O‘zbekiston – baxtiyor odamlar mamlakati
Baxt haqida ko‘p so‘raydilar. Har kim uni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, o‘z qarichi bilan o‘lchaydi. Har tong oilamiz, qo‘ni-qo‘shnimiz, qarindosh-u do‘stlarni sog‘-omon ko‘rmoqlik, qolaversa, yurt tinchligi katta baxt, nazarimda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining rezolyusiyasiga binoan sayyoramizdagi har bir insonning baxtga intilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 20 mart – Xalqaro baxt kuni deb e’lon qilingan. Shunga monand, Jahon mamlakatlari farovonligi darajasini o‘rganuvchi markaz – “World Happiness Report” tadqiqotchilari har bir mamlakatda yashovchi odamlar orasida bevosita so‘rov o‘tkazadi va mahalliy tashkilotlar tomonidan aniqlangan javoblar asosida baxtiyor mamlakatlar reytingini e’lon qiladi.
Har yili o‘tkaziladigan mazkur tadqiqotda tadqiqotchilar asosan aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi, umr ko‘rish davomiyligi, murakkab vaziyatlarda ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish, odamlarning hukumatga ishonchi, erkin qaror qabul qilishi hamda saxiyligiga e’tibor qaratiladi.
Ana shu asosda yaqinda tuzilgan “Baxt indeksi” reytingida dunyoning 156 mamlakati aholisi hayotiga baho berildi. Quvonarlisi, yurtimiz bu reytingda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari orasida birinchi, dunyoda esa 44-o‘rinni egalladi.
Boshqa davlatlar qatori mamlakatimiz aholisining baxt haqidagi qarashlarini o‘rgangan tadqiqotchilar odamlarning baxtiyorligi nafaqat yetarli boylik, balki mehr-oqibat, bir-biriga bo‘lgan samimiy munosabat, o‘zaro ishonch, milliy urf-odat va qadriyatlarga amal qilishida ham namoyonligini ta’kidladi. Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda “Inson manfaatlari har narsadan ulug‘” degan ezgu g‘oya asosida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ezgu sa’y-harakatlar yurtdoshlarimiz ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib, kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.
Fotima ALLAYEVA