Sog‘lomlashtirish dasturi – amalda
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga ko‘mak berish, nogiron bolalarni sog‘lomlashtirish hamda sog‘lom avlodni tarbiyalash borasida bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
2002 yilda “Sog‘lom avlod uchun” fondi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti birgalikda uch tomonlama hamkorlik bitimi imzolagan edi. Hamkorlik doirasida 2002–2017 yillar davomida 338 nafar o‘zbekistonlik bemor bola terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanishdi. Shuningdek, ushbu xalqaro tashkilotning grant mablag‘i hisobiga 2017 yil davomida respublika bo‘yicha jami 146 nafar tug‘ma lab-tanglay nuqsoni bo‘lgan nogiron bolalarda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.
2018 yil 14 fevral kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida respublikamizning turli hududlaridan 15 nafar bemor bola Germaniya klinikalarida davolanish uchun Germaniyaga jo‘nab ketishdi.