Kelajak – bog‘chadan boshlanadi

Tiriklik bahordan, hayot mazmuni farzanddan boshlanadi. Kuzimizning qut-barakasi, yilimizning hosilasi bahorga, Navro‘zga bog‘liq bo‘lganidek, oilamizning taqdiri, millatimizning kelajagi har tomonlama yetuk farzandlar qo‘lidadir.

Mustaqillik nashidasi, sururini bahorga, Navro‘zga mengzaymiz. U bahor yanglig‘ jo‘shqinlik, Navro‘z yanglig‘ yangilanishlar bilan hayotimizga mazmun olib kirdi. Istiqlolning ilk yillaridanoq, millat genofondini sog‘lomlashtirish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi esa sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Jumladan, joriy yil yurtimizda yangi – Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilganligi ulug‘vor islohotlardan biri bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. “Kelajak – bog‘chadan boshlanadi” degan shior balandparvoz gap emas. Aslida vatanparvarlik, el-yurtga fidoyilik bir qarashda oddiy, lekin hayot talabi bo‘lgan ana shunday dolzarb ishlardan boshlanadi”, – deydi Prezident Shavkat Mirziyoev Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqida.

Mamlakat rahbari hududlarga borganida shahar va tumanlarda barpo etilayotgan yangi bog‘chalar, ularda bolakaylar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishga alohida e’tibor qaratadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlariga qilgan safari bunga yaqqol misoldir. Eng asosiysi, bunday ezgu ishlardan yosh ota-onalar, keksalar, bir so‘z bilan aytganda, butun xalqimiz mamnun bo‘lmoqda.

Shunisi quvonchliki, bu yil 3 mingdan ziyod bolalar bog‘chasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shundan 1 ming 200 ta bog‘cha yangi, 1 ming 360 tasi mavjud binolarda, 470 tasi esa uy bog‘chasi sifatida ish boshlaydi.

Bu borada davlat-xususiy sheriklik munosabatlari asosida hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar imkoniyatlari keng ishga solinadi.

Joriy yil birgina poytaxtimizning o‘zida 420 dan ortiq ko‘p qavatli uy-joy qurish rejalashtirilgan. Ularning 220 tasi xususiy tadbirkorlar tomonidan, 200 tasi esa davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida barpo etiladi. E’tiborlisi, 220 ta uyning birinchi va ikkinchi qavatida tadbirkorlar tomonidan kichik hajmdagi bolalar bog‘chalari tashkil etiladi. Bu ayniqsa, yosh ota-onalar uchun katta qulaylik. Boisi, ular bog‘chaga borish uchun uzoqqa qatnamaydi, vaqti tejaladi. Bolalar esa o‘z mahallasi, qo‘ni-qo‘shnilari davrasida ulg‘ayadi. Ota-onalarning xohish va istaklarini inobatga olgan holda yakka tartibdagi xonadonlarda ham 40-50 o‘rinli xususiy bolalar bog‘chalari tashkil etish ham rejalashtirilgan.

Yana o‘qing:  Malakali tibbiy xizmat – sog‘lom hayot kafolati

Farzandlarimiz kelajagini o‘ylab qilingan yana bir yangilik shuki, joriy yilning 1 martidan boshlab umumta’lim maktablarining 1-sinf o‘quvchilari 5 kunlik o‘qish tizimiga o‘tkazildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ota-onalarning farzandlari bilan oilaviy dam olishlariga yanada ko‘proq imkoniyat yaratish, ular o‘rtasida mehr-oqibatni mustahkamlash hamda oilaviy an’analarni shakllantirishdan iboratdir. Shuningdek, bunday imkoniyat orqali farzandlar ota-onalari bilan birgalikda teatr, muzey va tarixiy maskanlarga sayohat qilishlariga zamin yaratiladi. Qolaversa, haftaning shanba kunlari muassasalarda o‘quvchilarning qiziqish va istaklaridan kelib chiqqan holda turli fan to‘garaklari, sport seksiyalari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etiladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich qolgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham haftasiga 5 kunlik o‘qish tizimiga o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy tibbiyot tashkilotlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2018 yil 1 yanvardan boshlab tibbiy muassasalarning pensioner shifokorlari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, pensiyani to‘liq hajmda olmoqda. Shuningdek, faxriy unvonlar sohibi bo‘lgan mehnat qiluvchi pensionerlarga joriy yilning 1 yanvaridan boshlab pensiya to‘liq hajmda to‘lana boshlandi. Bunday imtiyoz ilm-fan, adabiyot va san’at sohalarida ijodiy ishlari uchun qalam haqi oluvchi pensionerlarga ham taalluqlidir. Ijodkorlarning qalam haqlari oshirildi, olimlarga unvonlari uchun qo‘shimcha ustama to‘lanadigan bo‘ldi. Bular ham xalqimizga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik, Navro‘zi ayyomga xos qadriyatdir.

Bahorni, Navro‘zi ayyomni barcha yurtdoshlarimiz juda sog‘ingan. Nurli kelajak sari dadil qadamlar bilan intilayotgan yosh o‘g‘il-qizlar, otaxon-u onaxonlar, xullas barcha-barchaning qalbi oppoq orzularga to‘la. Zero, Bahor va Navro‘z hayot abadiyligining tantanasidir.

Akademik shoir Oybek domla kuylaganidek:

Bahor, ketma bizning bog‘lardan,

Quyosh, nuring sochaver mo‘l-mo‘l.

 

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: