini muttasil ravishda sinchkovlik bilan kuzatib, unga haq gapni aytishdan aslo cho‘chimas edilar. Chunki Amir Temur dono vazirlarni eng to‘g‘ri chora-tadbirlar qo‘llab, davlatni tartib-intizomga keltiruvchi shaxs sifatida qadrlardi.
Sohibqiron faoliyatiga nazar tashlarkansiz, u ko‘z oldingizda yetuk davlat arbobi, mohir sarkarda, olimu fuzalolar homiysi, bunyodkor, adolat va tinchlik tarafdori, dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yirik shaxs sifatida gavdalanadi. Uning “Tuzuklar”ga jo bo‘lgan hikmatlari esa har qanday odamga yo‘lchi yulduz yanglig‘ ta’sir qiladi, insonni yuksaltiradi, ulug‘ ishlarga undaydi…
Muhammadjon QURBONOV