Navoiyshunos olimlar – Navoiyda
Jonajon o‘lkamiz sanoatining tog‘-kon, kimyo va boshqa tarmoqlari yuksak rivojlangan Navoiy viloyati ilm-ma’rifat, innovatsion sohalarda ham peshqadam sanaladi.
Turli xalqaro tashkilotlar bilan bu borada olib borilayotgan hamkorlik ishlari, o‘tgan yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining viloyat filiali ish boshlagani buning yorqin isbotidir.
Viloyatda 2017 yildan buyon “Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida har yili ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilgani ham Navoiy dahosini, shoirning dunyo tamadduni rivojiga nechog‘li ulkan hissa qo‘shganligini teran anglashimizda muhim o‘rin tutmoqda.
E’tirof etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoev tomonidan 2016 yil 4 noyabrda Navoiy viloyati aholisi bilan bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvida shoir nomi bilan ataluvchi viloyatda har yili o‘tkaziladigan konferensiyalarga xalqaro tus berish taklifini ilgari surganligi ushbu nufuzli tadbirning tashkil etilishiga asosiy turtki bo‘ldi.
Ilk bor o‘tkazilgan xalqaro anjumanda Vengriya, Ozarbayjon, Qozog‘iston davlatlaridan va respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan navoiyshunos olimlar ishtirok etgan edi. Joriy yilda ikkinchi marotaba o‘tkazilgan tadbirga yanada keng qamrovli tayyorgarlik ishlari ko‘rildi. O‘tkazilgan anjumanga 100 nafarga yaqin navoiyshunoslar va dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlaridan olimlar ishtirok etdi. Xususan, Turkiya, Ozarbayjon, Mongoliya, Qozog‘iston, Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarning nufuzli ilm namoyandalarining ma’ruzalari konferensiya ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi va kuchli taassurot qoldirdi.
Bir so‘z bilan aytganda Hazrat Navoiyning o‘lmas ijodi har bir davrda o‘zining dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmay, nafaqat ilm kishilari, balki keng omma orasida o‘rganib borilarkan, shoirning umuinsoniy tamoyillari hayotda o‘z ifodasini topib boraveradi.
A. NORBOYEVA,
Navoiy shahri