Yoshartiruvchi niqoblar
Ma’danli suv tarkibida teri uchun nihoyatda foydali bo‘lgan komponentlar juda ko‘p. Eng qizig‘i, ma’danli suv aksariyat kosmetik firmalar taklif qilayotgan qimmatbaho termal suvi o‘rnini bosa oladi.
Foydali tomoni esa bir necha tomchi ma’danli suv yordamida terini namlantirib olish mumkin. Gazlangan suvdan foydalanishdan avval uni 30-40 daqiqa davomida og‘zi ochiq holda ushlab turish lozim.
Quyida turli terilar uchun mo‘ljallangan niqoblar retseptini havola etamiz.
Normal teri uchun namlantiruvchi niqob: 5 tomchi limon sharbatini 50 ml ma’danli suv va 1 choy qoshiq suli yormasi bilan aralashtiring. 30 daqiqa tindirib qo‘yganingizdan so‘ng, yuzingiz terisiga surtasiz. Niqob 15 daqiqadan so‘ng sovuqroq ma’danli suv yordamida yuvib tashlanadi.
Quruq teri uchun yumshatuvchi, namlantiruvchi va ajinning oldini oluvchi niqob: 2 choy qoshiq asal 50 ml ma’danli suv bilan aralashtiriladi. So‘ng yuz terisiga surtilib, 10 daqiqadan so‘ng sovuqroq ma’danli suv yordamida yuvib tashlanadi.
Rangi siniqqan yuzlar uchun niqob: yarimta limon sharbati bir stakan ma’danli suv bilan aralashtirib, ichiga 1 choy qoshiq glitserin qo‘shiladi. Hosil bo‘lgan loson yordamida yuz terisini ertalab va kechqurunlari artish lozim. Aralashma muzlatgichda saqlanadi.
Terini yoshartiruvchi niqob: 1 choy qoshiq un, 50 gr xamirturush va 1 choy qoshiq shakar aralashtirilib, ustidan yarim stakan ma’danli suv quyiladi va aralashma 2-3 soatga issiqroq joyga olib qo‘yiladi. Shundan so‘ng niqob yuz terisiga surtilib, 20 daqiqadan so‘ng sovuqroq ma’danli suv yordamida yuvib tashlanadi va yuz terisiga oziqlantiruvchi krem surtiladi. Bu niqobni bir oy davomida 2-3 marta takrorlash mumkin.