Yaxshiyam borsiz, yaxshilar!
Yaxshi odamlar bo‘lmaganida ona Yer o‘z o‘qi atrofida aylanib turarmidi? Quyosh sayyoramiz atrofida parvonadek kunu tunni ta’min etarmidi? Dunyo o‘z muvozanatini nimaning ustida qurgan? Odamzot juda qattiq charchaganda, hayot sinovlariga, to‘siqlarlarga duch kelganida yashashga qanday kuch topadi?
…2015 yilda dadam olamdan o‘tdi. Boshimizga tog‘ quladi, o‘shanda. Men va singlim murg‘ak qalbimiz bilan padarimning yo‘qligiga, endi hech qachon bu dunyoda ko‘rishmasligimizga ko‘nikishimiz kerak bo‘ldi. Lekin qanday ko‘nikish mumkin? Qiyin ekan. Shunday og‘ir damlarda yaxshi odamlar yordamga keldi.
Birinchi o‘rinda yaqin qarindoshlar albatta. Lekin rahmatli dadajonimning o‘rtoqlari, bizga amaki qatorida sanaladigan insonlarning mehrli munosabatlari qaddimizni ko‘tardi. Bizga ko‘p mehribonlik qilishdi. Hammalari o‘z ayollari bilan kelib, ko‘nglimizni ko‘tarib, dalda bo‘ldilar, taskin berdilar.
O‘tgan yili tug‘ilgan kunimdan bir kun oldin dadajonim bo‘lsalar tabriklar edi, sovg‘alar o‘z yo‘liga, lekin u kishining yuzini yuzimga bosib erkalab qo‘yishlarini judayam sog‘inib, yig‘lab, uxlab qoldim. Erta tongda eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Oyim eshikni ochsa, dadamning o‘rtoqlari – mehribon insonlar bir dunyo sovg‘alar bilan turishibdi. Biz ko‘z yoshlarimizni tiya olmadik. Bu g‘am aralash quvonch yoshlari edi. Bu mehribon insonlar mana qariyb 3 yildirki, biror bayramda, yaxshi-yomon kunlarda bizni unutishmadi, tashlab qo‘yishmadi. Ming bor rahmat, tashakkur va ta’zim ularga! Ulg‘ayib, yurtimga naf keltiradigan inson bo‘lib, nasib etsa, ularning barcha yaxshiliklariga yaxshilik bilan javob qaytaraman.
“Yaxshi odamlar dunyoda ko‘p emas” deyishsa ishonma, yaxshilar ko‘pligi uchun dunyo turibdi, – deydi buvim. Shunday yaxshi insonlardan yana biri rahmatli dadamning Do‘mbiroboddagi hovlisida yashaganimizda qo‘shnimiz bo‘lgan, oyimning jonajon opalaridan biri Odinaxon xolajonim ham hayotimizda yuksak qadr-qimmatga ega inson. Oddiy o‘zbek ayoli, yuzida oftob kulib turadigan bu ayolni eslasam, ko‘rsam, yaxshilik farishtasi, degan so‘z xayolimdan o‘tadi. Men va singlim xuddiki ularning oila a’zosidekmiz, o‘z farzandiga nimani ravo ko‘rsa, bizga ham shunday mehr ko‘rsatadi. Dunyo qiziq ekan, deydi oyim, mehrni kimdan kutasan-u, kimdan nasib etadi?! Ba’zan yaqin insonlaring arzimas narsalarni deb sendan yuz o‘giradi. Lekin qarindoshlik ma’nosida begona bo‘lsada, qalbi qalbingga tutash insonlar senga hayot yo‘lingni topishingda yordam beradi.
Hayot oilamiz boshiga katta tashvishni solganda, qiyinchiliklar ichida yashayotganimizda yonimizda ko‘p odam qolmadi. Lekin qolganlar orasida ustozim Guljamol opa haqida hammadan ko‘p gapirgim keladi. Chunki bu jonfido inson ham xuddiki yordam qo‘lini cho‘zishni o‘z vazifasidek qabul qilib, bizni ruhan va ma’nan qo‘llab-quvvatlamoqda. Ustozimga gapim ko‘p, lekin ta’rifga so‘z ojiz. Rahmat, rahmat, ming bora rahmat deya olaman, xolos!
To‘g‘ri, dunyo shunday odamlar borligi uchun turibdi. Dadajonimning imonli, insofli va vijdonli do‘stlari kabi odamlar borligi uchun, Odinaxon opa kabi yaxshilik farishtalari, Guljamol opam kabi ezgulik elchilari borligi uchun ham turibdi, dunyo!
Dunyodagi jamiki kitoblar, eng zo‘r asarlar, musiqalar, suratlar, barcha-barchasi aslida yaxshilik va yaxshilar haqida, ularga bag‘ishlangan. Men ham ulg‘ayib, yaxshi ijodkor bo‘la olsam, albatta yaxshi odamlar, ezgulikning qudrati haqida kitoblar yozmoqchiman! Borligingiz qanchalar baxt yaxshilar!
Yaxshiyam borsiz, yaxshilar!
Madina UMRZOQOVA,
poytaxtimizdagi 91-umum ta’lim maktabi o‘quvchisi