Kasbdan topilgan baxt

«O‘zbekiston» NMIU allaqachon uning qadrdon go‘shasiga aylanib qolgan. U har kuni ishga otlanar ekan, yuragi zavq-shavqqa to‘ladi. Ishxonadagi qadrdonlari va qadrdon matbaa dastgohlari tomon oshiqadi. U korxona hovlisiga kirganda dastlab kelinchakday ochilib turgan yam-yashil archalar jamoliga hayrat bilan boqadi. Gilamday to‘shalgan ko‘m-ko‘k maysalarga qarab dili yayraydi. Hovlidagi daraxtlar ham uni ehtirom bilan kutib olayotganday barglarini silkitadi.

Jiyda gullari tarovat taratsa, tut va o‘riklar esa shirin-shakar mevalarini ko‘z-ko‘z qiladi. Hovlining go‘zal manzarasi korxonaning har bir ishchi-xizmatchisiga huzur-halovat bag‘ishlaydi, g‘ayrat bilan ishlashlariga il­hom beradi, ularning kayfiyatlarini ko‘tarib, ish unumdorligini yanada oshiradi. Buni yaxshi anglagan korxona rahbarlari hovlini yanada chiroyli va go‘zal qilishga astoydil bel bog‘laganlar…

U ana shu go‘zal va xushmanzara hovlini bir necha bor aylanib, sexlarga, bo‘limlarga va tahririyatga kirib-chiqadi. Ishchi-xizmatchilar ahvolidan xabar oladi, ular bilan suhbatlashadi. Shunday kezlarda tanlagan kasbiga nisbatan mehr-muhabbati yanada oshadi. Matbaachilik kasbi bilan siylangani uchun taqdiridan qayta-qayta minnatdor bo‘ladi, shukronalar aytadi…

Donishmandlar kasbing-baxting, degan hikmatni bejiz aytmagan. Agar odam biror kasbga astoydil mehr qo‘yib, uning sir-asrorlarini erinmay puxta o‘rgansa, o‘sha kasb uni haqiqatan baxtli qiladi, el-yurt orasida obro‘yini yanada yuksaltiradi, qut-barakali qiladi. Va o‘z sohasining yuksak bilimdoniga aylantiradi, ustoz maqomiga yetkazadi.

Sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan insonimiz o‘z kasbining bilimdoni Muhamadjon Zaytayev ham o‘z kasbidan baraka topib, respublikamiz matbaachiligi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan taniqli mutaxassislardan biri. U matbaa sohasini tanlaguncha biror bir kasbga alohida qiziqqan emas. Lekin bolalikdagi shiori; qaysi soha yoki kasbda bo‘lmasin – hamisha birinchilikka intilish edi. Hech bo‘lmaganda birinchilar safida yurishni yaxshi ko‘rardi. Uni ikkinchi, uchinchi o‘rinlar unchalik qiziqtirmasdi.

O‘z mehnat faoliyatini 1970 yilda Toshkent matbaa korxonasining bosma sexida chopchilikdan boshlagan Muhamadjon Zaytayev avval, Toshkent davlat pedagogika institutini (hozirgi universitet), keyin esa Moskva poligrafiya institutini tamomladi. Uning chopchi sifatida birinchi ish boshlagan dastgohi «Viktoriya» bosma mashinasi bo‘ldi. Chopchilikning sir-asrorini puxta o‘rgangan bu yosh va g‘ayratli – mutaxassis qisqa vaqt ichida birinchilar qatoridan o‘rin oldi. Texnikaga qiziqishi bois tajribali ustalar, mexaniklardan bir ko‘rgan narsasini tez o‘rganar va yodida saqlab qolardi.

Yana o‘qing:  EL QALBIDAGI ShOIR SIYMOSI

Bir so‘z bilan aytganda, u dast­labki qadamlari bilan matbaa sohasining chinakkam fidoyi­siga aylandi. Texnika, ya’ni bosma mashinalari bilan «tillashish», ularning sir-asrorlarini o‘rganish uning sevimli mashg‘uloti bo‘lib qoldi. U ba’zan ishdan keyin­ ham qolib, ba’zan esa ishga erta kelib, yangi dastgohlarni ipidan-ignasigacha o‘rganishdan erinmadi.

– Tanlagan kasbimga haqiqiy mehr qo‘yishimda rahmatli ustozim Marat G‘oyibovning hissalari beqiyos, – deydi Muhamadjon Zaytayev yaqinda qazo qilgan ustozini eslab. – U kishi matbaachilik sohasini zo‘r biladigan yirik mutaxassislardan edi. Ustoz uzoq yillar Toshkent matbaa korxonasiga rahbarlik qilgan davrda sohaning ko‘plab yetuk mutaxassislarini tarbiyaladi. Men ham shunday fidoyi, bag‘rikeng, jonkuyar, bilimdon ustozning shogirdi bo‘lganimdan hamisha faxrlanaman. U kishini Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin, iloyo!..

Shogirdning g‘ururlanib aytgan gaplarida jon bor. Haqiqatan Marat G‘oyibov matbaachilikda o‘z maktabini yaratib ketgan ustozlar sirasiga kiradi. Sobiq sho‘ro davrida mahalliy kadrlarni sohaga jalb etish anchagina qiyin edi. Shu sababli Marat aka mahalliy kadrlarni ko‘proq tayyorlash va milliy ishchilar safini kengaytirish maqsadida ularni Moskva, Kiyev poligrafiya institutlarida o‘qishlari uchun har tomonlama yordam berdi. O‘qishni bitirib kelgan yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minladi. Bugun o‘zbek matbaachiligi rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan sohaning yetuk mutaxassislari ­Marat akani o‘zlarining chin ustozlari, deb biladilar va u kishining xotirasini hamisha hurmat bilan eslaydilar.

Muhamadjon Zaytayev matbaachilik sirlarini puxta o‘rganib borib sohaning yetuk mutaxassislari safidan o‘rin oldi. U matbaa korxonaning sex boshliqligidan bosh muhandisi bo‘ldi. Qisqa vaqt O‘zbekiston–Britaniya «Rastr» qo‘shma korxonasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishladi. So‘ng «Davlat belgisi» korxonasida ishlab chiqarish bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib faoliyat yuritdi. U 2005 yildan buyon «O‘zbekiston» NMIU direktorining ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasida samarali ishlab kelayotir.

– Muhamadjon aka bilan ishlash hamisha ham maroqli, ham zavq­li, – deydi «O‘zbekiston» NMIU direktori Zoir Isajonov, – u kishi hammaga birday, kattayu kichikning hurmatini joyi­ga qo‘yadi. Kamtarin va oddiy inson. Ishchi-xizmatchilarning ko‘ngliga yo‘l topadi. Ularning fikr-mulohazalarini eshitib, masalalarini ijobiy hal etishga harakat qiladi. Nashriyot uyimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatli chiqishida, kitoblar va gazeta-jurnallarning so‘nggi texnologiyalar asosida chop etilishida Muhamadjon Zaytayevning munosib hissasi bor. Yoshlarga kasb sirlarini o‘rgatishda u kishi haqiqiy va fidoyi ustozlik qilmoqda.

Yana o‘qing:  QO‘ShQANOT ShIFOKORLAR

Haqiqatan ham shunday. M. Zaytayev matbaa korxonasiga ishga kelganida 17 yoshda edi. Shunga ham 43 yil bo‘libdi. Bugungi yoshlarning g‘ayrat va shijoatida o‘zining olovli va jo‘shqin yoshligini ko‘radi. Ustozlari unga kasb sirlarini qanchalar mehr bilan o‘rgatgan bo‘lsa, u ham ana shunday mehr va fidoyilik bilan yoshlarga matbaachilik kasbi sir-asrorlarini o‘rgatmoqda. Shu bois ham «O‘zbekiston» NMIUda yosh ishchi-xizmatchilar safi kengayib bormoqda.

Umrining oltmishinchi bekatiga sog‘-salomat, kuch-g‘ayrat bilan yetib kelgan Muhamadjon aka Zaytayev 4 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Ikki o‘g‘li uning izidan borib, ota kasbini tanladi. Qizlaridan biri olima, ikkinchisi moliyachi. Shuningdek 3 nafar shirin nabiraning bobojonisi

«O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyining ishchi-xizmatchilari, xodimlari ishga ma’suliyatni, fidoyilik, halollik va talabchanlikni, kasb sirlarini, matbaa yangiliklarini qolaversa, hamkasblarga bo‘lgan samimiy mehr va insoniylikni Muhamadjon Zaytayevdan o‘rgansalar kam bo‘lmasligini yaxshi biladilar. U kishi xonada muqim o‘tiradigan rahbar emas. Muhim hujjatlarga imzo qo‘ygach, Muhamadjon aka goh ishlab chiqarish bo‘limida, goh iqtisodchilar orasida, goh nash­riyot bo‘limida, goh dast­gohlar yonidagi yoshlar davrasida bo‘ladi. O‘z kasbidan baxt va baraka topayotganlar safida kamtarin inson, mehribon ustoz, samimiy do‘st Muhamadjon Zaytayevning borligdan biz, hamkasblari uzoq-uzoq yillar quvonib yuraylik.

Ashurali JO‘RAYEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: