Shifoxonadagi navbatning “navbati” o‘tmadimikan?

Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti klinikasida bir kun…

 

3 yoshli bolakay Bazil Muhammad shifoxonadagi davolovchi mutaxassis qabuliga kirish uchun bir soatdan ko‘proq navbat kutib o‘tirgan paytida ahvoli og‘irlashib, otasining qo‘lida jon beradi. Xorij matbuotida tarqalgan mazkur xabar qalblarni larzaga soldi.

Bu ma’lumotga bejiz to‘xtalmadik. Ona bo‘lib onaning qadriga yetasan, ota bo‘lib otangning qadrini bilarkansan. Ota-ona farzandini mayin shabadadan ham asrab-avaylaydi. Ayniqsa, sog‘lig‘ida biror o‘zgarish bo‘lsa, o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. Najot istab, shifokorga chopadi. Ammo shifoxona eshigiga borib, ostonadan o‘tish uchun kechgacha navbat kutish…

Hozirda shifokor qabuliga navbat kutish oddiy holga aylangan. Misol uchun yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda “shov-shuv”ga sabab bo‘lgan voqeada ham shu mavzu aks etgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Namangan viloyati, Chust tumanidagi shifoxonaga ona harorati yuqori bo‘lgan farzandini olib keladi. Joy bandligidan bolani yerga yotqizishadi. Bu holatni ko‘rib, achinasan, kishi. Nahotki, yurtimizda tibbiyotga, onalar va bolalar salomatligiga katta e’tibor qaratilayotgan bir paytda bemor bolaga shifoxonada joy topilmasa.

Ana shunga o‘xshash muammoga Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinakasida ham duch kelishingiz aniq. Bu yerda bolangizga joy topiladi, lekin navbatingiz kelguncha kun qorayadi. Mazkur markazdagi adoqsiz navbatlar haqida eshitgan edim. Yaqinda bunga o‘zim ham guvoh bo‘ldim. Shifoxonaga kirishim bilan ikki ayolning dahanaki tortishuviga duch keldim. Bilsam, ular navbat talashayotgan ekan. Birining aytishicha, o‘ttizinchi odamdan so‘ng navbat yozilmas ekan. U yigirma beshinchi bo‘lib kelgan ekan. Ikkinchi juvon esa navbat tartibsiz bo‘lib ketganini, soat 8: 00 dan buyon kutayotganini arz qilardi. Atrofdagilar esa bu bahsni odatiy holdek jim kuzatib turishardi.

Uzun zalning boshidan oxiriga qadar oyoq bosishga joy topilmaydi. Ayniqsa, nevropatolog qabuliga kelganlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Hayotning achchiq-chuchugini totmagan bolajonlarda asab kasalligining avj olgani achinarli hol. Bu xususida psixolog Durdona RIXSIYEVAga murojaat qildik:

 

Bolalardagi asab kasalliklari ularning homila davrida shakllanadi. Bugun odamlarning turmush tarzi oldingidan butunlay farq qiladi. Kelinlarga, ayniqsa, homilador ayolga e’tibor yetarlicha emas. Homiladorlik davri eng nozik payt. Bo‘lajak onani yosh boladek avaylash lozim. Undagi o‘zgarishlar, injiqliklarga beparvo bo‘lish yaramaydi. Faoliyatim davomida ayollardagi bu davr ham ruhan, ham jismonan og‘ir kechganiga guvoh bo‘lganman. Atrofdagilarning taziyqi ona ruhiyatiga kuchli ta’sir qiladi. O‘zbek ayoli hamma muammoni ichiga yutishga o‘rgangan. Ichda esa bu dardlarni bola his etib turibdi. Natijada tug‘ilgan go‘dak tunu kun yig‘laydi, tez xastalanadi. Asab kasalligi bolaning rivojlanishini sustlashtiradi. “Og‘ir oyoqlik” paytida ona xotirjam bo‘lsa, bola bu kasallik bilan tug‘ilmaydi.

