Oilaviy korxonada hammaning o‘z vazifasi bor

Qarshi shahridagi “Gramm group textile” oilaviy korxonasi o‘z faoliyatini 2016 yilda boshlagan.

Avvaliga faqat maxsus ish kiyimlari tikishga e’tibor qaratgan ushbu tadbirkorlik sub’yekti keyinchalik mahsulot turini ko‘paytirib bordi. O‘tgan davrda korxona mahalliy bozorda o‘z o‘rnini topib ulgurdi.

Bunga sabab bo‘lgan bir qator omillar bor. Birinchidan, korxona a’zolari oilaviy tadbirkor degan nomga har tomonlama munosib. Chunki bu yerda oilaning har bir vakiliga alohida vazifa yuklatilgan.

Misol uchun, xonadon sohibasi Malohat Aminova ham tashkiliy, ham hisob-kitob ishlari bilan shug‘ullanadi. Qizi Madina Jo‘rayeva esa tikuvchilik sexini yuritadi hamda bichuv ishiga mas’ul. O‘g‘li, ayni vaqtda oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgan Azamat Jo‘rayev kiyimlarga turli yozuv, rasm va logotip bosishni bajaradi. Muayyan vazifalarga ixtisoslashuvning mavjudligi korxona yutuqlarini oshirib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotning xaridorgir bo‘lishiga xizmat qilayapti.

– Faoliyatimizni tashkil etishda o‘z mablag‘imiz va tijorat banki kreditidan foydalanganmiz, – deydi yosh ishbilarmon Madina Jo‘rayeva. – Asosiysi, sarmoyani to‘g‘ri yo‘naltira oldik. 30 donaga yaqin tikuv mashinasi sotib olganmiz. Mavjud binoni tikuvchilik sexiga moslashtirdik va zarur tartibda jihozladik. Hozirgi kunda 5 nafar tikuvchi xotin-qiz bilan ish olib borayapmiz. Asosan buyurtma asosida ishlaymiz. Maxsus kiyimlar, maktab o‘quvchilari formalari, erkaklar va ayollar liboslari ishlab chiqarmoqdamiz. Shuningdek, bolalar kiyim-kechaklarini tikishni ham o‘zlashtirdik. Ustoz-shogird an’anasi asosida esa mahallamiz yoshlariga chevarlik sirlarini o‘rgatayapmiz. Kelgusida ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish niyatidamiz.

Oilaviy korxona sohiblarining ta’kidlashicha, hozirda yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Jumladan, yaqin istiqbolda keng miqyosda jinsi shimlar ishlab chiqarishni tashkil etish mo‘ljallangan. Yana bir yangi mahsulot – maxsus cho‘milish kiyimlari tikishni o‘zlashtirish maqsad qilingan. Allaqachon mahsulotlar namunalarini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, xaridorlarga qulay bo‘lishi uchun savdo do‘koni barpo etish ham ushbu oilaviy tadbirkorlarning rejasida yo‘q emas.

 

Mirzohid JO‘RAYEV

Yana o‘qing:  Xametovlar triosi oltin medalni qo‘lga kiritdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: