Ijtimoiy himoya e’tiborda
Yaqinda Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash Milliy markazida ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda shifokorlar va shu muassasada davolanayotgan imkoniyati cheklangan fuqarolar bilan «Nogironlarni jamiyatga integratsiyalashuvida matbuotning roli» mavzuidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish, ularni reabilitatsiya qilish orqali to‘laqonli turmush kechirish, o‘qish, ta’lim olish, kasb egallash, mehnat qilish hamda o‘z huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan. Yurtimizda «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri (2008 y.) qabul qilinishi sohaga doir ishlar ko‘lamini kengaytirishga imkon berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yildagi qaroriga muvofiq Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazining 1-hududidagi davolash binosi qayta rekonstruksiya qilinib, nogironlarga barcha qulay shart-sharoitlar yaratildi. Shu bilan birga bugungi kunda markaz hududida 56 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha yangi davolash binosi qurib bitkazilmoqda.
Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 17-maydagi 89-sonli qaroriga muvofiq Nogironlarni tibbiy-ijtimoiy va kasb bo‘yicha sog‘lomlashtirish Milliy markazi hamda Tayanch-harakat qilish tizimi buzilgan nogironlarni sog‘lomlashtirish respublika markazini birlashtirish yo‘li bilan tashkil etilgan va 200 o‘ringa ega bo‘lib, 2 ta hududda joylashgan. Shu jumladan, o‘nta o‘rin tayanch-harakat a’zolari tizimida buzilishlar bo‘lgan, asosan protez-ortopediya mahsulotlariga muhtoj nogiron bolalarga ajratilgan.
Markazning asosiy maqsadi turli jarohat va kasalliklar asorati tufayli imkoniyati cheklangan shaxslarni tibbiy, ijtimoiy, psixologik, kasbiy reabilitatsiyadan o‘tkazish hamda ularga huquqiy maslahatlar berish orqali jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga ko‘maklashishdir.
Ushbu Milliy markazga nogironlar o‘zlari yashab turgan joyidagi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari va davolash-profilaktika muassasalari tibbiy-maslahat komissiyalari tomonidan order asosida yuborilgan holda qabul qilinadi.
Markaz vrachlarining aksariyati Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstriya, Polsha, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belarus Respublikasining yirik ilmiy-tadqiqot markazlari va klinikalarida hamda Toshkent Vrachlar malakasini oshirish institutining turli klinik kafedralarida malaka oshirgan. Bugungi kunda, markazda 4 nafar tibbiyot fanlari doktori va 7 nafar fan nomzodlari faoliyat yuritmoqda.
Yaponiya hukumati tomonidan ajratilgan grant yordamida 59 turdagi tibbiy asbob-uskuna va jihozlar keltirilib, nogironlarga bepul xizmat ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari bevosita markaz faoliyati bilan tanishdilar hamda bemorlar bilan suhbatlashish imkoniga ham ega bo‘ldilar.
Shokir QOSIMOV,
Nogironlarni reablitatsiya qilish va protezlash Milliy markazi ijtimoiy-kasbiy reablitatsiya bo‘limi mudiri