Oqchilning oldini olish mumkinmi?

yoki kandidozni faqat zamburug‘lar chaqiradi

 

Baxtga qarshi ko‘pgina xotin – qizlar ushbu muammoga duch kelishgan. Ba’zan xastalik o‘z vaqtida davolanmasa, oylab davom etishi mumkin. Dard chekkan odamning holi o‘zingizga ma’lum. Uning ishga ham ishtiyoqi sust bo‘ladi. Hayotga qiziqishi kamayadi. Xastalikning yengish uchun qayta – qayta dori vositalarini qo‘llashga majburdir.

 

Kasallik qo‘zg‘atuvchisi

Ushbu dard ilmiy tilda kandidoz deb nomlanadi. Omma orasida kasallik tufayli qindan oqish, tvorogsimon ajralma kelishi sababli u oqchil deya ataladi. Xastalikni Candida albicans nomli zamburug‘lar keltirib chiqaradi.

 

Xastalik sabablari

Oqchilning rivojlanishiga ko‘pgina salbiy omillar sabab bo‘ladi. Ya’ni, antibakterial dori vositalarini qabul qilish sababli immunitetning susayishi, moddalar almashinuvining buzilishi, noto‘g‘ri va sifatsiz ovqatlanish, istalmagan homiladorlikning oldini olish uchun noto‘g‘ri tanlangan gormonal dori vositalarini qo‘llash, endokrin tizimi kasalliklari, tor, sun’iy tolali ich kiyimlarni kiyish, shuningdek, hayz davrida gigiyenik vositalarni noto‘g‘ri ishlatish ham kandidozga zamin yaratadi.

 

Dardning belgilari

Kandidozning o‘ziga xos klinik belgilari mavjud. Bu belgilarga qarab shifokor tezgina to‘g‘ri tashxis qo‘yadi. Ayrim holatlarda xotin – qizlarning o‘zlari ham ularni nima bezovta qilayotganini anglab yetishadi. O‘zbilarmonlik bilan o‘z – o‘zini davolashni boshlab yuboradilar.

Oqchil uchun quyidagi klinik belgilar xos. Ya’ni, yuqorida ta’kidlangan xastalik belgisidan tashqari qin sohasida qichishish va achishish hissi ham kuzatiladi. Bemor ayolni zahartang qilib, peshob chiqarganida va jinsiy aloqa payti og‘riq va noxush sezgi bezovta qiladi. Shuningdek, xasta ojiz jins vakilalarini yomon hid tinchini buzadi. U o‘z vaqtida cho‘milib, xushbo‘y gigiyenik vositalardan foydalansa ham toki, dardni davolatmaguncha noxush hiddan qutilmaydi.

Agar kasallik yashirin kechayotgan bo‘lsa xastalikning ba’zi klinik belgilarigina bemorni bezovta qilishi mumkin. Bunday holatda faqatgina tajribali va malakali mutaxassis kasal ayolni to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, unga to‘g‘ri tashxis qo‘yishi mumkin. Undan so‘nggina dardmanga zarur muolajalar tavsiya etiladi. Kandidoz ko‘pgina yashirin va xavfli jinsiy yo‘l bilan yuquvchi kasalliklar bilan birga kechishi mumkin. Bunday holatda faqatgina mutaxassis shifokor ko‘magiga tayanish zarur.

 

Kandidozning oqibatlari

Agar bemor o‘z vaqtida ginekologga murojaat etsa va uning tavsiyalariga barvaqt amal qilsa, xastalik surunkali tus olmaydi. Chunki hozirgi zamonaviy dori vositalari kandidozni davolashda yuqori samaraga ega. Hamda ularning zararli ta’siri kamroq. Mabodo kasal ayol dardini yashirib, o‘z bilganicha davolansa uning asorati yomon va jiddiy oqibatlarga olib keladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra xastalikning surunkali kechishida 70 foiz holatlarda birorta asorat qoladi. Ular quyidagicha:

Yana o‘qing:  Yosh kitobxon – zukko kitobxon

Kichik chanoq a’zolaridagi bitishmalar, ushbu bitishmalar oqibatida bachadon naylarining tutilishi. Bepushtlik – ushbu naylar bitib qolish oqibatida yoki tuxumdonlarning shikastlanishi sababli yuzaga keladi. Organizmda immunitetning pasayib ketishi natijasida vujud turli yuqumli kasalliklarga beriluvchan bo‘ladi. Agar ayol homilador bo‘lsa zamburug‘lar homilani ham zararlashi mumkin. Shuningdek, ushbu xastalik kichik chanoqdagi boshqa a’zolar (qovuq, to‘g‘ri ichak)ni shikastlaydi. Kasallik qo‘zg‘atuvchi kandidalarning qonga tushishi sababli kandidozli sepsis xastaligi rivojlanadi.

 

Davosi

Mabodo dardga chalingan ayolda xastalik yengil kechayotgan bo‘lsa hamda u o‘z vaqtida mutaxassis shifokorga murojaat etsa, albatta tezroq oyoqqa turib ketadi. Bunday holatlarda ginekolog bemorga mahalliy ta’sir etuvchi dori vositalarini qo‘llashni buyuradi. Ular krem, hapdorilar yoki qinga qo‘yiladigan shamchalar bo‘lishi mumkin. Ushbu dori – darmonlar xastalik o‘chog‘iga tez ta’sir ko‘rsatib, davo muolajalari samarasini oshiradi. Ayrim preparatlar yuqumli bakteriyalar faoliyatiga bir necha kunda tez va halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Ba’zi dori vositalarining ta’siri hafta oxiriga borib bilinadi. Zamburug‘larga qarshi preparatlarning salbiy oqibatlariga qin disbakterozining rivojlanishi hamda ularning buyraklar va jigarga yomon ta’sir etishi kiradi. Har qanday dori – darmonlarni shifokor tavsiyasiz hamda pala – partish ichish albatta, faqat tanamizga kuchli zarar yetkazadi. Shu sababli hamisha mutaxassisga murojaat etish faqat foydadan xoli emas.

 

Parhez

Oqchilni davolash davrida albatta, bemor parhezga rioya etishi zarur. Tarkibida ko‘p miqdorda shakar bo‘lgan oziq – ovqat mahsulotlarini xastaning taomnomasidan chiqarib tashlash kerak.

Shirin meva-chevalar hamda sharbatlar, shuningdek, oq non, makaron, un mahsulotlarini iste’mol qilish xastaga tavsiya etilmaydi.

Chunki ularning tarkibidagi kraxmal organizmda glyukoza darajasida qayta ishlanadi. Bu modda esa bakteriyalar uchun ozuqa muhiti hisoblanadi. Shuningdek, xamirturish solingan har qanday mahsulotlarni ham bemor tanovul qilmasligi kerak. Sababi ular faqat zamburug‘larning ko‘payishiga sharoit yaratadi.

 

Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy – amaliy tibbiyot markazi ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Zamira XALITOVA tavsiyalari asosida Gulchehra ShIRINOVA tayyorladi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: