Samarqanddagi MTMda kutubxona ochildi
Samarqand shahar 107-maktabgacha ta’lim muassasasida yangi zamonaviy kutubxona ochildi. Ushbu kutubxonada mingdan ziyod ertak kitoblari, bolalar, badiiy, huquqiy adabiyotlar joy olgan. Bundan tashqari, ingliz, rus tillarida yozilgan bolalar adabiyotlari ham bor.
Ushbu maktabgacha ta’lim muassasasidagi kutubxonaning asosiy maqsadi har xil uslublardan foydalanib, o‘qishni bilmagan bolalar qalbida kitobga bo‘lgan mehrni o‘yg‘otish va kitobxonlik madaniyatini bog‘cha yoshidan shakllantirishdan iborat.
Samarqand shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan barcha maktabgacha ta’lim muassasalaridagi mavjud kutubxonalarni zamonaviy ko‘rinishga keltirish, kitob fondini boyitish hamda kutubxonasi yo‘q muassasalarda ularni tashkil etish bo‘yicha muayyan rejalar ishlab chiqilgan.