Mirjalol Qosimov: “YO’LLANMA UCHUN KURASHNI DAVOM ETTIRAMIZ”
O‘zbekiston va Janubiy Koreya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi JCH-2014 saralash 4-bosqich 4-tur uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘yin juda og‘ir kechganini va yakuniy natija haqqoniy bo‘lganini qayd etib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 2:2 hisobida yakuniga yetdi. O‘zbekiston terma jamoasi gollari janubiy koreyalik Ki Sun Yong hamda o‘zbekistonlik yarim himoyachi Sanjar Tursunov hisobiga yozilgan bo‘lsa, koreyslardan Kvak Taye Xvi hamda Li Dong Guk o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
“Bugungi o‘yin uchun yigitlarga minnatdorchilik bildiraman. Bizni o‘yin davomida qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga ham rahmat aytishni xohlardim. Yigitlar muxlislarning ishonchini oqlashdi, deb o‘ylayman. Ushbu o‘yinda yutishimiz ham, yutqazishimiz ham mumkin edi. Bu o‘yinda Janubiy Koreya favorit bo‘ldi. Umuman, ular guruhda ham favorit. Biz jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiramiz”, – dedi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi.
“Ushbu o‘yindan oldin Janubiy Koreya termasining o‘yinlarini o‘rganib chiqdik. O‘yinning dastlabki 10-15 daqiqasida katta kuch bilan to‘p surishlari ma’lum edi. Birinchi bo‘limda biz Koreyani to‘psiz qoldira olmadik, shuning uddasidan chiqishimiz kerak edi. Agar Kuvayt bilan o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lmaganida, biz Janubiy Koreya bilan o‘yinda bugungidek o‘yin ko‘rsata olmasdik. Shohruh Gadoyev qo‘rqmasdan himoyada o‘ynashi sababi — ishonch. U o‘sha nuqtada o‘yin ko‘rsata oladi. O‘ylaymanki, u bugun yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Kattalar orasida yo‘qolib qolmadi”, – dedi Mirjalol Qosimov.
Bundan tashqari termamiz murabbiysi boshqa savollarga ham javob berdi:
– G‘alabaga nima yetishmadi?
– (kulib) Menimcha gol! Fursatdan foydalanib futbolchilarga va bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. O‘ylashimcha, yigitlar ishonchni oqladi.
– Durangdan keyin futbolchilar va sizning kayfiyatingiz qanday?
– Bir narsani tushunish kerak bugun yutqazishimiz yoki yutishimiz ham mumkin edi. Bir narsa haqiqat: koreyslar favorit, biz endi 2 va 3 o‘rinlar uchun o‘ynaymiz. Buyog‘iga bu o‘yinni unutib keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim.
Bugun nafaqat Baqoyev, balki maydonga chiqqan boshqa futbolchilar va zaxirada qolganlardan ham qoniqish hosil qildim. Bugungi natijaga ularning har biri o‘z hissasini qo‘shdi. Hali hech nima yo‘qotilgani yo‘q. Birinchi o‘rin uchun Janubiy Koreya favorit hisoblansa, biz 2-3-o‘rin uchun harakat qilamiz, – deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov.