Surxondaryoda tog‘ turizmi klasterlari tashkil etiladi
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona, Darband qishlog‘i va Zovboshi tog‘li hududini qamrab oladigan Boysun tog‘ turizmi klasteri, Sariosiyo va Uzun tumanlaridagi Xonjiza tog‘ tizmalari yonbag‘ri hamda Sariosiyo tumanidagi Sangardak qishlog‘i hududida Sariosiyo tog‘ turizmi klasteri faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Sherobod tog‘ turizmi klasteri tarkibiga Shalqon qishlog‘i, Xo‘jaikon tuz koni atrofi va hududdagi anorzor hamda boshqa mevali bog‘-rog‘lar kiritiladi.
Viloyatda tashkil etiladigan kichik turizm zonalarida yangi mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turistik ahamiyatdagi boshqa inshootlar quriladi. Zamonaviy muhandislik infratuzilma ob’yektlari barpo etiladi. Bu ishlar maftunkor vohaning turistik salohiyatini oshirish barobarida, aholining bandlik masalasini hal etishga ham ko‘maklashadi.