Abituriyentlarga qulaylik

Ayni kunlarda respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalarida abituriyentlarning hujjat topshirish jarayoni davom etmoqda. Navoiy davlat pedagogika institutida ham hujjat topshirish qizg‘in tus olgan.

– Ko‘rib turganingizdek abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish ishlari qizg‘in bormoqda, – deydi qabul komissiyasi raisi Erkin Musayev, – Oliygohimizga jami 1550 ta qabul kvotasi belgilangan 20 ta ta’lim yo‘nalishimiz bor. Bu yil ta’lim maskanimizda yangi bir yo‘nalish – xotin-qizlar sporti yo‘nalishi tashkil qilindi. Bu yo‘nalishga 30 nafar abituriyent qabul qilinadi. Ayni paytda jismoniy tarbiya, boshlang‘ich ta’lim, pedagogika va psixologiya, o‘zbek tili va adabiyoti hamda musiqa yo‘nalishlariga eng ko‘p abituriyentlar ariza topshirishdi. Bugungi kungacha mazkur ta’lim dargohiga 2 mingdan ziyod abituriyent hujjat topshirdi.

Bu yerda bo‘lganimizda abituriyentlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligining guvohi bo‘ldik. Har bir yo‘nalishga doir hujjatlarni qabul qilish uchun yetarli miqdorda mutaxassislar ajratilgan. Shuningdek, abituriyentlar uchun qabul jarayonlarida kerakli bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati keltirilgan hamda oliygohning ta’lim yo‘nalishlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot beruvchi e’lonlar taxtasi o‘rnatilgan. E’lonlar taxtasida hujjatlar qanday tartibda qabul qilinishi, muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, harbiy qo‘mondonlikning tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasasining mos yo‘nalishlarini tanlash bo‘yicha arizalarni to‘ldirishda test sinovlari o‘tkaziladigan predmetlar bloklari ro‘yxati haqida ma’lumotlar ham berilgan.

– Qizim institutning musiqa yo‘nalishiga hujjatini topshirdi, – deydi nurotalik Z.Rahmonova, – Bu yerda abituriyent­lar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini ko‘rib juda xursand bo‘ldim.

Har bir abituriyentga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatish kelgusida ularning yetuk mutaxassis bo‘lishi kafolatidir. Shunday ekan, o‘zi tanlagan sohasi bo‘yicha oliy ta’limda tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga omad tilaymiz.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qabul komissiyasining ish telefonlariga qilinayotgan murojaatlarga to‘liq ma’lumotlar berilib, qoniqarli javoblar qaytarilmoqda.

G. NORBOYEVA,

Navoiy viloyati

Yana o‘qing:  TUG‘RUQXONA YANGI BINODA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: