Ultrabinafsha nurining ijobiy ta’siri

go‘dak organizmida D vitamini ishlab chiqaradi

Raxit faqat kichik yoshdagi bolalarda uchraydigan kasallikdir.

Bu xastalik bola organizmida D vitamini yetishmasligi natijasida kelib chiqadi. Bu vitamin bola organizmi uchun qanday ahamiyatga ega? Bola organizmi hayotining dastlabki birinchi yillarida tez rivojlanadi. Suyakning o‘sishi uchun organizmga kalsiy va fosfor elementlari zarur bo‘ladi.

D vitamini organizmda kalsiy va fosforning ichakdan so‘rilishi, ularning suyak, mushak va boshqa a’zo to‘qimalariga yetib borishini boshqaradi. Agar orga­nizm­da D vitamini yetishmovchiligi kuzatilsa, bolaning kalsiy va fosfor elementlariga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmaydi.

Raxit barcha kichik yoshdagi bolalarda uchraydimi? Bu kasallik ko‘proq kech kuz va qish oylarida tug‘ilgan bolalarda rivojlanishi mumkin. Sababi D vitamini organizmda quyoshning ultrabinafsha nurlari ta’siri ostida hosil bo‘ladi. Shu fasllarda tug‘ilgan bola uchun quyosh nuri yetarli bo‘lmaydi. Shuning uchun shifokor bu vaqtda tug‘ilgan bolalarga D vitaminini tavsiya etadi.

Bu vitamin yetishmasligi suyaklar yumshashiga, mushaklar, bo‘g‘imlar bo‘shashiga, immunitet pasayi­shiga, kamqonlik rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Buning oqibatida bola ancha vaqtgacha boshi va gavdasini tuta olmaydi, uning boshidagi liqildog‘i yumshab ketadi hamda juda sekin bitadi. Tishlari juda kech yoki tartibsiz chiqa boshlaydi, go‘dakning immuniteti pasayib, turli yuqumli kasalliklarga beriluvchan bo‘lib qoladi. Vaqtida davo choralari ko‘rilmasa bola vaznining ortib borishi natijasida suyaklari qiyshayadi. Boshining peshona qismi oldinga, ensa qismi esa orqaga turtib chiqadi, umurtqa pog‘onasi bukchayib qoladi, ko‘krak qafasi pastga qarab kengayib ketadi, oyoq «X» yoki «O» shaklida qiyshayib ketadi, bolalarda yassi oyoqlik rivojlanishi mumkin.

Bolalarda raxit kasalligi borligini qanday aniqlash mumkin? Dastlab bolaning uyqusi buziladi, bola ko‘p terlaydi, notanish tovush yoki chiroq yoqilishi kabi ta’sirotlar ham bolani cho‘chitib yuboradi, badaniga toshma toshadi, boshini yostiqqa ko‘p ishqalaydi. Boshining ensa qismida soch yo‘lakcha shaklida to‘kiladi, bola bezovtalanadi va injiq bo‘ladi. Yuqoridagi holatlarni kuzatsangiz, albatta, shifokorga murojaat qiling.

Hurmatli ota-onalar!

Bolam kasallikka chalinmasin desangiz homiladorlik davridan boshlab tayyorgarlik ko‘ring. Albatta, quyoshli kunlarda va ertalab ochiq havoda sayr qiling. Go‘dagingiz har kuni D vitaminiga boy oziq-ovqatlarni, jumladan, mol go‘shti, ayniqsa, baliq, tuxum hamda jigar mahsulotlarini iste’mol qilishiga e’tibor bering. Shuning­dek, kalsiyga boy oziq-ovqat mahsulotlaridan iste’mol qiling. Bularga sut va sut mahsulotlari, petrushka, turshak, loviya, xurmo, ko‘k piyoz kiradi. Bolani 6 oygacha faqat ona suti bilan parvarish qiling. Bundan ona albatta, D vitaminiga boy oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishi zarur. Ona organizmida qanchalik D vitamini ko‘p hosil bo‘lsa, ona sutida ham uning miqdori ko‘payadi. Bolaga qo‘shimcha ovqatni ushbu vitamin va kalsiyga boy oziq-ovqat mahsulotlaridan tayyorlang. Har kuni go‘dakni tashqarida sayr qildiring, bolani quyosh va havo vannalarini qabul qilishga odatlantiring. Buning uchun eng qulay vaqt ertalab soat 8-00 dan 11-00 gachadir. Yoz kunlari kechki 18-00 dan keyin ham go‘dakni ochiq havoda sayr qildirish kerak. Sayr davomida bolangizning boshiga havo o‘tkazadigan, tabiiy tolali, oq qalpoq yoki kichkina ro‘mol o‘ratib qo‘ying, keyin uning kiyimlari ham tabiiy tolali bo‘lishi zarur. Ochiq havodagi sayr bolani chiniqtirishi bilan birga organizmda D vitamini ishlab chiqarilishini kuchaytiradi.

Yana o‘qing:  Go‘daklarda kamqonlikning kechishi

O.ZOKIROV

travmatolog – ortoped

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: