Oltin davr ostonasida
Mustaqil hayot sari qadam qo‘ygan har bir yigit-qiz ezgu maqsadlarni ko‘zlab olg‘a intiladi. Yuksak bilim va saviyaga ega bo‘lish yoshlarimizning ezgu maqsadlariga aylangan desak aslo mubolag‘a emas.
Joriy yilda oliy o‘quv yurtlariga 480407 nafar abituriyent hujjat topshirganligi buni isbotlab turibdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yildagiga nisbatan 48390 nafardan ko‘p abituriyent hujjat topshirganligini anglatadi. Yaratilgan shart-sharoitlardan to‘laqonli foydalanib, tinimsiz o‘qib izlangan yoshlar albatta test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirib, talaba degan sharafli nomga muyassar bo‘lishadi.
Bu borada O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutida ham bir qator ibratli ishlar amalga oshirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 2006-2007 o‘quv yilidan boshlab viloyatlar kesimida «Xotin-qizlar sportini rivojlantirish yo‘nalishi»da qabul tashkil etildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlar sportini rivojlantirish, ular salomatligini yaxshilash barobarida sog‘lom onadan sog‘lom bola dunyoga kelishini ta’minlash, ularning ulg‘ayishi, tarbiya topishi va pirovard natijada millat genofondini yaxshilashdan iborat. 2006-2007 o‘quv yilida mazkur yo‘nalish bo‘yicha 220 nafar qizlar talabalikka qabul qilingan bo‘lsa, 2011-2012 o‘quv yilida ular soni 260 nafarga yetgan. O‘tgan o‘quv yilida ushbu yo‘nalish bo‘yicha o‘qish istagida bo‘lgan 1433 nafar abituriyent qizlar ariza topshirganining o‘ziyoq xotin-qizlarning sportga bo‘lgan ishtiyoqi kundan-kunga ortib borayotganini ko‘rsatib turibdi.
– Har yili viloyatlarda xotin-qizlardan mazkur yo‘nalish bo‘yicha test sinovlari olinar edi. Joriy yildan boshlab bu sinovlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri institutning o‘zida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu yil mazkur yo‘nalish bo‘yicha 260 nafar talaba qabul qilinadi. Badiiy gimnastika, qo‘l to‘pi, voleybol, basketbol kabi sport yo‘nalishida yetuk mutaxassislar tayyorlashni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz, — deydi O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya instituti ma’naviy-axloqiy ishlar bo‘yicha prorektori Nodir G‘afforov. Darhaqiqat, o‘tgan davr mobaynida ushbu yo‘nalishda tahsil olgan talabalardan Zulfiya Karabayeva Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 6 nafar iqtidorli qizlar Ibn Sino nomidagi davlat stipendiyasiga sazovor bo‘lishgan. 100 nafardan ziyodi ko‘p karra O‘zbekiston chempioni, 300 nafardan ziyod qiz sport ustasi, 30 nafardan ko‘p talaba xalqaro toifadagi sport ustasi va ko‘plab Osiyo o‘yinlari g‘olibi sanaladi. Xotin-qizlar sporti yo‘nalishini bitirib, murabbiy sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan talabalarimiz ko‘magida hududlarda yoshlar o‘rtasida badiiy gimnastika, suzish, qo‘l to‘pi, yengil atletika kabi sport turlariga bo‘lgan qiziqish ancha ortdi. Ayni vaqtda mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan 1050 nafar talaba-qizlar o‘qish va jamoat ishlarida faol ishtirok etmoqda.
J.HAYDAROVA