Xalqning dardiga darmon bo‘lish – bugungi kunning dolzarb vazifasi

Bugun mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan tub islohotlar natijasida tibbiyot muassasalari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanib, xorijlik shifokorlar bilan mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.

Buning samarasi o‘laroq, joriy yilning o‘tgan qisqa davri mobaynida yurtimizda tana a’zolari transplantatsiyasi bo‘yicha zamonaviy operatsiyalar amalga oshirildi. Sohada xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ixtisoslik turlari 50 tadan 126 taga ko‘paytirildi. Quvonarlisi, chet elda faoliyat olib borayotgan ko‘plab o‘zbek shifokorlari yurtga qaytib, xalqimizga xizmat qilmoqda.

Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bugungi kunda 1 million 800 ming nafar aholiga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatib kelmoqda. 1140 nafar malakali shifokor va o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritayotgan muassasa zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlangan.

 

– Markazimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan perinatal xizmatni takomillashtirish, onalar, go‘daklar va bolalar o‘limini kamaytirish, chaqaloqlarning tug‘ma nuqsonli va nasliy kasalliklar bilan tug‘ilishining oldini olish, tug‘ruq komplekslari va bolalar shifoxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, ayollar o‘rtasida onkologik xastaliklarning oldini olish, kasalliklarni erta aniqlash va davolash maqsadida ayollar tibbiy ko‘rigi tashkil etilgan, – deydi tibbiyot markazi direktori, oliy toifali jarroh, tibbiyot fanlari doktori Shuhrat Xudoybergenov.

 

Ushbu ko‘p tarmoqli markaz 2008 yil 1 yanvardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika tibbiyot muassasalari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida aholiga ixtisoslashtirilgan ilg‘or diagnostik usullarni qo‘llash orqali malakali tibbiy yordam ko‘rsatadigan yagona markazga aylantirildi. 2017 yilning yozida bu yerda angiografiya xonasi ochilib, diagnostik koronorografiya amaliyoti (qon tomirlarini monitorda kuzatish) qo‘llanila boshlandi. O‘tgan yil 280 nafar bemorda 322 ta tekshiruv o‘tkazilib, ularning 42 nafariga davo muolajasi, ya’ni (qon tomirlarda o‘tkazuvchanlikni yaxshilash) stendlari qo‘yildi. Yurak qon-tomir kasalliklarini stendlashdan tashqari, yurakka elektrokardiostimulyatorlarni implantatsiya qilish hamda 2 nafar bolada yurak tug‘ma nuqsonini davolash bo‘yicha murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Shuningdek, 170 ta angiografiya tekshiruvlari, 1 nafar og‘ir bemorda esa translyuminal balloni angioplastikasi (qon tomirni ballon yordamida kengaytirish) muolajasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Sohada olib borilayotgan bunday islohotlar yurtdoshlarimiz salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Yana o‘qing:  Tug‘ruq muassasalari: ota-onalar u yerdan rozi bo‘lib chiqib ketishi kerak

Shuningdek, markazning pulmonologiya, revmatologiya, kardiologiya, gastroenterologiya, nevrologiya, endokrinologiya, allergologiya, nefrologiya, gematologiya, androlog bo‘limlari, xirurgik yo‘nalishda abdominal, tomir, torakal, proktologik, neyroxirurgik, oftalmologik, yiringli kasalliklar, travma oqibatlari va ortopediya, urologiya, yuz-jag‘ xirurgiyasi va ginekologiya bo‘limlari, shuningdek, stomatologiya, fizioterapiya, lazer, girudoterapiya, davolovchi jismoniy tarbiya (LFK), funksional diagnostika, ultratovush tekshiruvlari, endoskopik, gemodializ, laboratoriya, qon quyish kabi bo‘limlarda bemorlar o‘z salomatliklarini to‘liq tiklash imkoniga ega bo‘lmoqda.

Aholi salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan malakali shifokorlar – reanimatolog Usmon Oltiyev, neyrojarroh Kamol Saidov, kardiojarroh, tibbiyot fanlari nomzodi Shermuhammad Tursunov, intervetsion kardiologlar – G‘ulom Xolov, Jamshid Nazarov, Shavkat Hamrayev, pulmonolog Sobir Toshev, allergolog Oysha Haydarova, gematolog Shahlo Ulug‘ova, LOR shifokori Gulnoza Adilova, praktolog Istam Norovlarning mehnati tahsinga loyiq.

Har qanday sohada yutuqqa erishish uchun muttasil izlanish, kasbiy mahoratni oshirib borish talab etiladi. Buni yaxshi anglagan Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi xodimlari malakali xizmatni tashkil etish uchun hafta davomida bajarilgan amaliyotlar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazib, buni suhbat va ma’ruzalar, savol-javoblar asosida mustahkamlab bormoqda.

Keling, shu o‘rinda raqamlarga murojaat qilsak: 2017 yil markaz 127 ming 40 nafar bemorga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatdi. Muassasaning statsionar bo‘limida esa 19 ming 634 nafar bemor o‘z salomatligini tikladi.

Shuningdek, 250 nafar qatnovga mo‘ljallangan maslahat poliklinikasining terapiya, xirurgiya bo‘limlari qayta rekonstruksiyadan chiqarilib, individual isitish tizimiga ulandi.

Elga xizmat qilish, xalqning dardiga darmon bo‘lish, ular og‘irini yengil qilish, bugungi kunimizning dolzarb vazifasidir. Bu yo‘lda fidokorona mehnat qilayotgan Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining fidoyi xodimlariga sharafli mehnatlarida muvaffaqiyatlar tilaymiz!

 

Maryam QODIROVA,

Buxoro viloyati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: