Mariyaning muzaffarona qaytishi

Mashhur tennischi Mariya Sharapovaning musobaqalardan uzoq muddatga chetlashtirilishi muxlislarni qancha ranjitgan bo‘lsa, uning 2017 yil 15 oktyabr kuni Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tkazilgan nufuzli musobaqada g‘alaba qozonishi shuncha xursand qildi.

O‘n besh oylik tanaffusdan keyin 2017 yil 26 aprelda katta tennisga qaytgan Mariya Shtutgart, Madrid, Stenford shaharlarida o‘tkazilgan musobaqalarda mahoratini qaytadan tobladi. Ayniqsa, AQSH ochiq chempionatining dastlabki davrasida dunyoning ikkinchi raketkachisi, hozirgi kundagi tennis yulduzi ruminiyalik Simona Xalep ustidan qozongan g‘alabasi muxlislarni hayratga soldi. Nihoyat, tennisdan chetlatilish va jarohatlar og‘riqlarini sobit irodasi bilan yenggan Mariya yakkalik musobaqalaridagi o‘ttiz oltinchi g‘alabasini Xitoyda nishonladi.

Dunyodagi millionlab tennis muxlislari, bu sport turiga umuman aloqasi bo‘lmagan kishilar ham Mariyani yaxshi ko‘radi va uning kortga chiqishini, yana va yana g‘alaba qozonishini chin dildan istaydi. Bunga yorqin dalil:

internet saytlarida Mariyaga oid ma’lumotlar 850 milliondan ortiq marta ko‘rilgan, u haqda qariyb 20 mingta maqola yozilgan.

Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalarida u haqda berilgan maqolalarni barcha sevib o‘qiydi, ko‘rsatuvlarni entikib tomosha qiladi, Mariyaning yutug‘ini ko‘rganda, eshitganda ich-ichidan xursand bo‘ladi.

Unga nisbatan bunday hurmat-e’tibor paydo bo‘lishi uchun sabablar ko‘p. Tennischining eng qadrli fazilatlaridan biri saxovatpeshaligi. U yordamga muhtoj bolalarga yordam ko‘rsatishda davom etmoqda. Har yili Chernobil AES halokatidan jabr ko‘rgan kishilarga kamida 100 ming AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratadi. Uning saxovatpeshaligini Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham e’tirof etib, 2007 yil 14 fevral kuni BMTning Yaxshi niyat elchisi etib tayinladi. Bunga javoban Mariya Belarusning Gomel viloyatida yashab, Chernobil AES halokatidan aziyat chekayotgan oilalarning 12 nafar iqtidorli farzandi universitetda bilim olishi uchun 210 ming AQSH dollari ajratdi (bu ularning Minsk universitetini o‘qib tugatishi uchun sarflaydigan to‘lov-shartnoma miqdoriga teng). Bundan tashqari Beslan fojiasidan jabr ko‘rgan maktab o‘quvchilariga narxi 56 ming dollar bo‘lgan, o‘ziga musobaqadagi g‘alabasi uchun berilgan avtomobilini sovg‘a qildi. Xayrli an’anasini davom ettirib, Chernobl AESdan jabr ko‘rgan bolalarga yordam ko‘rsatish maqsadida tuzilgan jamg‘armaga 100 ming dollar pul ko‘chirdi. Mariya shu jamg‘armaga 2011 yilda 125 ming dollar o‘tkazdi. Hatto, tennis musobaqalaridan chetlatilgan davrda ham og‘ir xastalikka chalingan rossiyalik bolalarning chet elda davolanishi uchun 23 million rubl, Rossiyadagi kortlarni ta’mirlash uchun 500 ming AQSH dollarini tegishli jamg‘armalarga o‘tkazdi.

Yana o‘qing:  Tabiatga imkon bering!

Sohibjamol va mashhur tennischining yana bir fazilati borki, undan barcha qizlar, yoshlar, hammamiz o‘rnak olsak bo‘ladi. Bundan o‘n yil ilgari bo‘sh vaqtingizda (ya’ni mashg‘ulotlar oralig‘ida, samolyotda musobaqalarga ketayotgan paytida) nima bilan shug‘ullanasiz, degan savolga bergan javobi barchani hayron qoldirgandi. “Litseydagi darslarimni tayyorlayapman. Hozir ayniqsa, iqtisod va kimyo bo‘yicha ko‘proq shug‘ullanayapman”, – deb javob qaytargandi Mariya. O‘sha kezlarda ham u millioner qiz edi va biron reklama kompaniyasi taklifiga rozi bo‘lsa, yana millionlab dollar ishlab olardi. Lekin u o‘qib-o‘rganishni, tennisda qiynalib bo‘lsa-da, muvaffaqiyatlarini davom ettirishni afzal biladi. Ahamiyatlisi, o‘n besh oylik tanaffus paytida ham Mariya vaqtini bekor o‘tkazmadi. O‘ttiz yoshida AQSHdagi Garvard biznes maktabining menejmentlik kursida o‘qidi va London reklama agentligida amaliyot o‘tadi.

Holbuki, Mariyaning kasbi bor, o‘z ishining ustasi, buning ustiga badavlat. Musobaqalarda ishlab topgan mukofot pulining o‘zi 36 million 484 ming 486 AQSH dollarini tashkil etadi. Bundan tashqari ko‘plab kompaniyalarning mahsulotlarini namoyish etgani uchun shartnoma asosida katta mablag‘ oladi. Albatta, Mariyaning eng muhim fazilati dunyoning mohir tennischilaridan biri ekanligidir. U kortga tushishi bilan kurashchan sportchi qiyofasiga kiradi. Kortda tez va g‘ayrat bilan harakatlanadi. O‘zi tomonga oshirilgan qiyin zarbalarni qaytaradi, har bir o‘yin lahzasida oxirigacha kurash olib boradi. O‘yin tizginini o‘zida ushlab turadi, to‘pga kuchli zarbalar berib, raqibiga hech bir imkoniyat qoldirmay ochko oladi. Uchrashuvda g‘alaba qozongach, tomoshabinlarga qarab yoqimli tabassum ulashadi.

Mariya Sharapova ham bunday hurmat-e’tiborga osonlikcha erishgani yo‘q. U ham uzoq mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tdi. Endigina turmush qurgan Yuriy va Yelena Gomel shahrida yashashardi. 1986 yil 26 aprel kuni Chernobil AESida halokat yuz berdi, radiatsiya nuri yon-atrofga tarqaldi. Yuriy va Yelena bo‘lajak farzandini radiatsiya nuri zararidan asrash maqsadida G‘arbiy Sibirdagi Nyagan shahriga ko‘chishdi va shu shaharda Mariya dunyoga keldi. Oila bu shaharda uzoq qolmadi. Otasi Yuriy tennisga juda qiziqqani uchun Sochi shahriga ko‘chishdi. Mariya kichik yoshidan otasi bilan tennis mashg‘ulotlariga qatnay boshladi. Uning bolaligida birinchi murabbiyi bo‘lgan Yuriy Yudkin Mariya haqida shunday degandi: “U meni mashg‘ulotlarda hayratga solardi. To‘rt yarim yoshda bo‘lishiga qaramay mustaqil fikrlay olardi. Nimani o‘rgatmay, darrov ilg‘ardi. Hozir ayrimlar tasavvuriga sig‘dira olmaydigan zarbalarni amalga oshirardi. Yetti yoshida to‘pni mahorat bilan aylantirib uzatardi. Har qanday raqibdan hayiqmay g‘alabaga intilardi. Mashg‘ulotlarda bor kuchini sarflab shug‘ullanardi, lekin hech qachon charchadim deganini eshitmaganman”. Tirishqoq qizcha otasining do‘sti Yevgeniy Kafelnikov tomonidan rag‘batlantirildi. Mashhur tennischi o‘z raketkasini Mariyaga sovg‘a qildi. Bu uning kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shdi, tennisga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.

Yana o‘qing:  Mehr – munosib hadya

Tennis afsonalaridan biri Martina Navratilova Moskvadagi xalqaro musobaqaga kelganda Rossiyaning iqtidorli yoshlariga “Mahorat darslari” o‘tkazdi. Ular orasida 7 yoshga to‘lgan Mariya ham bor edi. Mohir tennischi qizaloqning favqulodda iste’dodli ekanini angladi va Mariyaning otasiga uni AQSHning Florida shtatida joylashgan Nik Bolletyern tennis akademiyasiga olib borishini tayinladi. Yuriy Sharapov qizining kelajagini o‘ylab, Mariya bilan Amerikaga yo‘l oldi.

2005 yil Mariya uchun muvaffaqiyat keltirdi. Avstraliya ochiq chempionati yarim finaliga chiqdi. Shundan keyin ketma-ket nufuzli musobaqalarda g‘alaba qozondi va 11 aprelda jahonning ikkinchi raketkachisiga aylandi.

Keyingi musobaqalarda yaxshi qatnashgan Mariya reyting ochkolarini oshirib bordi va 22 avgustda jahonning birinchi raketkachisi bo‘ldi.

 

– Nihoyat, jahon reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarildim. Bu men uchun oliy baxt, orzuim ushaldi, – dedi xursandchilik bilan Mariya bu xushxabarni eshitgan hamon. Bu o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida yurtidan uzoqda – Amerikada yashab oliy maqsad sari og‘ishmay intilgan qat’iyatli qizning dil so‘zlaridir. Shu o‘rinda jahon tennis yulduzi Jon Makinroyning Mariya haqidagi fikrini eslashimiz joiz: Kortda yuz berayotgan narsalarga hech ishongim kelmaydi. Sharapova – mo‘jiza.

 

Aytish mumkinki, 2012 yil Mariya uchun xayrli boshlandi. U Avstraliya ochiq chempionati, Indian-Uells va Mayami xalqaro turnirlari finalida o‘ynadi. U Shtutgartda bo‘lgan musobaqa finalida jahonning birinchi raketkachisi bo‘lgan Viktoriya Azarenkoni mag‘lubiyatga uchratdi.

Ha, Mariya Sharapova atalmish tennis yulduzi 25 yoshga to‘lganini WTAning 25 bosh sovrinini qo‘lga kiritish bilan nishonladi. Rimda esa finalda Li Nani mag‘lubiyatga uchratdi va 26 bosh sovrin bilan taqdirlandi.

Orzular shahri bo‘lgan Parijda Mariyaning birdaniga ikkita orzusi ushaldi: “Rolan Garros” musobaqasining yarim finaliga chiqqan zahoti yana jahonning birinchi raketkasi deya e’tirof etildi. Finalda italiyalik Sara Erranini mag‘lubiyatga uchratgach, “Ulkan toj” turkumidagi to‘rtta musobaqani yutgan dunyodagi oltinchi ayol tennischisi sifatida tarix sahifasidan joy oldi. London olimpiadasi ochilish marosimida bayroqdor sifatida Rossiya terma jamoasini maydonga boshlab tushdi. Musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, olimpiadaning kumush medalini qo‘lga kiritdi.

2013 yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan musobaqalarda Mariya muvaffaqiyatli qatnashdi. Avstraliya ochiq chempionati yarim finalida, “Rolan Garros” finalida o‘ynadi. Shtutgart va Indian-Uells musobaqalarida zafar quchdi. Jarohati tufayli yilning ikkinchi yarmidagi musobaqalarda qatnashmadi. 2014 yilning aprel oyiga kelibgina salomatligi tiklandi.

Yana o‘qing:  SALOMATLIK SAFARI

Hozirgi kunda Mariya bo‘lg‘usi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rayapti. Ishonchim komil, Mariya atalmish metin irodali tennis yulduzi hali jahonning nufuzli musobaqalariga fayz bag‘ishlab, yoqimli hayqirib yana mo‘jizalar yaratadi va muxlislariga quvonch bag‘ishlaydi. Kort ortidagi hayotida esa saxovati bilan hali ko‘p yillar olam ahlini hayratga soladi.

 

Asror MO‘MIN,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: