Bolalar sog‘lomlashtirildi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida 13 nafar bemor bola Germaniya klinikalarida davolanib, yurtimizga qaytib keldi. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ularni ota-onalar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari kutib oldi.
2002 yildan buyon “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti hamkorligida hayotga tatbiq etilayotgan ushbu loyiha doirasida 12 yoshgacha bo‘lgan bemor bola sog‘lomlashtirilib, reabilitatsiya qilindi. Jumladan, o‘tgan vaqt davomida terining kuyish asorati, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari kamchiliklari va boshqa kasalliklar bilan xastalangan 338 nafar bola Germaniyada davolandi.
O‘g‘il-qizlarni kutib olgan shifokorlar, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi mutaxassiclari ota-onalarga kelgusida farzandlar salomatligini nazorat qilish va bolalarni parvarishlash bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berdi.