Bekzod bobosi izidan borib, kelajakda yetuk san’atkor bo‘lmoqchi
Kelajakda yaxshi bir kasb egasi bo‘lish uchun inson yoshlikdanoq tinimsiz harakat qilib, o‘z ustida izlanmog‘i, orzulari sari ildam qadam tashlamog‘i zarur.
12 yoshni qarshilagan Bekzod Narimonov ham san’atga bolalikdan mehr qo‘ydi. Oila a’zolari Bekzoddagi yuksak iste’dodni bobosi, O‘zbekiston xalq artisti Hamidulla Narimonov bilan bog‘lashadi.
Bekzod bugungacha bir necha filmlarda suratga tushib, turli obrazlarni yaratishga ulgurdi. Qolaversa, u turli tanlovda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Yaqinda u “Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti festivalining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tabiiyki, bundan oila a’zolarining boshi ko‘kka yetdi.
– Farzandim filmlarda rollar ijro etishni, qo‘shiq kuylashni, fortepianoda kuy chalishni xush ko‘radi. Ajdodlarimizning ko‘pchiligi san’at sohasida uzoq yillar xizmat qilib, el-yurt olqishiga sazovor bo‘lgan insonlardir. Shu sabab uning san’atdagi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz, – deydi Bekzodning onasi Lobar Azimboyeva.
Hozirda qahramonimiz Chilonzor tumanidagi 281-umumta’lim maktabining 6-sinfida o‘qishi bilan birga, 8-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida estrada va vokal yo‘nalishida ta’lim olmoqda. U maktabda barcha fanlardan a’lo baholarga o‘qiydi.
– Hozirgi kunda ustozim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Mahmudovadan aktyorlik mahoratidan saboq olib kelmoqdaman. Meni doimo qo‘llab-quvvatlayotgani uchun ota-onamdan minnatdorman. Kelajakda yetuk san’atkor bo‘lib, ularning ishonchini oqlashga harakat qilaman, – deydi Bekzod Narimonov.
Biz yosh iste’dod egasiga san’at olamida yuksak parvozlar tilaymiz.
Xurshida TOLIPOVA