 

Darhaqiqat, Ibn Sino aytganidek bola ona qornidayoq tarbiyalanadi. Homilador ayolga nisbatan munosabat boshqalar uchun muhim hisoblanmas, ammo uning jabrini bola tortadi.

Yana o‘qing:  Bayram shukuhi

Yuqoridagi mavzuga qaytsak. Bemorlarning ko‘p qismi viloyatlardan kelgan. Ular qaysidir qarindoshining uyida qo‘nim topgan. Farzandini davolash maqsadida sahardan navbatga yozilgan. Ularning gali tushlik vaqtiga to‘g‘ri kelmoqda. Kechikibroq kelganlar esa ertasi kuni kelishga majbur bo‘lishyapti. Xastalikdan joni og‘riyotgan bolajon esa yig‘lab-yig‘lab, onasining qo‘llarida uxlab qolgan. Sal naridagi go‘dak yig‘lashga ham majolsiz.

Derazadan hovliga razm solsangiz, navbat kutishdan charchaganlar daraxt soyasida o‘tirganini ko‘rasiz. Uzoq yo‘l toliqtirganidanmi yoki farzandining xastaligini o‘zi his etayotgani uchunmi, ota-onalarning nigohi mahzun bir nuqtaga qadalgan. Qalbidan o‘tayotgan kechinmalar yolg‘iz Yaratganga ayon.

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidan keldim, – deydi 60 yoshni qoralagan onaxon Muhtaram RO‘ZIYEVA. – Nevaram 5 yoshda. Yegan ovqati hazm bo‘lmay, qaytarib tashlaydi. Harorati birdan ko‘tarilib ketyapti. O‘zimizning tumandagi shifoxonalarda davolandi, ammo foydasi bo‘lmadi. Uch oydan buyon shu ahvolda. Kun sayin ozib, holsizlanib boryapti. Kelinim (bemor qizning onasi) “og‘ir oyoq”. Shuning uchun nevaramni o‘zim olib keldim. Xastaligi esdan chiqib, onasini qo‘msab yig‘laydi. Kelganimizga 4 soat bo‘ldi. Navbatimizni kutib o‘tiribmiz. Kimdandir iltimos qilib, oldinroq kirmoqchi bo‘ldik, lekin qarasam, hamma ham bizdek biror darddan aziyat chekib kelgan.

 

O‘g‘lim uch oylik bo‘ldi, – deydi Sirdaryo viloyatidan kelgan Nilufar OMONULLAYEVA. – Bolam tinimsiz yig‘laydi. Uyqusi ham me’yorda emas. Ko‘p yig‘laganidan qovoqlarida shish paydo bo‘lyapti. Tumanimizdagi shifokorga murojaat qildik. Ular tavsiya etgan dorilar yordam bermadi. Navbat kutyapman, ammo bolam har soniyada og‘irlashib qolishidan qo‘rqaman. Oddiy fuqaro sifatida tibbiyot mutasaddilari, vazirlik xodimlaridan sharoitni yaxshilashini iltimos qilib so‘rardim. Istagimiz, shifokorlar sonini oshirsin. Axir bolajonlar shu yurtning ertasi emasmi?!

 

Albatta, bolalar ertamiz egalari. Ularning salomatligiga barchamiz mas’ulmiz. Tibbiyotga qaratilgan e’tibor zamirida ham aynan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” shiori ilgari surilgan. Shunday ekan shifoxonadagi navbat kutishlar qachon barham topadi? Bu masala yuzasidan shifokor suhbatini ham olishga harakat qildik. Biroq bemorlarning ko‘pligidan buning imkoni bo‘lmadi. Bizning ikki og‘iz suhbatimizdan bir bolajonning shifo topishi muhimroq.

Jannatmakon o‘lkamizda inson qadri har narsadan aziz. Shunday ekan shifoxonalardagi navbat kutishlar va boshqa mavjud muammolar tez orada yechim topishiga umid qilamiz.

Yana o‘qing:  Barkamol avlod tarbiyasi yo`lida

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: